BBC navigation

Amnesty International jurnalist Sergey Naumovning qiynoqqa tutilishidan xavotirda

Сўнгги янгиланиш 24 сентябр 2013 - 14:23 GMT

Jurnalist Sergey Naumov Xorazmda paxta mavsumining borishi to‘g‘risida o‘rganayotgan bo‘lgan

Amnesty International inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti O‘zbekistonda hibsga olingan mustaqil jurnalist Sergey Naumovning taqdiridan xavotirlanib, murojaat qilgan.

Huquq faollari va jurnalistning hamkasblari Sergey Naumovning ovozini o‘chirish uchun O‘zbek hukumati turli qiynoq usullarini qo‘llashi mumkinligidan xavotirlanmoqda, deyiladi xalqaro tashkilot murojaatida.

50 yoshli mustaqil jurnalist Sergey Naumov 21 sentyabr kuni Urgenchdagi uyidan militsiya xodimlari tomonidan olib ketilgan.

Jurnalistning o‘zi bu haqda kechki soat yettilarda telefon orqali xabar berishga ulguradi.

Biroq o‘shandan buyon uning qayerdaligi haqida hech qanday ma‘lumot yo‘q.

Naumovning qayerdaligi haqida bilishga uringan huquq faollari va do‘stlari hech bir natijaga erisholmaganlar.

Sergey Naumov O‘zbekistonda inson huquqlari vaziyatini o‘rganib, imkon darajasida xalqaro tashkilotlar va axborot vositalari, O‘zbekiston ichkarisi va tashqarisidagi huquq faollari bilan hamkorlik qilib kelgan.

Uning hamkasblari va do‘stlari hukumat Xorazmda paxta mavsumi qanday ketayotganini o‘rganayotgan Sergey Naumovning faoliyatiga xalaqit berish uchun uni soxta ayblovlar bilan ushlab turilgan bo‘lishini aytishmoqda.

Sergey Naumov bundan oldin ham paxta dalalaridagi sharoit haqida tanqidiy maqolalar e‘lon qilgani sababli hukumat tomonidan bosimlarga uchragan.

Ayni paytda Sergey Naumovning qayerda ushlab turilgani noma‘lum qolayotganligi va uning bu vaqt ichida soxta ayblovlar uchun ko‘rsatma berishga majburlangani haqida xavotirlar bildirilmoqda.

Inson huquqlarini himoya qilish xalqaro Amnesty International tashkiloti O‘zbekiston hukumatini Sergey Naumov taqdiri haqida ma‘lum qilish va uni zudlik bilan ozod etishga chaqirgan.

Bundan oldin qarorgohi Frantsiyada joylashgan "Markaziy Osiyoda inson huquqlari" birlashmasi ham xalqaro jamoatchilikka murojaat bilan chiqqan.

"Sergey Naumovning g‘oyib bo‘lishi xavotirni uyg‘otadi, chunki unga O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari bir necha marta tahdid qilganlar", deb aytilgandi murojaatda.

Изоҳлар

 posting

Биринчи бўлиб изоҳ қолдиринг

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.