O‘zbekiston Islomiy Harakati Afg‘onistonda ne qadar faol?

  • 4 Iyul 2013

Nato va Amerika Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqishni boshlarkan, mintaqada islomiy jangarilar tahdidi borasidagi xavotirlar ortgan.

Ayni paytda bu kabi xavotirlar Afg‘onistonning o‘zidan ko‘ra ko‘proq qo‘shni davlatlar, jumladan, O‘zbekistonda ham yangramoqda.

Tahlilchilar rasmiylar siyosiy tazyiqlarni oqlash maqsadida xavfni bo‘rttirib ko‘rsatishlarini aytish bilan birga, umuman, o‘zbek islomiy jangarilari tomonidan kelayotgan xavf mavjudligini e‘tirof etishadi.

So‘nggi paytlarda Afg‘oniston va Pokistonda O‘zbekiston Islomiy Harakati jangarilarining faolligi kuzatilmoqda.

O‘zbekiston Islomiy Harakatining u yoki bu qo‘mondoni o‘ldirilgani haqida, xususan, shimoliy hududularda bot-bot xabarlar paydo bo‘ladi.

Shu kunlarda Afg‘onistondan qaytgan BBCning Afg‘oniston uchun o‘zbek tilidagi eshittirishlari bo‘limidan Feruz Rahimiy Afg‘onistonda oxirgi vaqtlarda sodir etilgna qator yirik hujumlarda aynan O‘zbekiston Islomiy Harkati a‘zolari mas‘ul ko‘rilayotganligini aytadi.

Unga ko‘ra, Pokistondan Afg‘oniston hududiga sizib kirayotgan harakat faollari ikki jabhada ish olib borishmoqda.

Biri harbiy harkat va hujumlarni amalga oshirsa, boshqa qanot o‘z saflariga yangi a‘zolarni yollash bilan shug‘ullanmoqda.

Bu qanot vakillari qo‘shni O‘zbekiston, Tojikiston, shuningdek Qozog‘istonga qadar sizib kirib, tablig‘ot ishlari bilan shug‘ullanayotganliklari haqida xabarlar bor.