BBC navigation

Nega O‘zbekistonda xavfsizlik choralari "vosvos"ga aylantiriladi?

Сўнгги янгиланиш 29 август 2013 - 15:52 GMT

Har bir avtomobil tekshirilayotgani uchun avatomobillar qatori bir necha kilometrga cho‘ziladi

31 avgust kuni Toshkentda o‘tkaziladigan O‘zbekiston mustaqilligi bayramiga bag‘ishlangan tantanalar oldidan, agar imkoni bo‘lsa, butun mamlakat hayoti "to‘xtatiladi".

Hali 20 kun oldin Qirg‘iz siyosatchilari O‘zbekiston chegarani yopib olganidan shikoyat qilishgan va bu haqda O‘zbek chegarachilari "mustaqillik bayrami munosabati" bilan degan og‘zaki tushuntirish berishganini aytishgan.

Har yili O‘zbekistonning Tojikiston va Qirg‘iziston bilan chegaralari avgust oyining o‘rtalaridan deyarli bekitiladi, chegaradan o‘tish-qaytish imkonsizga aylanadi.

Hari yili avgust oyining birinchi kunlaridan nafaqat O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi yoxud Milliy Xavfsizlik xizmati, balki Toshkentdagi har bir idora-tashkilot, viloyatlarda esa viloyat va tuman hokimliklarida "kuchaytirilgan ish tartibi"ga o‘tiladi.

Navbatchilik ro‘yxatlari tuziladi, xodimlar shanba-yakshanbada ham, tunlari ham ish joylarida uxlab qoladilar.

Hatto bojxonayu-soliqchilar uchun bunday "usilenny rejim" ba‘zan sentyabr oyining oxirigacha davom etadi.

"O‘z-o‘zidan o‘tkaziladigan "tozalashlar"

Toshkent shahrini esa "daydi"lardan tozalash boshlanadi.

Shu yil 29 avgust kuni Toshkentning Yunusobod tumanida olib borilgan "tozalash" amaliyotida o‘nlab viloyatdan kelgan fuqarolar ushlanib, militsiya idorasiga olib ketilgan.

Har yili Mustaqillik bayrami arafasida o‘tkaziladigan bu kabi "tozalash" amaliyoti natijasida qo‘lga olinganlar Toshkentning Hamza tumanidagi "Panelny" deb ataladigan joyidagi "Daydilarni saqlash va taqsimlash markazi"ga, u yerdan esa majburan uylariga jo‘natilishi aytiladi.

Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi navbatchi xodimining BBCga aytishicha, bayram arafasida poytaxt bo‘ylab bu kabi tozalash amaliyotlari "o‘z-o‘zidan o‘tkaziladi".

Ammo u Toshkent bo‘ylab o‘tkazilayotgan tozalash amaliyotlarida jami qancha odam ushlangani yoki poytaxtdan chiqarib yuborilgani haqida ma‘lumot berishdan bosh tortdi.

Avgust oyida tozalash amaliyotlari "o‘z-o‘zidan o‘tkaziladi"

Bu "o‘z-o‘zidan o‘tkaziladigan amaliyotlarga" nafaqat o‘zbekistonliklar, balki qo‘shni mamlakatlarning fuqarolari ham o‘rganib qolganlar, yaqinlarining to‘y yoki azasiga borolmay qolsalar ham "taqdirga tan berishdan o‘zga choralari yo‘q".

Toshkent shahrining o‘zida esa "tekshir-tekshir"lar shu darajada ko‘paytirilganidan oddiy odamlar bozor-o‘charini bir necha kun oldin qilib qo‘yib, avgust oyining oxirgi kunlarida ko‘chaga chiqmaslikni afzal bilib qolganlar.

Bir necha kilometrlik radiuslik kordon

"Rejimning tasavurida, tafakkurida "mana shunday mexanizm bo‘lmasa, kutilmaganda biror kor-hol bo‘lib qolishi mumkin" degan xavotirlar bor"

Kamoliddin Rabbimov

Chunki ko‘chadagi militsiya xodimi har bir odamni "potentsial terrorchi" deb ko‘radi.

Oxirgi 2-3 kunda Toshkent shahri markazidagi ko‘chalarni yopib qo‘yish boshlangan.

Toshkent shahriga kirish joylarida esa qum to‘ldirilgan qoplar joylashtirilgan jangovor blok-postlar tashkillashtirilgan.

Mamlakat rahbarlariga mo‘ljallangan tomosha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yonidagi maydonda bo‘lib o‘tadi va bu maydonga o‘tish yo‘li bir necha kilometrlik radiusda yopib chiqilgan.

Poytaxt ko‘chalarida yig‘ilib qolgan avtomobillar bir necha kilometrga cho‘zilib ketgani haqidagi xabarlar paydo bo‘ldi, hatto "Tez tibbiy yordam" avtomobillarining o‘tishiga ruxsat berilmagani haqida Inson haqlari himoyachilari Alyansi xabar tarqatdi.

Internat nashrlarda kunduzi va kechqurun uzoq masofaga cho‘zilgan avtomobillar navbatining suratlari e‘lon qilindi.

Xo‘sh, O‘zbekistonda xavfsizlik choralari nega bu qadar oddiy odamlar hayotini qiyinlashtiradigan darajagacha olib boriladi?

Nima, O‘zbekiston xavfsizlik kuchlari kimdir mustaqillik bayramiga terrorchilik xurujini tayyorlayotgani haqida har yili xabar oladimi?

Siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning aytishicha, har yili O‘zbekiston Islomiy Harakati yoki boshqa bir tashkilot yoki guruhlar hujum qilishi mumkinligi haqida konkret ma‘lumot bo‘lishi shart emas.

O‘zbek siyosiy rejimining shakllangan psixologiyasi

"Lekin bu siyosiy rejimning instinktiv yondashuvi. Bu mexanizmga kiritilgan. Shaxsan Karimovning xavfsizligi haqida gap ketar ekan, O‘zbekiston siyosiy tizimi hech qanday byudjet, mablag‘ yoki obro‘-e‘tiborni inobatga olmaydi", deydi Kamoliddin Rabbimov.

"Siyosiy rejimning o‘zining shakllangan psixologiyasi bor. Mana shu psixologiyaga qaraydigan bo‘lsak, bo‘layotgan voqea va hodisalarni faqat bitta so‘z bilan izohlash mumkin. Bu paranoyya"

Kamoliddin Rabbimov

"Rejimning tasavurida, tafakkurida "mana shunday mexanizm bo‘lmasa, kutilmaganda biror kor-hol bo‘lib qolishi mumkin" degan xavotirlar bor. Shuning uchun xavfsizlik choralarini, kordonlarini buzib bo‘lmaydi, degan tasavvurni saqlab turish va kuchaytirish uchun ham mana shu tadbirlar qilinadi", deydi siyosiy tahlilchi.

"Siyosiy rejimning o‘zining shakllangan psixologiyasi bor. Mana shu psixologiyaga qaraydigan bo‘lsak, bo‘layotgan voqea va hodisalarni faqat bitta so‘z bilan izohlash mumkin. Bu paranoyya. G‘arb davlatlarida ham xavfsizlik choralari to‘lalagicha ta‘minlanadi. Lekin bu xavfsizlik choralari jamiyatni qo‘rqitish, uni tahqirlash hisobiga bo‘lmaydi", deydi Kamoliddin Rabbimov.

G‘arbda prezidentlar, davlat rahbarlarining xavfsizligini ta‘minlashda birinchi o‘rinda legitimlikka e‘tibor beriladi, deydi u.

"O‘zbekistondagi siyosiy tuzum o‘zining xalqidan qo‘rqadi. U kutilmaganda biror bir voqea yoki hodisa bo‘lib qolishi mumkin, deydi. Chunki jamiyatning jamiyatning muammolarini kanallashtiradigan institutlar va kanallar mavjud emas. Jamiyatda hokimiyatga yashirincha va oshkora nafrat, yomon ko‘rish holatlari ancha yuqori bo‘lishi mumkin. Buni hokimiyat bilmaydi qay darajada ekanligini. Chunki bilish uchun imkoniyatlar mavjud emas... Avtoritar rejimlar va diktatorlar o‘zining xalqidan qo‘rqadi, ayniqsa, ko‘chaga chiqqanda", deydi Kamoliddin Rabbimov.

O‘zbekistonda kuchishlatar tizimlarini saqlab turish davlat byudjetiga qanchaga tushishi jamoatchilikka oshkor etilmaydi, biroq xomcho‘tlarga ko‘ra, bu mablag‘ davlat byudjetining salmoqli qismini tashkil etadi.

Oxirgi yillarda respublikaning turli hududlarida kuzatilgan reydlar, noqonuniy musodaralar bo‘shab qolgan davlat g‘aznasini to‘ldirish amallari deb ko‘rilgan.

Хавфсизлик чораси жамиятни қўрқитиш, уни таҳқирлаш ҳисобига кўрилиши керакми?

Нега Ўзбекистонда мустақиллик байрами муносабати билан деб хавфсизлик чораларини кучайтириш деб аталадиган амаллар оддий одамларни қўрқитиш, уларга ноқулайлик туғдириш эвазига амалга оширилиши керак?

Тинглашmp3

Муқобил медиа плейерда ўйналсинми

Изоҳлар

 posting

Биринчи бўлиб изоҳ қолдиринг

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.