O‘zbekiston paxta dalalarida texnika qolganmi?

  • 5 Sentyabr 2013

Hademay o‘zbek dalalarida paxta terish mavsumi boshlanadi.

Bu yil ham paxtanining asosiy qismi shaharlardagi tashkilotlardan kelgan yordamchilarning qo‘l mehnati evaziga terib olinishi kutilmoqda.

Eng og‘ir mehnatlardan bo‘lgan paxta yetishtirish va uni yig‘ib olish uchun sobiq Ittifoq davrida mashina va traktorlardan samarali foydalanishga harakat qilingan .

Toshkentda maxsus paxta teruvchi mashinasi ishlab chiqaruvchi zavod qurilgan. Uning muqobili faqat AQShda bo‘lgani aytiladi.

Ammo, bugunga kelib, "Tashselmash" butunlay yiqitilib, o‘rni gulzorga aylantirildi.

Dalalarda esa, paxta teruvchi mashinalar deyarli ko‘rinmay qoldi.

Ismi o‘zgartirilgan Omon aka 70-yillarning oxirida Jizzax viloyati cho‘l hududidagi sovxozlarning birida mexanizatorlik qilgan, ya‘ni mashina bilan paxta tergan.

"Sovxozda 2 ming gektar paxta maydoni bo‘lardi. 70-80 ta paxta terish mashinasi bo‘lardi. Bir mavsumda bitta mashinaga 150-180 tonna reja qo‘yilardi. Planlarni bajarishga harakat qilib paxta terganmiz. Ikki kishi smenada almashib paxta terardik", - deydi Omon aka.

Omon akaning aytishicha, o‘sha paytlari paxta terish mashinasi uchun maxsus dalalar va unda maxsus navli paxtalar yetishtirilgan.

Birinchi, ikkinchi terim mashinada, undan keyin ko‘saklar ham maxsus mashinada terib olingan.

Sovxoz ekilgan umumiy paxtaning 50-60 foizini mashinada terib olishga harakat qilgan.

Keyinchalik, qishloq xo‘jaligida mashinalarni ta‘mirlash parkini boshqargan Omon akaning bildirishicha, mustaqillikka kelib, mashina bilan paxta terishga e‘tibor susayib ketdi.

Avvaliga Amerikadan "Keys" rusumli paxta teruvchi mashinalari olib kelindi va Toshkentda ommaviy ravishda paxta terish mashinalarining ishlab chiqarilishi to‘xtatildi.

Ammo "Keys"lar xarajatini oqlay olmagach, uning ham importi deyarli to‘xtatildi.

Bundan bir yil oldin Fanlar akademiyasi qoshidagi Mexanika instituti paxtakorlarga yordam sifatida terish mashinasini ixtiro qilganini aytib chiqdi.

Biroq Mexanika instituti direktori Anor Rizayevning BBCga aytishicha, ushbu mashina hali beri amaliyotda qo‘llanilmaydi.

"Nusxasi tayyorlandi, shu ishga olib chiqish harakatidamiz. Lekin buni ishlab chiqarishga joriy qilish bo‘yicha hali gap bo‘lishi mumkin emas", - deydi Anor Rizayev.

Mashinalar qayerda qoldi?

Paxta dalalarida qancha paxta terish mashinasi faoliyat yuritishini bilish maqsadida Jizzax viloyat hokimiyatining qishloq va suv xo‘jaligi kotibiyatiga bog‘landik. Ammo mudir savolimizga javob berishni istamadi.

Jizzax viloyatida asosan fermerlarning huquqini himoya qiluvchi Ziyodilla Razzoqov paxta dalalarida ish bilan ko‘p yurishini va so‘nggi yillarda birorta paxta terish mashinasiga ko‘zi tushmaganini aytadi.

"Men Jizzax viloyatining barcha tumanlarida bo‘laman, lekin birortasida paxta terish mashinasiga ko‘zim tushganini ko‘rmadim. Chunki biz ham vaqtida talaba bo‘lib paxta terganmiz. Paxta terish mashinasidan keyin qo‘l terimi bo‘lardi. Lekin hozirgi holatda bunaqa narsalarni biror marta uchratganim yo‘q", - deydi Ziyodilla Razzoqov.

Sobiq Ittifoq zamonida paxta terimini imkon qadar mexanizatsiyalashga harakat qilingan.

Shuning uchun Toshkentda "Tashselmash" degan maxsus zavod qurilgan.

Bunday texnika, ya‘ni paxta terish mashinalarini ishlab chiqaradigan zavod dunyoda faqat 2 mamlakatda bo‘lgan. Biri AQShda, ikkinchisi Toshkentda.

Toshkentdagi "Tashselmash"ning o‘rni tep-tekis qilib tashlanib, o‘rniga gul ekib tashlandi.

O‘zbek dalalarida paxta terish mashinalari borasida mahalliy matbuot deyarli xabar chiqarmay qo‘ygan.

Ularning soni va bugungi texnik talablari borasida axborot deyarli yo‘q.

Qishloq xo‘jaligi sohasida ishlagan Omon akaning aytishicha, bugungi kunga kelib, jamoa xo‘jaliklari miqyosida paxta terish mashinasi umuman qolmagan.

Faqat tuman miqyosida mashina traktor parkida sanoqli bo‘lishi mumkin.

Ularning xizmatidan fermerlar navbati bilan foydalanishi kerak.

Biroq fermerlar bugun mashinadan ko‘ra qo‘l terimini afzal bilmoqda.

"Bizda asosan qo‘l terim, paxta teruvchi mashinalarni sifati yo‘qoladi, deb uncha muncha fermer solmaydi. Majbur bo‘lib qoladigan bo‘lsa, ikkinchi terimga chiqaradi. Birinchi terimni hamma qo‘lda terib olishga harakat qiladi. Chunki mashina paxtani sochib ketadi, navi pasayib ketadi. Ham qimmatlik qiladi. Chunki fermer uning haqqini cho‘ntagidan to‘laydi. Qimmat bo‘lib ketadi, undan ko‘ra qo‘lda terdirishni afzal ko‘radi", - deydi Omon aka.

O‘zbekistonda paxtani yetishtirish va yig‘ib terib olish davlat siyosati darajasigacha ko‘tarilgan.

Maktab o‘quvchilarining mehnatidan foydalanishga chek qo‘yish maqsadida, shaharlardan tashkilot va muassasa xodimlari ixtiyoriy majburiy ravishda paxtaga chiqariladi.

5 million tonnadan ko‘p paxta yetishtirgan Ittifoq davrida ham paxtaga chiqarilmagan poytaxt Toshkentdagi mahalla va tashkilotlar so‘nggi yillarda paxta terimiga safarbar etilishmoqda.