Misrdagi joriy inqirozning ildizlari qayerda?

  • 4 Iyul 2013

Joriy prezident Muhammad Mursiyga muxolif bo‘lganlar safi o‘tgan yil noyabr oyidan ko‘paya boshlagandi.

O‘shanda Prezident yangi konstitutsiya loyihasi ustida ishlayotganlar tezroq ishni bitirishlari niyatida o‘z vakolatlarini kengaytirib oldi. Bu amalni u muvaqqatligini aytgan edi.

Ammo norozilik namoyishlaridan keyin u ayrim vakolatlaridan voz kechishga majbur bo‘ldi.

Lekin noyabr oyining oxiriga kelib, Konstitutsion Kengash bir ma‘noda shoshilinch qabul qilingan konstitutsiyani qabul qildi - alhol, liberallar, dunyoviylar va Koptik Cherkov bu loyihaga qarshi edi.

Norozilik namoyishlari kuchayib borar ekan, Prezident Mursiy harbiy kuchlarni 15 dekabr, 2012 yil Konstitutsiya loyihasi bo‘yicha referendum o‘tguncha - milliy institutlar, ovoz berish mavzelarini qo‘riqlashga buyurdi. Ayrim tanqidchilar buni harbiy holat e‘lon qilinishiga teng amal deya talqin etdi.

So‘nggi namoyishlarga sabab - Mursiy janoblarining prezident o‘laroq qasamyodga keltirilganiga bir yil to‘lishi munosabati bilan Tamarod (Isyonkor) harakati tomonidan ko‘cha yurishlari bo‘ldi.

30 iyunda millionlab misrliklar ko‘chalarga chiqishdi.

Ayni namoyishlar yuzasidan harbiylar Prezident Mursiyga siyosiy inqirozni tugatish uchun 48 soatlik muhlat berdi, yo‘qsa, vaziyatga aralashish va o‘zlari yo‘l xaritasini joriy etishini aytdi.

48 soatlik muhlat yakuniga yetar ekan, Mursiy janoblari o‘zining qonuniy rahbar ekani va uni qudratdan chetlatishga har qanday harakat mamlakatni boshboshdoqlikka yetaklashini aytdi.

Nima uchun harbiylar chora ko‘rishga bel bog‘ladilar?

3 iyul kuni General Sisi siyosiy, diniy va yoshlar tashkilotlari rahbarlari bilan uchrashganidan so‘ng misrliklar "yordam so‘rashmoqda" va harbiylar sukut saqlab turisholmaydi, deb aytdi.

"Uchrashuvda qatnashganlar Misr kelajagi uchun yangi yo‘l xaritasini ishlab chiqishga, Misrda mustahkam jamiyat barpo etib unda barcha tomonlarning manfaaatlari aks ettirilishiga kelishib oldilar", deb aytdi General Sisi.

Go‘yo Mursiy janoblarining Musulmon Birodarlari harakati va unga hayrihoh boshqa islomiy guruhlar bilan ziddiyat kelib chiqishidan xavotirda bo‘lgan Sisi, harbiylar va politsiya zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga qarshi jiddiy chora ko‘radi deb ogohlantirdi.

Yo‘l xaritasida nimalar deyiladi?

General Sisiga ko‘ra, 2012 yilda qabul qilingan va tanqidlarga sabab bo‘lgan Konstitutsiyaga amal qilish hozirda to‘xtatilgan.

Barcha siyosiy guruhlarni o‘zida jamlagan Kengash Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish masalasini ko‘rib chiqadi.

Ammo ayni o‘zgartirishlar kiritilishi yuzasidan referendum o‘tkaziladimi yo‘qmi, General Sisi buni ochiqlamagan.

Oliy Konstitutsion Mahkamaning hakami Adli Mansur o‘tish davrida toki yangi prezident saylangunga qadar prezident vazifasini bajarib turadi.

General Sisi o‘tish davri qancha muddat kechishi va yo harbiylarning roli qanday bo‘lishi haqida ham hech narsa demadi. Ammo hech bir guruh va yo harakat bu jarayondan chetda qolmasligiga va‘da berdi.

Muhammad Mursiy taqdiri nima bo‘ladi?

Ag‘darilgan prezident va uning jamoasi hozirda xonaband qilingani haqida xabarlar bor.

Musulmon Birodarlari harakatining yuqori lavozimli rahbarlariga Misrdan tashqariga chiqish ta‘qiqlangan.

Prezidentning Tvitter hisobida Mursiy janoblari harbiylarning murojaati "Misrda fuqaroviy demokratik davlat qurish niyatida bo‘lgan barcha ozod insonlar tomonidan rad qilindi", deb aytdi.

U misrliklar va armiyani Misrni ortga yetaklaydigan ayni to‘ntarishni qabul qilmaslikka chaqirar ekan, barchani tinchlikka da‘vat etgan. Xunrezlikka yo‘l qo‘yilmasligi lozimligini urg‘ulagan.