BBC navigation

TI "O‘zbekistonda so‘z erkinligi yo‘qligi sababli korruptsiya darajasini aniqlash imkonsiz"

Сўнгги янгиланиш 9 июл 2013 - 15:47 GMT

Transparency International yangi hisobotiga ko‘ra, qator mamlakatlardagi odamlar oxirgi 2 yil mobaynida korruptsiya bilan bo‘lgan ahvol yomonlashdi, degan fikrda ekan.

Bu boradagi so‘rovda ishtirok etganlarning chorak qismi o‘tgan yil mobaynida pora berishlariga to‘g‘ri kelganligini aytgan.

Global Korruptsiya Barometri deya nomlangan hisobot tashkilot tomonidan har yili chiqariladi.

Bu yilgi Global Korruptsiya Barometri ro‘yxatida O‘zbekiston yo‘q.

Markaziy Osiyo davlatlaridan faqatgina Qirg‘iziston va Qozog‘iston ro‘yxatda.

Qozog‘istonda "Korruptsiya juda ham oshdi", "Biroz oshdi" yo-da, "Avvalgi darajada qoldi", deguvchilar soni deyarli teng bo‘lgan.

Qirg‘izistonda ham qariyb shunday manzara kuzatilgan.

Lekin nima uchun, O‘zbekiston bu ro‘yxatda yo‘q? Biz ushbu savolni Transparency International tadqiqot bo‘limi rahbari Finn Henriga berdik:

Finn Henri: So‘rovda ishtirok etgan mamlakatlardagi aholisi vakillaridan korruptsiya miqyosi va bu holatlarga qanchalar ko‘p duch kelishlari borasida so‘ralgan va Global Korruptsiya Barometri ularning javoblari asosida tuziladi. Biz har bir mamlakatda mahalliy omma fikrini o‘rganish shirkati orqali mingga yaqin insonni savolga tutamiz. Albatta, dunyodagi barcha mamlakatlarni qamrab olish qiyin, shuning uchun, tanlab olishimizga to‘g‘ri kelgan. O‘zbekiston bu ro‘yxatga bir necha sabablar tufayli kiritilmadi. Birinchisi shuki, Transparency International xalqaro tashkilot sifatida mahalliy bo‘limlari orqali ish yuritadi, O‘zbekistonda bizning bo‘linmamiz yo‘q. Bundan tashqari, bizning izlanishlarimiz shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekistondek mamlakatda korruptsiya kabi nozik masalada xolis omma fikrini o‘rganish so‘rovlarini o‘tkazish o‘ta mushkul.

BBC: Mamlakat haqida aniq ma‘lumot olish imkoni yo‘qligi uchun O‘zbekiston ro‘yxatdan tushib qolgan, shundaymi?

Finn Henri: Biz ishonamizki, fuqarolar va fuqarolik jamiyatlari korruptsiyaga qarshi kurashda juda muhim asosiy rol o‘ynaydi. O‘zbekistonda esa, bunday emas. Bizga ma‘lum bo‘lishicha, O‘zbekistonda odamlar o‘z fikrlarini erkin izhor eta olmaydilar. Bu kabi sharoitda omma fikrini o‘rganish so‘rovini o‘tkazish bemahsul bir ishdir.

BBC: Demak, shu asosda O‘zbekiston haqida ma‘lumot to‘plab ko‘rishga harakat ham qilmaslik haqida qaror olgansiz...

Finn Henri: Yo‘q, shu asosdagina qaror oldik , deb bo‘lmaydi. Biz imkoniyatlarmizdan kelib chiqib qaysi mamlakatda ish olib borishimiz haqida qaror qilamiz. Mahalliy bo‘limlarimiz mavjud, yoda mahalliy tashkilotlar bilan aloqalarmiz bor va odamlar o‘z fikrlarini erkin izhor eta oladigan mamlakatlarga, albatta, imtiyoz beriladi, O‘zbekiston bu kabi davlatlar sirasiga kirmasdi.

BBC: O‘tgan yili Transparency International tomonidan Korruptsiya haqidagi Tasavvur Indeksi chiqarilgan va O‘zbekiston ro‘yxatning eng past o‘rinlardan biridan joy olgandi. Nima uchun, O‘zbekiston o‘shanda ro‘yxatga kiritilgandi?

Finn Henri: Barometrda aytganimdek, mamlakatda yashovchi insonlar so‘roqqa tutiladi. Demak, O‘zbekistonda yashovchi aholi kundalik hayotlarida korruptsiyaga qanchalar ko‘p duch kelishlari, boshlaridan kechirgan tajribalari va korruptsiyaga qarshi nimalar qila olishlari mumkinligi haqidagi savollarga javob berishlari kerak edi. Korruptsiya haqidagi tasavvur Indeksiga esa, qariyb 180 mamlakat kiritilgan va unda, asosan, mutaxassis va biznes dunyosi vakillari fikri o‘rganilgan. Ayni shu kabi so‘rov natijasida O‘zbekiston korruptsiya ro‘yxatidagi eng pastdan - zudlik bilan choralar ko‘rilishi kerak bo‘lgan 10 foiz ichidan joy olgandi.

BBC: Agar bu gal imkon bo‘lib O‘zbekistonda so‘rov o‘tkazilganda natijasi qanday bo‘lardi? Bu haqda qanday taxmin qilish mumkin?

Finn Henri: Bu mutlaqo taxmin bo‘lar edi. Men O‘zbekiston bo‘yicha mutaxassis emasman, lekin tashkilotimizda bor ma‘lumotlar shuni ko‘rsatadiki, mamlakatda korruptsiya jiddiy muammo va hukumat unga qarshi kurashda fuqarolar va fuqarolik jamiyatlari sezilarli amallarga qo‘l urishlari uchun yetarlicha imkoniyat yaratmayapti. Qaysi bir ma‘lumotga qaramang, bu narsa aniq, deyish mumkin.

Transparency International anchayin nufuzli, xolis tashkilot sifatida ko‘riladi.

2013 yilgi Global Korruptsiya Barometrini tayyorlash uchun 107 mamlakatdan 114 ming kishi so‘rovda ishtirok etgan.

Bu yilgi hisobotga ko‘ra, 2008 yili moliyaviy bo‘hron boshlanganidan beri dunyo davlatlaridagi rasmiylar tomonidan korruptsiyaga qarshi choralar zaiflashgan.

Ko‘plab mamlakatlarda odamlar politsiya va adliya tizimi eng ko‘p korruptsiyaga botgani haqida aytishgan.

Hisobot mualliflariga ko‘ra, korruptsiya eng yuqori deya aytilgan 10 mamlakatdan 8 tasi qashshoq va Afrika qit‘asida joylashgan.

Umuman olganda, jahon bo‘ylab korruptsiya keng quloch otayotgani, o‘tgan 2 yil mobaynida har 4 kishidan biri pora berishga majbur bo‘lganligi aytiladi.

Qashshoq mamlakatlarda korruptsiya hollari boy mamlakatlarga qaraganda 2 barobar ko‘proq ekan.

Qarorgohi Berldinda joylashgan Transparency International boshqaruvchi direktori Kobus De Svordtning aytishicha, dunyo davlatlarida noroziliklar ortayotgani korruptsiya muammosi miqyosi ne qadar ekanidan dalolat qiladi.

бу ерга босинг Qay bir mamlakatda poraxo‘rlik darajasi qanday ekanligini bilmoqchi bo‘lsangiz, BBCning mana bu xaritasidan ko‘rishingiz mumkin

Изоҳлар

 posting

Биринчи бўлиб изоҳ қолдиринг

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.