"Shafqatsiz o‘zbek mujohidlari" Pokistonga tahdid solmoqda

  • 17 Iyul 2013
O‘zbekiston Islomiy Harakati tarkibida tojik, chechen, uyg‘ur va tatarlar ham borligi aytiladi

BBC qo‘lga kiritgan yangi hujjatlar mujohid guruhlar Pokiston uchun qanchalik katta xavf solishi ehtimolini ko‘rsatadi.

"Milliy aksilterror siyosati" loyihasidan ma‘lum bo‘lishicha, jangarilar Pokistonni "tosh asriga qaytarib yuborishni" istashadi.

Ushbu hujjatda ko‘rsatilishicha, turli mahalliy va chet ellik jangarilardan yetadigan xavf-xatar Pokiston o‘z mustaqillik yillarida yuz tutayotgan eng ulkan inqirozdir.

Ayniqsa, xorijiy jangarilar o‘ta shafqatsiz, deb ta‘riflanadi.

Bu o‘rinda ozod qavmlar hududlarida faoliyat yuritayotgan arab, chechen va o‘zbek jangarilari alohida urg‘ulanadi.

Mahalliy xavfsizlik mulozimlari hozir odamlarni bu guruhlar ta‘siridan qutqarish va barcha mintaqalarda to‘liq o‘z nazoratlarini o‘rnatishga qiynalishmoqda.

Tolibon harakati esa nafaqat ozod qabilalar yashovchi mintaqalarda, balki yirik shaharlarda ham yaxshi o‘rnashib olgan. Bu esa ularning muhim nuqtalarda hujumlar uyushtirish iqtidorini oshiradi.

Hukumat vaziyat nozikligini anglamoqda. Ayrim siyosatchilar endi Tolibon bilan muzokaralarga borishni bir chora sifatida ko‘rishayapti. Negaki, ko‘plab xorijiy jangarilar mahalliy Tolibon bilan bog‘liqlikda ish olib borishi aytiladi.

Lekin Tolibon muzokaralar chaqirig‘ini rad etsa, Islomobod qanday yo‘l tutishi mumkinligi ham noma‘lum.

Tohir Yo‘ldosh tirikligida "tarbiyalagan" mujohidlari shafqatsiziligi bilan nom qozongan.

O‘tgan yillar ichida Pokiston hukumati kuchlari ularga qarshi olib borgan keng qamrovli harbiy hujumlar muayyan muddat jangarilarni tarqatgandek bo‘ldi.

Biroq keyingi oylari ular yana uyushib, hujumlarini qayta yo‘lga qo‘ya boshladilar.

Pokiston uzoq yillar AQSh qo‘llovida Afg‘onistondagi sho‘rolarga qarshi urushgan mujohidlarni dastaklab kelgan.

Keyinchalik ham Islomobod Tolibon harakatini Afg‘onistonga o‘z ta‘sirini o‘tkazish vositasi sifatida ko‘rdi.

Endi esa nafaqat bu Tolibon jangarilari, balki ularga xayrihoh xorijiy mujohidlar ham Pokistonning o‘ziga qarshi ulkan tahdid sifatida o‘rtaga chiqmoqda.

O‘zbek va umuman, markaziy osiyolik mujohidlarga yetakchilik qilgan marhum Tohir Yo‘ldosh va Juma Namangoniy o‘ta shafqatsizligi bilan nom chiqarishgan. Jangarilarni ham shunga undashgan.

Tohir Yo‘ldosh farmoyishi bilan ayg‘oqchilik va itoatsizlikda ayblangan yosh mujohid o‘spirinlar boshlari tanasidan juda qilingani akslangan videotasvirlarni ham internetda tarqatishgandi.

Uning mujohidlari hatto 5-6 yashar bolalarini ham jangarilikka tayyorlashgani akslangan tasvirlar internetga qo‘yilgan.