Ot go‘shti mojarosi: Holland shirkati rahbari hibsga olingan

  • 24 May 2013
Villi Selten barcha ayblovlarni asossiz, degan.

Hollandiya rasmiylariga ko‘ra, o‘z nomidagi ulgurji go‘sht ta‘minoti bilan shug‘ullanadigan shirkat rahbari Villi Selten hibsga olingan, u 300 tonna ot go‘shtini mol go‘shti deb sotganlikda gumon qilinmoqda.

Xabar qilinishicha, Willy Selten BV shirkati go‘shtni "Selten" ulgurji savdo markaziga yetkazgan, u yerdan esa Hollandiyadagi 130 ta, Ovro‘podagi esa 370 ta go‘shtni qayta ishlash bilan shug‘ullanadigan shirkatlar xarid qilganlar.

Villi Selten bilan birga shirkat ichki direktori hibsga olingani xabar qilinmoqda.

Prokurorga ko‘ra, ikki shaxs qalloblik va soxta buxgalteriya yuritishda gumon qilinmoqdalar.

Xabarlarga ko‘ra, shu yilning aprel oyida janob Selten shirkati molniki deb sotgan 50 ming tonna go‘sht tarkibida ot go‘shti bo‘lgan.

Ot go‘shti mojarosi qisqa vaqt ichida butun Ovro‘poga yoyildi.

Hollandiyadagi oziq-ovqat xavfsizligi uchun mas‘ul rasmiylar butun Ovro‘podagi yuzlab shirkatlardan Willy Selten BV kompaniyasidan olgan go‘shtlarini tekshirishni so‘ragan.

Prokuror bayonotiga ko‘ra, "bizneslar go‘yo 300 tonna ot go‘shtini Hollandiya, Angliya va Irlandiyadan 2011 va 2012 yillarda qabul qilib olganlar".

Bir kun oldin Hollandiya televideniyesi Villi Selten bilan suhbatlashgan.

Janob Selten qo‘yilayotgan ayblovlarda asos yo‘q, deb aytgan, o‘z faoliyatida biror bir jinoyat alomati yo‘qligini aytgan.

"Biz hech qachon mol go‘shti bo‘lmagan narsaga mol go‘shti degan yorliqni yopishtirmaganmiz", deb aytgan Villi Selten.

Aprel oyida janob Seltenning shirkati kasodga uchragan, u nazorat idorasini qariyb 6 million Yevro zarar ko‘rganlikda ayblab mahkamaga bergan edi.

Ot go‘shti mojarosi shu yilning yanvarida Irlandiyada boshlangan, tez orada butun Ovro‘po, Frantsiya, Shveytsariya, Shvetsiya va Olmoniyani qamragan edi.