BBC navigation

O‘zbekistonda ikkinchisiga paxta yetishtirish sinovdan o‘tkazilmoqda

Сўнгги янгиланиш 5 сентябр 2013 - 14:04 GMT

5 sentyabr kuni Farg‘onada tushirilgan mana bu suratda ikkinchisiga ekilgan paxta ko‘chatining gullagani aks etgan

BBCga ma‘lum bo‘lishicha, Farg‘ona vodiysida bug‘doydan bo‘shagan bir necha o‘nlab gektar yerga shu yilning iyun oyida chigit qadalgan.

Hozirda ikkinchisiga ekilgan g‘o‘zaning bo‘yi 30-40 santimetrga yetgan.

Ammo mutaxassislar bu kabi tajriba muvaffaqiyatsiz bo‘lishini aytishmoqda.

Paxta O‘zbekistonning asosiy eksport mahsuloti bo‘lib, davlat tomonidan tashkillashtiriladigan ommaviy safarbarlik asosida yig‘ib olinadi.

O‘zbekiston paxta dalalarida bolalarning majburiy mehnati tufayli xalqaro tanqidlar ostida qolgan.

Qishloq xo‘jalik vazirligi BBCga ikkinchisiga paxta yetishtirish dasturi borligini rad etdi.

"Fermerlar tashabbusi"

BBC bilan suhbatda Farg‘ona vodiysidagi bir qator fermerlar vodiyda, xususan, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida shu yilning iyunida bug‘doydan bo‘shagan yerlarga chigit qadalganini tasdiqlashdi.

Hozirda yangi unib chiqqan g‘o‘zaning bo‘yi, farg‘onalik bir fermerning aytishicha, "tizza barobari" bo‘lib qolgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ikkinchisiga paxta ekish tashabbusi Fermerlar Uyushmasidan chiqqan.

Ikkinchisiga paxta yetishtirilayotganini farg‘onalik taniqli jurnalist Muhammadjon Obidov ham tasdiqlaydi.

Uning aytishicha, hozir ko‘chatlar unib chiqqan va ularning orasida bitta -yarimta gullaganlari ham bor.

Birinchisiga ekilgan paxta allaqachon ochilgan va terim boshlanish arafasida

Ammo jurnalistga ko‘ra, ikkinchisiga paxta ekilgan maydonlar Farg‘ona viloyatida 100 gektardan oshmaydi va paxta rejasiga ta‘sir qiladigan ko‘lamda emas.

Muhammadjon Obidov ikkinchisiga paxta ekishni sinovdan o‘tkazish tashabbusi fermerlarga tegishli ekanini aytadi.

"Ob-havo issiq kelgani uchun ba‘zi yosh fermerlar ikkinchisiga ekishni sinab ko‘rishayapti. Ammo majburan ikki marta ekasan, degan gap yo‘q", - deydi tajribali jurnalist.

Rishtonlik faol Bahodir Eliboyev bu kabi tashabbus fermerlardan chiqishiga shubha qiladi.

Uning aytishicha, paxta hosili fermerga qo‘shimcha daromad keltirmaydi.

"Bunday tashabbus fermerdan chiqishi mumkin emas. Chunki fermer paxtani davlatga topshiradi. Undan qo‘shimcha daromad ko‘rmaydi. Paxtaning o‘rniga sabzi, kartoshka singari mahsulotlarni eksa, yaxshiroq foyda ko‘radi. Ishchilarining haqqini ham shu yo‘l bilan qoplaydi", - deydi Bahodir Eliboyev.

Xorazmlik qishloq xo‘jaligi bo‘yicha jurnalist Ollovargan Rajabov bu kabi tashabbusni kulgili, deb atadi.

Uning aytishicha, Xorazmda bunday tajriba o‘tkazilmayapti, o‘tkazilgani taqdirda ham samarasiz bo‘lishi aniq.

"Xorazm jahon paxtachiligining eng shimoliy mintaqasi. Bu yerda paxta o‘zi bir marta zo‘rg‘a yetishadi. Farg‘onada ham ikkinchisiga hosil olib bo‘lishiga men ishonmayman. Buni faqat paxtadan umuman bexabar odam aytishi mumkin", - deydi xorazmlik jurnalist.

Raddiya

Rasmiylar bu kabi tajriba o‘tkazilayotganini qat‘iyan rad etishayapti.

Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati rahbari Muhammadjon Ibrohimovning BBCga aytishicha, vazirlik hech qaysi viloyatga ikkinchisiga ekish uchun urug‘ ham, texnika ham ajratmagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ikkinchisiga paxta yetishtirish uchun paxtaning juda ham tez, 30-40 kunda pishadigan navlari kerak bo‘ladi, ammo bunday navlar yo‘q.

"Noyabr oyida yetishadigan, 4-5 sort paxtaning hech kimga keragi yo‘q", - deb aytdi mulozim.

Ammo uning aytishicha, mamlakatda ikkinchisiga pilla yetishtirish dasturi bor va u hozirda Buxoro viloyatida sinovdan o‘tkazilmoqda.

Antiqa usul

Hozirda olib borilayotgan paxtani ikkinchisiga ekish birinchi tajriba emas.

2009 yilda Farg‘ona viloyatida antiqa usul sinovdan o‘tkazilgan.

O‘shanda maktab o‘quvchilariga qog‘oz "voronka"lar yasab kelish buyurilgan.

Keyinroq "voronka"larda yetishtirilgan g‘o‘za ko‘chatlari bug‘doydan bo‘shagan maydonlarga ko‘chirib ekilgan.

Paxta rejasining bajarilmay qolishidan qo‘rqqan mahalliy hokimiyat paxta yetishtirishning shu kabi antiqa usulini o‘ylab topgani aytiladi.

Ayrim ma‘lumotlarga ko‘ra, bu kabi tajriba markazlashtirilgan holda amalga oshirilgan, lekin o‘zini oqlamagan.

Mutaxassislarga ko‘ra, o‘tgan asrning 50-yillaridan O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi va sanoatida yetakchilik qilib kelgan paxta unumdor yerlarning katta qismini yaroqsiz holga keltirgan va atrof-muhitga salbiy ta‘sir ko‘rsatgan.

Olmoniyalik tadqiqotchi Kristofer Martiusning aytishicha, O‘zbekiston paxta maydonlarini keskin qisqartirishi va yerdan foydalanish yo‘llarini rang-baranglashtirishi lozim.

"Bu mamlakat uchun yangi imkoniyatlarni ochadi", - deydi doktor Martius.

Изоҳлар

 posting

Биринчи бўлиб изоҳ қолдиринг

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.