Rossiya O‘zbekistonning paxtakor raqibi bo‘lishi mumkinmi?

  • 23 Avgust 2013
Sho‘rolar zamonida Rossiyaning butun boshli shahar va sanoatlari O‘zbekiston paxtasiga tayanib barpo etilgan

Astraxan mintaqasi Rossiyaning yengil sanoati uchun xomashyo yetkazib beradigan asosiy ta‘minotchiga aylanishi mumkin.

Astraxanga safar qilgan Rossiya dehqonchilik vaziri o‘rinbosariga keyingi yil bu hududda g‘o‘za yetishtirish uchun kamida 10 milliard rubl kerak deb aytishgan.

Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Aleksandr Petrikov astraxanlik agrar soha mas‘ullari va olimlari bilan uchrashgan.

Janob Petrikovga ko‘ra, bu hududda paxta yetishtirish uchun nimalar qilinishi lozimligini to‘la o‘rganib chiqish kerak.

Rossiyalik mas‘ullarning majlisida aytilishicha, shu kecha-kunduzda Rossiya yengil sanoati xomashyo taqchilligiga duch kelgan.

Sho‘rolar zamonida Ivanovo shahridek butun boshli shahar va sanoatlar O‘zbekiston paxtasiga tayanib barpo etilgan edi.

Ivanovodagi to‘qimachilik korxonalari so‘nggi yillarda xomashyo bilan bog‘liq muammolarga duch kelgani O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari darajasidagi uchrashuvlarning kun tartibiga kiritilishiga ham sabab bo‘lgan edi.

Astraxanlik paxta mutaxassislarining aytishlaricha, mahalliy iqlimga moslashtirilgan paxta navlarini yetishtirganlar.

Buning ustiga bu navdagi paxtani terishda qo‘l mehnati talab qilinmaydi.

G‘o‘za maxsus sug‘oriladi va o‘g‘itlari ham suv bilan birga beriladi.

Navlardan birining 93 kunda pishib yetilishi aytilgan.

ITAR-TASS axborot agentligining astraxanlik paxtakor Vasiliy Fursovdan iqtibos keltirishicha, Astraxan paxtasi O‘zbek paxtasidan ustundir.

"Agar bir kunda O‘zbek va Astraxan navini ekib yetishtirsa, farq juda katta. Bizniki bir necha baravar yutib ketadi", deb aytgan Vasiliy Fursov.

Astraxanliklar keyingi yil 265 gektar maydonga chigit ekishmoqchi.

Rossiya yengil sanoatining qaramlikdan to‘la qutulishi yo‘lidagi amallarini 2017 yildan boshlamoqchi ekanliklari haqida Rossiya matbuoti xabar tarqatmoqda.