BBC navigation

"Uyat, ochlik va sovuqqa ko‘nikdik"

Сўнгги янгиланиш 22 май 2013 - 13:33 GMT

Tojikistondagi 25 ming ko‘zi ojiz bola uchun bor-yo‘g‘i to‘rtta maxsus maktab bor

Hisordagi ko‘zi ojizlar maktabida o‘qiydigan Ruhafzo kelajakda xonanda bo‘lish orzusini aytadi.

"Hamma mening ovozim yaxshiligini aytadi" - deydi qizaloq - "Lekin onam meni musiqa maktabiga olib borolmaydi. O‘zimcha pianino chalish va ashula aytishni o‘rganayapman".

Ruhafzo o‘z orzusiga yetishi uchun bir qadar imkonli. U ko‘zi ojizlar maktabiga yaqin yashaydi va shu bois bu yerda yoshligidan savod chiqarmoqda.

Ammo Tojikistondagi 25 ming nafar ko‘zi ojiz bolaning 80% maktabga borish imkoniyatidan mahrum.

Dushanbega yaqinidagi Hisor shaharchasida joylashgan internat-maktab kabi bilim dargohlari butun mamlakat bo‘yicha bor-yo‘g‘i to‘rtta, xolos.

Ammo mavjud maktablarda ham maxsus kitoblar va asbob-uskunalar taqchil. Maosh ozligi bois mutaxassis muallimlar ko‘zi ojizlarni o‘qitish kabi qiyin kasbni tashlab ketishmoqda.

O‘qishdan so‘ng ish yo‘q

Tojikistonda bugun nafaqat nogiron bolalar, balki katta yoshli ko‘zi ojizlar ham og‘ir ahvolda.

Sovet davrida ular ishlagan maxsus korxonalardagi mahsulotlarga hozir talab yo‘q. Sababi - bozorlarni arzon Xitoy mollari bosgan.

Ayrimlarga ko‘ra, ko‘zi ojizlar ishlab chiqarishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarni chetdan keltirishga cheklov kiritish zarur.

Nogironlar bolalari ham ba‘zida tilanchilik qilib, non topishlari kerak

Lekin Hisordagi maxsus maktab direktori Surayyo Soliyeva hozir bu nogironlarni hayotga tayyorlash uchun boshqa kasblarni o‘rgatish zarurligini ta‘kidlaydi.

"Ko‘zi ojizlar maktablarini bitirib chiqqanlarning ish topishi juda qiyin" - tan oladi Soliyeva-xonim - "Ammo bizning o‘quvchilar massajchilik, xonandalik, poyabzal tuzatish va muallimlik kabi kasblarni tanlashmoqda".

Hozir Tojikiston rasmiylari sog‘lom va nogiron bolalarni birgalikda o‘qitish tajribasini jorish etishmoqchi.

Shu asno nogironlarga nisbatan hurmat shakllanadi, ularning sog‘lom jamiyat vakillari bilan birga yashashlari imkoni yuzaga keladi va uzoqdagi internat-maktablarga ketib, ota-onalaridan uzoqlashib ketishlari shart bo‘lmaydi.

Yo‘l chetidagi hayot

"Mening erim ko‘chada turib, tilanchilik qiladi" - deydi ko‘zi ojiz Qudratoy - "Gadoychilik ortidan bolalarning qornini to‘ydirayapman. Biron joyda ishlay desam, ish yo‘q".

Uning ko‘zi ojiz eri bir necha yil oldin ko‘chada sovuqda qotib, olamdan o‘tgan. Uch bolaning tashvishi Qudratoyning yelkasida.

Qudratoy eri bilan birga ishlagan korxona Sovet Ittifoqi bilan biga qulagan. Yuzlab ko‘zi ojiz odamlar ishsiz qolishgan.

Boshqa ish topish qiyin. Atigi bir necha dollarga teng nogironlik nafaqasi esa hech narsaga yetmaydi.

"Ba‘zan odamlar rahmi kelib yordam berishadi" - deydi Qudratoy.

"Men doimiy ochlik, sovuq va uyatga ko‘nikib ham qoldim".

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.