O‘zbekiston Islomiy Harakati o‘z taktikasini o‘zgartiryapti

  • 6 Avgust 2013
Rasmiylarga ko‘ra, Islomiy harakat a‘zolari faoliyatlarini maxfiylashtirib, oddiy odamlar orasiga kirishga ko‘proq harakat qilmoqda

Afg‘onistondagi mahalliy rasmiylarga ko‘ra, O‘zbekiston Islomiy Harakati bugungi kunga kelib faoliyatini olib borishning boshqa yo‘llarini ko‘ra boshlagan.

Bunda ular ko‘proq kimliklarini maxfiy tutgan holda, xalq ichiga kirishga va ularni o‘z saflariga jalb qilishga harakat qilishmoqda. Bu maqsad yo‘lida mahalliy aholi tilini o‘rganib, o‘zlariga nisbatan shubha tug‘dirmaslikka harakat qilishmoqda, deb aytadi Burka tumani hokimi Abdusalom Jabbor BBC bilan suhbatda.

Abdusalom Jabbor: Bular ko‘p ajralib turmaydi. Odam bir qaraganda ularning kimga mansubligini bilolmaydi. Ular avvallari kim ekanliklarini aytishardi. Misol uchun Farg‘onadan, Toshkentdan, yoki boshqa joydan bo‘lamiz derdi. Endi faoliyatlarini maxfiylashtirganlar. Yo‘llarga, ko‘priklar ostiga bomba qo‘yishadi. Burkaga kelgan paytlari ular o‘zlarini Chordara yoki Qunduzdan deb, Qunduzga borganda esa tahorlik deb tanishtirishadi.

BBC: Ularning yuzidan kimligini bilib bo‘lmaydimi? Suhbatlaridan bilib bo‘ladimi o‘zbekistonlik, tojikistonlik yoki O‘zbekiston Islomiy Harakatiga taluqli bo‘lgan shaxslar ekanligini?

Abdusalom Jabbor: Agar tiliga e‘tibor bersak, ular faryoblikmiz deyishadi. Xalqning ichida yurib ular turli lahjalardan foydalanib tilimizni o‘rganib olishgan. Shuning uchun ular bilan ko‘p vaqt birga bo‘lmasang, kim ekanligini bilib bo‘lmaydi.

BBC: Siz aytayapsiz, bularni odamlar bilan uncha farq qilib bo‘lmaydi, deb. Aynan Burka tuman aholisidek suhbat qiladi. Oddiy aholidan farq qilishi qiyin, deyapsiz.Ular ko‘chalarda, bozorlarda oddiy odamlar kabi yuradimi?

Abdusalom Jabbor: Yo‘q, yo‘q. O‘z ishlarini qilishadi xolos.

BBC: Nega O‘zbekiston Islomiy harakatining faoliyati Burka tumani va Bag‘lon viloyatida ko‘paygan. Asosiy sabab nima?

Abdusalom Jabbor: Burka tumanining 85-90 foiz aholisi o‘zbeklardan iborat. Va bu o‘zbeklar ko‘p narsalardan bebahra qolishgan. Ularning ana shu yo‘qsilligidan foydalanishadi. Xalqni hukumatga tomon jalb qila olsak, ular hamma imkoniyatini qo‘ldan boy beradi. O‘IHining o‘tmishiga qarasangiz, ular ko‘p faol edilar. Hatto ko‘p yoshlarimiz vaqtida ular safiga qo‘shilmoqchi ham bo‘lganlar. Ular odamlarni o‘z saflariga olish uchun ko‘p targ‘ibot ishlari yuritganlar.

BBC: Siz aytayapsiz, go‘yo bir to‘da yoshlar O‘IH faoliyatiga qo‘shilishga moyillik ko‘rsatgan deb. Endi sizlar mahalliy hukumat sifatida shunday harakatlarning oldini olish uchun nima qilyapsizlar?

Abdusalom Jabbor: Bu chigal va katta mavzu. Men tuman hokimi sifatida kam ish qila olaman, kam imkoniyatga egaman. Bu masalaga viloyat hokimiyati, xavfsizlik idoralari jiddiy e‘tibor berishlari kerak. Ular aniq loyiha, dasturlar ishlab chiqishlari kerak ularga qarshi. Biz mintaqada ish yuritib, xalqni hukumat tomonga jalb qilishimiz kerak. O‘shanda O‘zbekiston Islomiy Harakatining faoliyat yuritishi uchun zamin qolmaydi.

BBC: Hozir hukumat bu ishlarni qilmaydimi?

Abdusalom Jabbor: Davlat ishlaydi. Lekin dushman juda faol. Biz ularning faoliyati zaminini yo‘q qilishimiz kerak.

BBC: Ularning soni taxminan qancha bo‘lishi mumkin?

Abdusalom Jabbor: Aniq emas. Ular yo‘llarga minalar qo‘yish uchun ko‘p ishlashyapti.

BBC: Burka tumani O‘zbekiston Islomiy Harakatining markaziga aylanishi mumkinmi bu ketishda?

Abdusalom Jabbor: Politsiya, xavfsizlik idoralari aniq ish olib borishlari kerakki, ular ning faoliyatlari uchun zamin qolmasligi uchun.

BBC: Harbiy amaliyotlar o‘tkazilayotgan ekan. Ular natija bermaydimi?

Abdusalom Jabbor: Bir yil oldin yaxshi natija bergan edi. Eng yaxshi natijani o‘tgan yil qo‘lga kiritgan edik. Lekin shuncha sa‘y-harakatlarga qaramasdan, O‘IHning oddiy a‘zolari qo‘lga tushdi. Xalq ham tungi reydlar foyda bermasligini tushundi. Tungi amaliyotlarda oddiy odamlar ham ushlab ketilgan paytlar bo‘lgan.