BBC navigation

"Amerikaning Suriyaga hujumi "Al-Qoida"ga qo‘l keladi"

Сўнгги янгиланиш 2 сентябр 2013 - 13:27 GMT

Suriya Tashqi Ishlar vaziri Faysal Mehdad "Al-Qoida" kuchayishidan ogohlantirdi

AQSh Suriyaga hujum qiladigan bo‘lsa, bu terrorizmning quloch yoyishiga yo‘l ochadi, deb aytgan Suriya Tashqi Ishlar vaziri Faysal Mehdad BBC muxbiri Jeremi Bouenga bergan intervyusida.

"Amerikaning har qanday hujumi Al-Qoidani qo‘llashga tengdir", deb hisoblaydi Damashq rasmiysi.

Suriya Tashqi Ishlar vaziriga ko‘ra, 21 avgustdagi kimyoviy hujumga hukumat kuchlari emas, balki aynan Amerika dastaklayotgan isyonchilar mas‘uldirlar.

Amerika esa zaharli zarin gazini Bashar al-Assad armiyasi qo‘llaganiga doir dalillar borligini ta‘kidlamoqda.

Bu harakat javobsiz qolmasligiga va‘da bergan AQSh Prezidenti Barak Obama keyinroq kongressmenlar dastakini olishga qaror berdi.

AQSh Kongressi keyingi hafta ish boshlaydi. Oq Uy ma‘muriyati Suriyaga hujumni Kongress quvvatlashiga umid qilyapti.

Biroq Kongressning Obama taklifini ma‘qullamasligi ehtimoli prezidentning obro‘yiga jiddiy putur yetkazishi mumkin, deb ta‘kidlaydi BBC tahlilchisi Mark Mardell.

Ayni paytda Arab Ligasi davlatlari dunyo hamjamiyatidan Assad tuzumiga qarshi harbiy aralashuvni kechiktirmaslikni so‘ragan bo‘lsa, Livan va Iroq bu chaqiriqni yoqlamadi, Iordaniya muammoni siyosiy yo‘l bilan hal qilish kerakligini aytdi.

Suriya Tashqi Ishlar vaziri Faysal Mehdad shuningdek, Amerika bosqini "amerikaliklarga qarshi kayfiyat"ni kuchaytirishi va Yaqin Sharqdagi vaziyatni izdan chiqarishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Janob Mehdad kongressmenlar Suriyaga hujum muhokamasida avvalo Isroil manfaatlaridan kelib chiqib yondashishlariga shubha qilmasligini bildirdi.

Harbiy amaliyotni Kongress quvvatlashiga ishonch bildirayotgan AQSh Davlat kotibi Jon Kerriga ko‘ra, kongressmenlar "o‘rtaga nima qo‘yilganini yaxshi anglagan holda to‘g‘ri qaror qabul qiladilar".

Harbiy amaliyot

Biroq Qonun palatasining ba‘zi vakillari Obamaning taklifi qanchalik samarali bo‘lishini savol ostiga olmoqdalar.

"Men hali ham aniq tasavvur qilolmayapman. Hujumning natijasi qanday, u qanchalik samarali bo‘ladi. Va bunga qarshi Eron yoki Suriyaning javobi Isroilga yoki bizga qanday bo‘ladi. Shuningdek, xalqaro hamjamiyat biz bilan qanchalik yakdil, bu butunlay noaniq", - deb aytgan demokrat Jim Xayms.

Suriyaga qarshi bosqin sodir etiladigan bo‘lsa, amaliyotda Amerikaning besh harbiy kemasi, ikki qiruvchi uchog‘i, shuningdek Frantsiya qiruvchi uchoqlari qatnashishi ehtimoli aytilmoqda.

Havo hujumlari Turkiya va Iordaniya aviabazalaridan turib amalga oshirilishi mumkin.

Amerika josuslik ma‘lumotlariga tayanib, AQSh Davlat kotibi e‘lon qilishicha, Suriya hukumatining Damashq atrofidagi kimyoviy hujumlari oqibatida 1429 kishi halok bo‘lgan.

Qurbonlarning 426 nafari yosh bolalardir.

31 avgust kuni Obamaning "cheklangan amaliyotlar" o‘tkazish qaroridan so‘ng Suriyadagi kimyoviy qurol bo‘yicha BMT nazoratchilari ortga qaytganlar.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o‘z o‘rnida AQSh rasmiylarining kimiyoviy qurol hujumini Suriya hukumati amalga oshirgani haqidagi bayonotini shubha ostiga olgan, bu dalillarni BMT nazoratchilari va Xavfsizlik Kengashini taqdim etishni so‘ragan.

Изоҳлар

 posting

Биринчи бўлиб изоҳ қолдиринг

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.