O‘zbekistonda biometrik pasport olish uchun qancha vaqt kerak?

  • 4 Iyul 2013

O‘zbekistonda yangi biometrik pasportlarni joriy qilish jarayoni avj pallasiga kirgan.

Odatda 9 kunda beriladigan pasport sun‘iy talabning orttirilishi va resurslarning yetishmasligi natijasida kamida bir oy deganda berilmoqda.

MDH davlatlarining birida ishlovchi o‘zbekistonlik jurnalist bizga pasport almashtirish davomida o‘z boshidan kechirganlari va kuzatganlarini hikoya qiladi.

Pasport almashtirish istagim borligini eshitgan tanishim, "ha, rosa vaqtida kelding, bizning qishloqlarda odamlarni to‘p-to‘p qilib, avtobusga solib, pasport almashtirish uchun tuman markaziga olib borayapti", dedi.

May oyida viloyatlardagi tuman pasport stollarida navbatlar uzundan-uzoq edi. Pasport stol xodimlari tongdan kechgacha ushbu odamlarning barmoq izlariyu, suratini olishni eplolmay qolgan vaqt.

O‘zbekistonda biometrik pasport olishning birinchi bosqichi 2011 yili boshlandi. Bu bosqichda asosan xorijga chiquvchilar pasport olishdi. O‘sha vaqtlar navbatlar uncha katta emasdi va 9 kunda yangi pasportni olish mumkin edi.

2013 yilning mart oyidan biometrik pasport hammaga berila boshlandi.

Avvaliga yangi pasportni olishga qiziqish uncha bo‘lmadi. Ammo mahalladan tortib ishxonagacha yangi pasportni talab qilish boshlangan keyin hamma yoppasiga pasport almashtirishga tushib ketdi.

Hattoki, biometrik pasporti bo‘lmagan abituriyentlarning hujjati o‘qishga qabul qilinmaydi, degan gaplar ham chiqarildi.

Pasport stollarida kiritilgan yangi ish tartibi - ertalabki soat 8:00 dan tungi 22:00 gacha tinimsiz ishlash ham bunday oqimni bajarolmay qoldi. Bir, ikki kun avval navbat olishlar odatiy holga aylandi.

Chetda ishlab yurgan millionlarning biri sifatida ta‘tilga borishdan ilk maqsad pasportni almashtirish va chiqish vizasini olish edi.

Yaxshi niyat yarim davlat deganlaridek - rejaning yarmi bir oy deganda zo‘rg‘a amalga oshdi.

Pasport stoldagi turnaqator navbatlar haqida eshitganim uchun va har safar duch kelganim tufayli o‘zimni ruhan shu narsaga avvaldan tayyorlab bordim. Ammo tushdan keyingi soat 17:00 atrofida idorada 5-6 kishidan boshqa hech kim navbatda yo‘q edi.

May oyining oxiriga kelib endi tashkilotlar yangi pasport olishni talab qilishni ozgina susaytirgandi. Sababi odam ko‘pligidan pasport tayyorlash muddati cho‘zilib ketdi va ajratilgan personal bunday ko‘lamni uddalolmay qoldi.

Pasportingiz bilan ikkinchi qavatga chiqasiz. U yerda qizlar sizga pasport almashtirish uchun belgilangan arizani 2 ming so‘mga to‘ldirib beradi va raqam olish uchun pastga tushasiz.

Raqamni olgach davlat bojini to‘lash uchun pasport stoli binosi oldida maxsus ochilgan kassaga borasiz. Davlat boji- 40 ming so‘mni to‘laysiz va kassir ayol ham kvitantsiyani to‘ldirib bergani uchun uchun sizdan qo‘shimcha 500 so‘m so‘raydi.

Navbatingiz kelishi bilan pasport almashtirish uchun maxsus ishga olingan xodim sizni suratga va barmoq izlarini olish uskunasiga taklif qiladi.

5-6 daqiqa davom etgan jarayondan so‘ng, 20 kundan keyin kelishni so‘rashadi.

-Tezlatishning imkoni yo‘qmi, hali chiqish vizasi ham olishim kerak edi, degan savolga, "bu bizga bog‘liq emas", degan javob olasiz.

Pasport stoldagi xodim sizning telefon raqamingizni ham yozib oladi. Ammo nima maqsadda olgani noma‘lum. Chunki pasport tayyor bo‘lsa ham bo‘lmasa ham sizga hech kim telefon qilmaydi.

Aytilgan muddatga keldim. Ammo pasport hali tayyor emas.

- Mana sizdan oldin topshirganlar hali ham olgani yo‘q. Biz 600 talab pasport topshirayapmiz, ammo 100 ta tayyorlab berishga ulgurishayapti. Yana 10 kundan keyin keling, deydi pasport stol rahbari.

Bir oy deganda pasport chiqdi. Ammo pasport ichida berilgan muddati 10 kun oldinni ko‘rsatib turardi. Xodim 500 so‘m tashlab ketishni so‘raydi.

O‘zbekistonda biometrik pasportga to‘liq o‘tish 2015 yilning dekabr oyigacha deb belgilangan. Ammo joylarda yuqoridan kelgan buyruq asosida odamlarni to‘p -to‘p pasport stoliga haydash kuzatilmoqda.

Ommaviy almashtirish uchun idoralar tayyor bo‘lmagan bir vaqtda, bunday ma‘muriy buyruqbozlikdan kimga foyda.

Sizning biometrik pasport olish tajribangiz qanday kechdi? Fikrlaringizni biz bilan o‘rtoqlashing.