BBC navigation

"Axloqsiz" ayollar soni nega oshmoqda?

Сўнгги янгиланиш 22 май 2013 - 12:16 GMT

Afg‘on qamoqxonasidagi mahkuma

Surayyo 12 yoshida majburan turmushga uzatilgan. Keyin erining kaltaklaridan bezor bo‘lib qochib ketadi.

Ammo politsiya uni uydan qochib ketish kabi "axloqiy jinoyatda" ayblab, hibsga oladi.

Surayyo hozir besh yarim yillik qamoq jazosini o‘tamoqda.

Uning taqdirini o‘rgangan Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkilotiga ko‘ra, Surayyo qamoqqa olinganida homilador edi, ammo panjara ortida tug‘ilgan bolasi uch hafta ichida nobud bo‘ladi.

Surayyo kabi yosh ayollar soni esa Afg‘onistonda keskin oshmoqda. O‘tgan bir yarim yil davomida "axloqiy jinoyatlar" uchun qamoqqa olingan xotin-qizlar soni 600 nafarga yetgan.

Tolibon davridan beri bunchalik ko‘p ayol "axloqiy jinoyat" uchun jazolanmagan edi. Mahkumalardan har oltinchisi hali 18 yoshga ham to‘lmagan o‘spirin qizlardir.

Qizlarning o‘zi istamagan odamga turmushga chiqishdan bosh tortishi va yo ayollarning zo‘ravon eri zug‘umidan qochib ketishi ham ularni qamoqqa tashlash uchun yetarli sanaladi.

"Ba‘zi zo‘rlangan ayollar esa zino aybi bilan qamoqda o‘tiribdi" - deydi Human Rights Watch - "Hukumat esa jabrdiydalarni jazolamasdan, haqiqiy aybdorlarga nisbatan qattiqqo‘l bo‘lishi kerak".

Inson huquqlari tashkilotining ushbu hisobotidan hali bir necha kun oldin mamlakat parlamenti ayollar huquqlarni himoya qiluvchi qonun borasidagi bahslarni to‘xtatib qo‘ygandi.

Bu qonun, xususan, voyaga yetmagan qizaloqlarni majburan turmushga berish va oilada ayollarga qarshi zo‘ravonliklarni cheklashni nazarda tutardi.

Hozir Afg‘onistonda jinsiy tajovuzga duch kelgan qiz bola politsiyaga murojaat qilsa, uning o‘zini zino aybi bilan hibsga olishlari ehtimoli katta.

Yoshi katta odamlarga va ikkinchi-uchinchi xotinlikka rozi bo‘lmay, uyidan qochib ketgan yosh qizlar ham ushlansa, mahkamaga tortilib, qamoqqa tashlanadi.

Ba‘zida politsiya xodimlari qizlarning bokiraligini majburan tekshiradi va bu o‘rinda hatto shifokorni ham chaqirmaydi.

Human Rights Watch tashkilotining Kobuldagi vakili Hezer Barrning aytishicha, "axloqiy jinoyat" ayblari bilan hukm etilayotgan ayollarning ko‘payotgani Afg‘onistondagi qattiqqo‘l an‘anadorlar ta‘siri oshganini anglatadi.

"NATO chiqib ketishi oldidan an‘anador kuchlar o‘zlariga tobora ko‘proq ishonishmoqda" - deydi Hezer Barr - "Ular xorijiy kuchlar ketishsa, ahvol yana eski paytdagidek bo‘ladi, deb o‘z bilganlaricha ish tutishmoqda".

Human Rights Watch tashkiloti Prezident Homid Karzayga chaqiriq bilan chiqib, yosh qizlarning uyidan qochib ketishini jinoiy harakatlar sirasidan chiqarib tashlashni so‘ramoqda.

Afg‘on hukumati hozir ushbu chaqiriqqa o‘z javobini tayyorlayotganini aytmoqda.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.