O‘zbekiston Islomiy Harakati Kvettadagi hujum uchun mas‘ulligini aytdi

  • 15 May 2013
Hujumda bir necha politsiya xodimlari halok bo‘lgan

13 may kuni Pokistonning Kvetta shahrida politsiya boshlig‘ini nishonga olgan hujum uchun ma‘suliyatni O‘zbekiston Islomiy Harakati o‘z zimmasiga olgan.

Hujumda 10 kishi halok bo‘lgan, 75 inson yaralangan.

"SITE Intelligence Group" nashrining O‘IH bayonotidan iqtibos keltirishicha, guruh voizi Yahyo Hikmatiy hujum nishoni Baluchiston politsiyasi boshlig‘i, general Mushtaq Ahmad Suhera bo‘lganini tasdiqlagan.

Hujumda bir necha politsiya xodimlari halok bo‘lgan.

Qator jihodiy forumlarda e‘lon qilingan bayonotida O‘IH Kvettadagi hujum o‘tgan oy Pokiston armiyasi amalga oshirgan havo zarbalariga javob amali ekanini aytgan.

Hujumda o‘zbek islomiy jangchilari nazorat qilishi aytilgan Zubayr madrasasi nishonga olingandi.

Ota-bola o‘zbek hujumchilari

Pokiston xabar agentliklarining rasmiylarga iqtibosan yozishicha, Kvettadagi bomba hujumini Ali ismli 52 yoshli o‘zbek hujumchisi amalga oshirgan.

Portlovchi moddalar ortilgan mashinadagi hujumchi politsiyasi boshlig‘ining konvoyi qattiq qo‘riqlanadigan Baluchiston politsiyasi qarorgohiga kirib borayotgan payt bombani portlatgan.

Xabarlarga ko‘ra, u o‘z mashinasini avvaliga general Ahmad Suhera o‘tirgan mashinaga borib urmoqchi bo‘lgan, ammo nishonni o‘tkazib yuborgan.

Shundan so‘ng konvoydagi politsiya avtoulovlaridan biriga borib urilgan.

Pokiston mulozimlariga ko‘ra, Alining Umma Usmon ismli qizi ham 2012 yil noyabrida Mohmand mintaqasida o‘zini portlatib yuborgan.

Hujumda Jamoati Islomiy partiyasi rahbari Qozi Husayn Ahmad nishonga olingani aytiladi.

Hodisada burqa kiyib olgan ayol hujumchi Qozining konvoyi yaqinida o‘zini portlatib yuborgan, ammo Jamoati Islomiy rahbari omon qolgan.

O‘zbekiston Islomiy Harakati Pokistonning Afg‘oniston bilan chegaradagi qabila hududlarida amal qilishi aytiladi.

Harakat asoschisi Tohir Yo‘ldosh 2008 yilda AQShning dron hujumida halok bo‘lgan.

Undan keyin harakatga rahbar etib tayinlangan Abu Usmon Odil ham 2012 yildagi havo hujumida o‘ldirilgan.

Pokistonda amal qilayotgan o‘zbek jangarilarining soni bir necha yuz ekani aytiladi.

So‘nggi paytlarda Markaziy Osiyo davlatlari rasmiylari O‘IH jangarilarining Afg‘oniston shimolida faollashganidan xavotir izhor qilishgan.

O‘tgan hafta Prezident Islom Karimov AQSh va Nato qo‘shinlari 2014 yilda Afg‘onistonni tark etishi ortidan mintaqada vaziyatning yomonlashishini aytgan.