AQSh Afg‘onistonda 9ta harbiy bazasini saqlab qolmoqchi

  • 9 May 2013
Karzay janoblari Amerikani Tolibonga dastak berishda ayblagandi

Prezident Karzayning aytishicha, kelasi yil jangovor amaliyotlar nihoya topgach, Qo‘shma Shtatlar Afg‘onistonda 9ta harbiy baza qoldirishni istaydi.

Karzay hukumati mamlakatda AQShning 2014 yildan keyingi harbiy hozirligi borasida uzoq vaqtdan beri muzokaralar olib boradi.

Ammo, Amerika qo‘shinlarining Afg‘onistondagi kelajagi borasida ilk bor bu kabi aniq tafsilot e‘lon qilinmoqda.

"Prezident Karzayning 2014 yildan keyin ham Afg‘onistonda xalqaro harbiy bazalar qolishi borasida ma‘lum qilishi yaqin oylarda AQSh haqida aytgan izohlari ohangiga mos tushmaydi", deydi BBC muxbiri David Loyn.

Karzay janoblari Amerikani Afg‘onistonda abadiy harbiy bazalarga ega bo‘lish maqsadida Tolibonga dastak berayotganlikda ayblagandi.

"Aftidan bu xalqaro kuchlarning kelajakdagi rolini noto‘g‘ri anglash natijasi", deydi BBC muxbiri.

Xorij qo‘shinlari Afg‘onistonda jangovor amaliyotlari uchun emas, balki afg‘on armiyasini tayyorlovdan o‘tkazish hamda ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qoldirilishi aytilmoqda.

"Ammo, Qo‘shma Shtatlar qoldirishni istayotgan 9ta baza ba‘zi sharhlovchilar bashorat qilganlaridan ko‘ra ko‘proq", deydi janob Karzay.

Harbiy bazalar mamlakatning yirik shaharlari bo‘ylab joylashtirilishi, jumladan, Helmand, Bagrom, Shindand va Hirot yaqinida saqlanib qolishi ehtimoli haqida gapiriladi.

Mazkur harbiy bazalar uchun 20 ming nafarcha qo‘shin zarurligi va aftidan, 2014 yidan keyingi AQSh harbiy hozirligi shuncha hajmda bo‘lishini taxmin qilish mumkin.

Ular safida NATOga a‘zo boshqa davlatlarning kichik sondagi kuchlari ham faoliyat qiladi.