Kuchli portlashlar Kobul markazini silkitib yuborgan

  • 24 May 2013

Kobul shahrida bir necha kuchli portlashlar ro‘y bergan, otishmalar boshlangan.

Tolibon yirik hujum boshlaganini e‘lon qilgan.

Shahar markazidagi ilk portlash mahalliy vaqt bilan soat 4 da yuz bergan.

Rasmiylarga ko‘ra, xudkush hujumchi portlovchi modda ortilgan avtomobilini portlashi ortidan jangarilar qurolli hujum boshlashgan.

Kobul politsiyasi so‘zchisi Hoshmat Stanikzay so‘zlariga ko‘ra, portlash Afg‘oniston milliy xavfsizlik agentligiga tegishli shifoxona va Afg‘on Jamoat xavfsizligini ta‘minlash kuchlari qarorgohi oldida sodir etilgan.

Jamoat xavfsizligini ta‘minlash kuchlari mamlakatdagi xorijiy shirkatlarni qo‘riqlash bilan shug‘ullanadi.

Jangarilar qaysi binoni nishonga olganlari aniq emas, biroq bu joyda Xalqaro Muhojirlik tashkiloti va BMTning Afg‘onistonga ko‘maklashish missiyasi UNAMA joylashgan.

Xalqaro Muhojirlik tashkiloti o‘zining bir xodimasi jiddiy jarohatlangani haqida xabar qilgan.

Uch qo‘riqchi ham yaralangan.

Afg‘on rasmiylariga ko‘ra, olti yoki yetti qurolli hujumda ishtirok etgan.

Ilk portlashdan keyin atrofdagi binolarga kirib olgan jangarilar granatalar uloqtirganlar, avtomat qurollardan o‘t ochishni boshlaganlar.

Otishma bir necha soat davom etgan.

Rasmiylar halok bo‘lgan va yaralanganlar haqida aniq ma‘lumot bermaganlar.

Tolibon so‘zchisi Zabihulloh Mujohidning "Frans Press" axborot agentligiga aytishicha, asosiy nishon Afg‘oniston istig‘borot xizmati va AQSh josuslik xizmati xodimlari foydalanadigan mehmonxona bo‘lgan.

Tolibon so‘zchisiga ko‘ra, bu mehmonxonada Amerika josuslik xizmati a‘zolari Afg‘on josuslari uchun o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazgan, ammo bu da‘vo haqiqatligini tekshirish imkonsiz.

Mahalliy do‘kondorlardan birining aytishicha, birinchi portlash kuchi uni o‘tirgan kursisidan uloqtirib yuborgan, so‘ng yana bir portlash ovozi eshitilgan.

Bundan oldin Kobulda 16 may kuni NATOning harbiy karvonini xudkush hujumchi avtomobili bilan nishonga olgan, oqibatda 15 kishi, jumladan besh amerikalik halok bo‘lgan edi.

Shu yilning 27 aprelida esa Tolibon "bahorgi janglari"ni boshlaganini e‘lon qilgan edi.