Pokiston: Parvez Musharraf Benazir Bhutto o‘limida ayblandi

  • 20 Avgust 2013
Parvez Musharraf javobgarlikka tortilayotgan ilk Pokiston harbiy rahbaridir

Pokiston sobiq prezidenti Parvez Musharrafga qarshi 2007 yilda muxolifat rahbari va mamlakat sobiq bosh vaziri Benazir Bhutto o‘ldirilishiga aloqador ish bo‘yicha uch ayblov ilgari surilgan.

Musharrafni qotillik, odam o‘ldirish maqsadida til biriktirish va bu jinoyatga sheriklik qilishda ayblashmoqda.

Ayblov paytida hech qanday bayonot bermagan sobiq prezident barcha ayblovlarni rad etmoqda. Ushbu jinoiy ishni ko‘rib chiqish 27 avgustga qoldirilgan.

Musharraf unga qarshi ayblovlarning barchasi siyosiy ekanini ta‘kidlab keladi.

Benazir Bhutto 2007 yilning 27 dekabrida Ravalpindi shahrida sayblov oldi uchrashuvi paytida o‘ldirilgan edi.

Shu yil avvalroq muhojirlikdan o‘z istagi bilan Pokistonga qaytgan Parvez Musharraf Islomobodda uy qamog‘ida saqlanmoqda.

Benazir Bhutto o‘limiga aloqador ishda sobiq prezidentdan tashqari yana olti kishi javobgarlikka tortilgan. Ular orasida yuqori martabali ikki politsiya zobiti ham bor.

"Bu ayblovlarda asos yo‘q. Biz mahkamadan qo‘rqmaymiz. Unda huquqiy tartibga muvofiq harakat qilamiz", - deb aytgan Musharraf himoyachisi Afshon Odil Frans Press agentligiga.

Pokistonda ko‘pchilik Musharrafga ayblovlar ilgari surilishini kutgan esa-da, bu qaror misli ko‘rilmagan bo‘ldi, deya qayd etishadi BBC muxbirlari.

Qurilganidan buyon asosan harbiylar tomonidan idora etilgan mamlakatda hozirga qadar na joriy, na sobiq harbiy rahbarlar javobgarlikka tortilgan.

Parvez Musharraf 1999 yilda qonsiz yo‘llar bilan Navoz Sharifni hokimiyatdan ag‘darib, mamlakat rahbariga aylangandi. U hokimiyatda to‘qqiz yil qoldi, biroq saylovlarda mag‘lub bo‘lib, Pokistonni tark etdi, va shu yil boshiga qadar asosan Dubay va Londonda yashadi.

Sobiq harbiy rahbar shu yil avvalroq saylovlarda o‘z partiyasiga rahbarlik qilish maqsadida vataniga qaytdi, biroq saylovlardan chetlatildi va ko‘p o‘tmay uy qamog‘iga olindi.