Olma-otadagi to‘polon nimadan kelib chiqdi?

  • 2 Sentyabr 2013
Tartibsizliklar kechki soat 9 larda boshlangan

Olma-Ota shahar politsiyasining xabar berishicha, 31 avgust kechasi bo‘lib o‘tgan tartibsizliklarga aloqadorlikda gumonlanib 107 kishi ushlangan. Ular shahardagi to‘rtta tuman ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan.

Voqea joyidan muxbirlarning aytishicha, qo‘lga olinganlar bundan ko‘p bo‘lishi mumkin va hodisaga aloqasi bo‘lmagan odamlarni ham qo‘lga olishgan.

10 dan ortiq odamning jarohatlangani aytilmoqda. Jarohat olganlarning asosiy qismi tosh va turli predmetlardan zararlangan politsiya xodimlari ekanligi ma‘lum. Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra hech kim o‘lmagan.

Tartibsizliklar kechki soat 9 atrofida Olma-Otaning Bishkek yo‘nalishidagi chekka qismida joylashgan "Praym Plaza" savdo ko‘ngilochar markazining maydonchasida boshlangan.

O‘sha vaqti karaoke festivalining final qismi o‘tayotgan bo‘lgan.

Festivalni Qozog‘iston yoshlarining suyukli xonandasi Qayrat Nurtas yakunlab berishi kutilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarga qo‘yilgan videolardan anglash mumkinki, Qayrat Nurtas o‘zining ilk qo‘shig‘ini aytayotgan mahal to‘da sahnaga yaqinroq kelishga intila boshlaydi va odamlar orasidan sahnaga qarab bir narsa otiladi.

Kontsert boshlovchisi, jurnalist Daniyar Batirbayev to‘dani tinchlantirishga harakat qilgan odamlardan.

"Sahnaga super mega yulduz Qayrat Nurtas chiqishini e‘lon qilishimiz bilan olomon sahnaga intila boshladi. O‘rtadagi to‘siqlar sina boshladi. Odamlar sahnaga yaqinlasha boshlagach, soqchilar xonandani olib ketishdi. Men sahnada turib odamlarni tinchlantirishga harakat qildim. Do‘stlar kontsert tugadi, uylaringga ketinglar, dedim. Avvaliga baklashkalar, keyin shishalar uchib kela boshladi", - deydi Daniyar Batirbayev.

Kontsert ochiq maydonda bo‘lib o‘tgan va unga kirish uchun pul olinmagan. Turli manbaalarda tomoshabinlarning soni 2 mingdan 5 minggacha ekanligi aytilmoqda.

Kontsert to‘xtatilganidan g‘azabga kelgan olomon savdo majmuasiga tosh ota boshlagan. Tartibni saqlashga kelgan politsiya xodimlari ham turli predmetlardan yaralangan.

Keyin politsiya kuchlaridan qochgan to‘da yo‘lida uchragan bir mashinani yoqib to‘polon uyushtirgan.

Hodisa joyini 2 mingdan ortiq politsiya maxsus kuchlari o‘rab olgan va tozalash ishlarini o‘tkazgan.

Voqea yuzasidan "Bezorilik" bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.

Hodisa joyiga yetib kelgan Olma-Ota shahar hokimi tartibsizliklar uchun kontsertni uyushtirgan savdo uyini ayblab chiqqan.

"Bu o‘zboshimchalik bilan ushbu savdo uyi rahbariyati tomonidan tashkil qilingan kontsert. Hech qanday kelishuv bo‘lmaganidan so‘ng ular albatta jazolanadi. Menga aytishlaricha, bu narsa tartibsiz ravishda kelib chiqqan, hech qanday tayyorgarlik bo‘lmagan. Bilbordni sindirishgan, ariqlardan toshlarni olishgan. Oldindan rejalashtirilgan deb aytishga hali erta", degan Ahmetjan Yesimov.

Eng obro‘li to‘y

To‘polonlar bo‘lib turgan bir mahalda Olma-Otaning ikkinchi bir chekkasida, tog‘ yonbag‘ridagi eng hashamatli mehmonxonalardan biri bo‘lmish Royal Tulip da prezident Nazarboyev nevarasini uylantirayotgan bo‘lgan.

Nursulton Nazarboyevning boshchiligida o‘tgan Aysultan Nazarboyevning uylanish to‘yi bir necha million dollarga tushgani aytilmoqda.

To‘yda dunyoning yulduz xonandalari Beyonce, Kanye West, Turkiyadan Mustafa Sandal, Vaxtang Kikabidze, aktyor Gennadiy Xazanov, parodiyachi Maksim Galkin va boshqa ko‘plab taniqli yulduzlar ishtirok etishi kutilgan edi.

Prezidentning to‘ng‘ich qizi Darig‘a Nazarbayeva va quvg‘indagi kuyovi Rohat Aliyevning 23 yoshli o‘g‘li Aysultan Nazarboyevning to‘yiga bobosi kelishi munosabati bilan shaharning bir qismida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.