BBC navigation

Eron: Islohotchi nomzodlar qolmadi

Сўнгги янгиланиш 22 май 2013 - 11:58 GMT

Rafsanjoniy nomzodi rad etilishi ortidan prezidentlik saylovida faqat an‘anador nomzodlar qolishmoqda

Eronning eng pragmatik siyosatdonlaridan biri sifatida ko‘rilgan sobiq prezident Akbar Hoshimiy Rafsanjoniy 14 iyundagi saylovda prezidentlik uchun kurasha olmaydi.

Mamlakat Inqilob Qo‘riqchilari Kengashi uning nomzodini prezidentlik uchun yaroqsiz, deb topgan.

Biroq bu qaror saylov jarayonida yana norozilik va tartibsizlikka sabab bo‘lishi mumkin. Sababi - Rafsanjoniy tarafdorlari siyosiy jarayonlarni tark etib, saylovni boykot qilish ehtimoli katta.

Tarafdorlar esa ko‘pchilik. Ular bir qator kuchlim ijtimoiy guruhlarni, o‘rta tabaqani, tijoratchilar va diniy olimlarni o‘z ichiga oladi.

Xullas, Erondagi tuzum endi o‘zi rad etgan mazkur ijtimoiy guruhlarning g‘azabiga uchramaslik uchun, juda kuchli himoya qalqoni yaratishi lozim.

Ayni damda, uning tarafdorlari 78 yashar siyosatchini nafaqaga chiqarib, siyosiy sahnaga boshqa yetakchini chiqarish ustida bosh qotirishlari ehtimoli ham aytilmoqda.

Inqilobchidan islohotchiga

Janob Rafsanjoniy - Eron Islomiy Jumhuriyatiga asos solgan siyosatdonlardan biri. U 8 yillik Eron-Iroq urushidan mamlakatni olib chiqqan va keyin qayta tiklash dasturlariga bosh-qosh bo‘lgandi.

Ammo keyingi yillari janob Rafsanjoniy ancha mo‘‘tadil siyosatchiga aylangan va ham ichki, ham tashqi siyosatda ochiqlik hamda yumshoqlikka chaqirib kelayotgan edi.

Ammo Erondagi an‘anador va o‘ng-qanot guruhlar bunday o‘zgarishlarni istashmaydi. Shu bois iqtidordagi konvservator kuchlar islohot o‘tkazishga urinayotgan siyosatdonning mavqeini pasaytarishga bel bog‘ladilar.

Eron yoshlari ochiq va erkin jamiyat istashadi

Ko‘pchilikning ishonishicha, ayni shu kabi siyosiy sabablar ortidan uning o‘g‘illari ham qamoqqa tashlangan.

Eronda ma‘lumotli o‘rta tabaqa mavqei kuchayishi ortidan mamlakatda ham o‘zgarishlar yuz beradi, degan fikrlar yo‘q emas.

Lekin bu kabi ziyoli tabaqa siyosiy ma‘noda ihotalanib qolishi ham mumkin, degan xavotirlar mavjud.

Uzoq muddat islohotchilar va an‘anadorlar o‘rtasidagi muhorabaga guvoh bo‘lib kelgan Eron siyosiy sahnasi so‘nggi yillari ko‘proq iqtisodiy muammolar bilan o‘ralashib qoldi.

Ayni damda, mamlakat yadroviy dasturi bo‘yicha G‘arb bilan yuzaga kelgan tanglik ham ichki siyosatdagi kelishmovchiliklarni bir qadar e‘tibordan chetga tortgan.

Biroq Mahmud Ahmadinejodning qayta saylanishi ortidan to‘rt yil oldin yuzaga kelgan davomli noroziliklar to‘lqini mamlakat ichkarisidagi vaziyat nozikligini ham ko‘rsatmoqda.

Shunga qaramay, Eron Islomiy Jumhuriyatida o‘ziga xos demokratik tamoyillar ishlaydi.

Deylik, prezident ikki muhlatdan keyin qayta saylana olmaydi. Yoxud parlament istagan payti prezident qudratini kesishga qodir.

Masalan, o‘z davrida islohotparvar prezident Muhammad Hotamiy an‘anadorlar mavqei kuchli parlament oldida ojiz qolgan va an‘anador deputatlar qarshiligi bois prezidentlikka kelguncha bergan islohotparvar va‘dalarini deyarli bajara olmagan edi.

Yaqin Sharqni tutgan "Arab bahori" Eronga ham ko‘chishi borasida ayrim fikrlar yo‘q emas. Lekin ko‘pchilikning ishonishicha, Eronda bunaqa inqilob yuz bermasligi ehtimoli katta.

Sababi - mamlakatda muayyan demokratik tamoyillar ishlaydi, arab davlatlaridan farqli tarzda yakkahokim hukmronlar uzoq yillar Eronni boshqarib kelishayotgani yo‘q va davlat rahbarlari parlament yo xalq oldida hisob berib borishga majbur.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.