Sobiq o‘zbek vaziri g‘alla mustaqilligi, poraxo‘rlik va "sery kardinal" haqida

  • 5 Sentyabr 2013
Olim Atayev xorijda boshpana olgan oz sonli yuqori o‘zbek mulozimlaridan biridir

O‘zbekiston sobiq vaziri Olim Atayev bbcuzbek.com o‘quvchilari va tinglovchilarimizning savollariga javob berdi.

Frantsiyada siyosiy boshpana olgan Olim Atayev 1948 yilda Xorazm viloyatining Xiva shahrida o‘qituvchi oilasida dunyoga keldi.

Sakkiz farzandning to‘ng‘ichi bo‘lgan 16 yoshida Toshkentga keladi va Oziq-ovqat va Sanoat Vazirligi qoshida novvoy va qandolatchilar maktabining bir yillik kursini tamomlaydi.

Ilm olish barobarida Toshkentdagi non chiqarish korxonalarida ishlaydi.

So‘ngra Toshkent don-mahsulotlari texnikumini imtiyozli diplom bilan bitiradi.

Moskvadagi Oziq-ovqat instituti iqtisodchi muhandislik bo‘limini tugatadi.

36 yillik mehnat faoliyati davomida Olim Atayev oddiy ishchilikdan vazir lavozimigacha ko‘tarilgan.

Bu davr ichida non va qandolatchilik sohasida 100 dan ortiq kashfiyotlar qilgan.

BMT qoshidagi Xalqaro Informatika Akademiyasining akademigi faxriy ilmiy darajasiga ega.

Olim Atayev 90 yillar boshida boshlatilgan "g‘alla mustaqilligi" siyosatini amalga oshirishda yetakchilik qilgan shaxslardan biri sifatida ko‘riladi.

U rahbarlik qilgan "O‘zdonmahsulot" Davlat Aktsionerlik Korporatsiyasining 90 yillarda O‘zbekiston bo‘ylab yuzlab non ishlab chiqarish korxonalarini barpo etgan.

O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari tomonidan hibsga olinishi mumkinligi ma‘lum bo‘lgach Olim Atayev 200 yil martida O‘zbekistondan chiqib ketgan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi janob Atayev, uning qizi Nadejda va o‘g‘li Qahramonni 2000 yilda yirik miqdorda davlat mulkini o‘marishda ayblab, qidiruvga bergan.

O‘zbek rasimylari bir necha bor Frantsiya hukumatidan ularni O‘zbekistonga topshirishni so‘raganlar.

To‘rt yil muqaddam Frantsiya hukumati bu oilaga nisbatan ta‘qiblarni "noqonuniy" deb topib, Atayevlarni O‘zbekistonga topshirishdan qat‘iyan bosh tortgan.

Olim Atayev oilasi bilan 11 yildan buyon Frantsiyada siyosiy muhojir istiqomat qiladi.

Iyul oyida Toshkent shahar mahkamasi Olim Atayevni yirik miqdorda davlat mulkini o‘g‘irlashda ayblab, sirtdan 9 yilga ozodlikdan mahrum etdi.

Uning jinoiy sheriklari sifatida qizi Nadejda va o‘g‘li Qahramon Atayevga sirtdan 7 yillik qamoq jazosi tayinlandi.

Olim Atayev unga chiqarilgan hukm siyosiy vajlarga asoslanganini aytadi.

Ayni damda O‘zbekistonda Atayevlar ishi berkitilgan.

Ammo sobiq vazir va uning farzandlari O‘zbekistonda ularga nisbatan chiqarilgan hukm "uydirmalar"ga asoslanganini da‘vo qilib, "kelgusi kunlarda" Interpolga murojaat qilish niyatida ekanini ma‘lum qildi.

Mirkomil Vahhobov: O‘zbekiston g‘alla mustaqilligiga erishganini e‘lon qildi. Mamlakatimiz o‘z aholisini bug‘doy bilan to‘laligicha ta‘minlayapti, deb ayta olasizmi?

Olim Atayev: Bugungi kunda men O‘zbekiston don va don mahsulotlari bilan to‘liq ta‘minlayotir deb ayta olmayman. Chunki, O‘zbekistonda yetishtirilayotgan donni o‘zini non ishlab chiqarish sohasi va un qilib aholiga tarqatish mutlaqo mumkin emas. Standard bo‘yicha ham, sifat darajasi bo‘yicha ham bu donni iste‘mol qilib bo‘lmaydi. Birinchidan, O‘zbekistonning 70-80 yildan buyon paxta yetishtiriluvchi yerida hech qanday kuchi qolmagan. Yerning o‘zida yetarli darajada modda yo‘q. O‘simlik o‘ziga so‘rib olib, donga o‘tkazadigan mineral va oqsil hisoblanuvchi kleykovina yetarli darajada donda yo‘q. Bu bug‘doyni faqat kraxmal sifatida va spirt ishlab chiqarish uchun ishlatish mumkin. Bu bug‘doyning 70-80 foizini ishlatib, kombikorm qilsak ham, hayvonlarga berib bo‘lmaydi. Agar boshqa donlarga 10 foiz qilib ishlatsa, mumkin. Chunki, zaharlangan yerda yetishtirilgan don molga berilsa, undan go‘shti va sutiga o‘tadi. Ayni mahsulotlarning yoshlarga va o‘sayotgan bolalarga juda ham salbiy ta‘siri bo‘ladi. Mahsulotlar inson organizmida to‘planib-to‘planib, transformatsiya bo‘lib, kelajak avlodga katta zarar keltirishi mumkin. O‘zbekistonda yetishtirilayotgan, yig‘ib olinayotgan donni Qozog‘istonning bug‘doyiga 5-10 foiz atrofida qo‘shib ishlatib mumkin, xolos.

BBC: Lekin O‘zbekiston hukumati bu yil rekord miqdorda – 7 million tonnadan ko‘proq g‘alla yetishtirilganini e‘lon qildi-ku...

Olim Atayev: Bu asossiz. Hech qanaqasiga O‘zbekistonning bugun g‘alla yetishtirish uchun ajratilgan sho‘r zaminida 7 million tonna yoki 8 million tonnaga yaqin sifatli g‘alla yetishtirish mumkin emas. Buning hammasi "pripiska" ("qo‘shib yozish"). Maksimum 3.2-3.3 million tonna atrofida bo‘lishi mumkin.

Rahmat Komiljon, Qo‘qon: Olim Atayevga savolim: O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida ahvolni yaxshilash uchun nima qilish kerak?

Olim Atayev: Ahvolni yaxshilash uchun yerga ishlov berish kerak. Butun jahonda yer boqadi. O‘zbekistonning yeri ham boqadi. Yer boqishi uchun boshda yerni boqish kerak. Yerni boqish uchun gumuz texnologiyasi, biotexnologiyalarni ishga solish kerak. Fermalarda yaxshi saqlangan chiqindilarni ishlatish mumkin. Organik tizimga o‘tilsa... Masalan, yerni obod qiladigan Kaliforniya qurtlari bor. O‘zbekiston sharoitida hozir har bir oilaga.... Mana shu chiqindilarni ishlatib, mana shuni ko‘paytirib, ularni qo‘llashni bir joyda boshlanglar, sinovdan keyin bu tizimni hamma joyda qo‘llash mumkin, deb fermerlarga imkoniyat yaratib berib, 7-8 yil davomida yerni yaxshilab tozalab olinsa, o‘sha yer birinchi yili, ikkinchi yili, uchinchi yili ilgargisidan balki 10-15 foiz kamroq hosil berishi mumkin, lekin keyingi yillarda daromadi 40-50 foizgacha o‘sadi. Yer sog‘lom bo‘lsa, xalq sog‘lom bo‘ladi. Xalq sog‘lom bo‘lsa, kelajak avlod sog‘lom bo‘ladi. Mana shuni hech kim, hech qachon unutmasligi kerak. Mana hozir Qoraqalpog‘iston, Xorazmning xalqi sog‘ligi qanaqangi darajada?! Kasal bo‘lmagan insonning o‘zi bo‘lmasa kerak?! Lekin buni statistik ma‘lumotlar bilan tasdiqlashmayapti. Chunki, mavjud statistik raqamlarning hammasi, donga o‘xshab, to‘g‘ri emas.

Sharafiddin, Chegara: Salom Oli maka! Siz O‘zbekistonda vazir bo‘lgan bo‘lsangiz aytingchi, vazirlar ichida qay birlari halol va haqiqiy vatanparvar insonlar? O‘zi vazirlar ichida halqparvari kim?

Olim Atayev: Endi har bir vazirga baho berishda menda imkon yo‘q. Lekin, toza-pok bo‘lgan ayrim insonlarni men bilaman. Lekin ularning soni ko‘pam katta emas.

Alixon, Andijon: Assalomu alaykum. Olim aka, o‘sha davrlarda amal kursisini egallash maqsadida kimlarga poralar berib, kimlardan pora olgansiz?

Olim Atayev: Men 36 yillik mehnat faoliyatim davomida 26 yil birinchi rahbar bo‘lib ishlaganman. Katta-kichik korxonalar, birlashmalar korparatsiyalarda ishlaganman. Menda hech qachon amal kursisi uchun intilishim yo‘q edi. Shu tepaga ko‘tarilsam, rahbarlik lavozimini egallasam degan o‘y menda bo‘lmagan. Mening Toshkentga kelishimga sababchi bo‘lgan O‘zbekiston Markaziy Qo‘mitasi kotibi Vladimir Anishchev bo‘ladi. U inson men bilan bir necha marta suhbat qilib, ikki uch oy ichida maslahatlashgan. So‘ng Chilonzor raykomining kotibi bir necha marta suhbatlashib, iltimos qilishib, bir necha oyning ichida olib kelishgan. O‘sha paytlarda Toshkentga nonni Chirchiqdan, Angrendan, Gulistondan olib kelishardi. Toshkentning o‘zida non ishlab chiqarish korxonalari yetarli bo‘lmagani uchun meni iltimos qilib, o‘sha paytlarda kommunist partiya a‘zosi bo‘lganim uchun majburlab... Viloyat kommunist partiyasi kotiblari harakat qilib Toshkentga jo‘natishgan. Shu paytda men o‘rtoq Anishchevning iltimosiga ko‘nishga majbur bo‘ldim. Hech kimdan men hech qachon biron pora olmaganman. Chetdan kelganim uchun, bu tizimdagi vazirlar ichida men begona hisoblanar edim. Men o‘z mehnatim bilan sohani tiklash uchungina keltirilganman. Buni ko‘pchilik biladi.

Rustam Nasimiy, Tokio: O‘zbekiston siyosatida "Sery kardinal" toifasidagi insonlar bormi?

Olim Atayev: Bu masala bo‘yicha… Mening xabarim bo‘yicha, Ismoil Jo‘rabekovga 10-15 yil davomida mana shunaqa nom berilgan. Men shundan xabarim bor… U kishi keyingi paytlarda Islom Abdug‘aniyevich Karimovning maslahatchisi bo‘lib ishlaganlar.

Ahmad Hoji Xorazmiy, Stokport shahri, Buyuk Britaniya: Assalomu alaykum muhtaram Olim aka.Sizning non (g‘alla) mustaq illigi uchun qilgan katta xizmatlaringizni bilamiz. Savolim shuki, Ismoil Jo‘rabekov bilan oralaringizda nima o‘tgan? U davrlarda Jo‘rabekovning iznisiz sizga o‘xshash odamlar qatag‘onga uchramagan. Balki, siz va bizga mo‘ysafed yoshda "Xizmatga-to‘hmat" qismat qilingandir?

Olim Atayev: Ismoil Jo‘rabekov bizga 10-15 yil rahbar bo‘lganlar. Keyingi paytlardagi qiyinchiliklar, har tomonlama siqish, har tomonlama bizning oilamizga tosh otish bo‘lgan paytlarda men shu insonga 15 yil ichida bir marta murojaat qilgan edim. "Hoy Ismoil Hakimovich, bu nimadan o‘zi, men nima gunoh qilayapman?!" deganimda, u inson mening iltimosimga hech qanday reaktsiya qilganlari yo‘q. Hech qanday tomondan menga yordamlari tekkani yo‘q. Men shu 36 yil ichida faqat bir marta shu insonga iltimos bilan murojaat qilganman, o‘shandayam iltimosim javobsiz qolib ketgan.

Olimbek, AQSh: 1998 yili Ovro‘pa davlatlarining biridan kata miqdorda bug‘doy sotib olinib, pulini to‘lamay ketishganligidan xabarim bor. Vazirlar Mahkamasining ham garantiya xati bo‘lgan deyishadi. Bu bug‘doy Qozog‘istondan "Odil" kompaniyasidan keldi, deb rasmiylashtirilgan ekan. Bunaqa o‘yin kimga kerak edi? Ovro‘padan bug‘doy keltirish kimga kerak bo‘lib qoldi? Hozir o‘sha bug‘doyning puli bir necha yuz million bo‘lib, O‘zbekistonning qarzi sifatida turibdi. Bu qarzni kim to‘laydi?

Olim Atayev: Albatta. Rahmat savol uchun. Buni mening bu lavozimga ("O‘zdonmahsulot" DAK rahbarligi) kelishimdan bir uch-to‘rt yillar oldin bo‘lib o‘tgan operatsiya desam ham bo‘ladi. Bu masalada menga bir chet el fuqarosi murojaat qilib, shikoyat qilib kelgan edi. "Meni mana shunaqa aldashdi. O‘n million dollar atrofida men mablag‘ yo‘qotdim", – degan inson menga murojaat qildi. Men esa bu hujjatlarni ko‘tarib, u insonga yordam berish uchun hamma taaluqli hujjatlarni topib, ularning hammasini u insonga ko‘rsatdim. U inson bizning korporatsiyamiz undan hech qanday qarzi yo‘qligini ko‘rganidan keyin, boshqa tomondan o‘tgan hatoni topish uchun, sudlashish uchun chiqib ketdi. "O‘zdonmahsulot" bu mablag‘ni so‘m orqali "perechisleniye" qilib, hozir esimda yo‘q qandaydir tashkilotga mablag‘ni o‘tkazgan. Lekin o‘tkazilgan joydan so‘m konvertatsiya bo‘lib, qancha mablag‘ kimga va qanday o‘tgani menga aniq emas. Chunki men shu masalani ko‘tarib, Ismoil Hakimovich Jo‘rabekov idorasiga olib bormoqchi bo‘ldim, lekin ayrim insonlar aytdiki: "Bu ish siz kelishingizdan oldin bo‘lib o‘tgan, mablag‘ to‘langanidan sizning xabaringiz bo‘lgan ekan, shu hujjat asosida siz bu masalaga aralashmang", – deganlaricha bu ish shundayligicha qolib ketdi.