BBC navigation

Faollar Muhammad Bekjonning sog‘lig‘idan xavotir bildirishmoqda

Сўнгги янгиланиш 31 март 2013 - 13:56 GMT

"O‘zbekistonda halol va adolatli saylovlar uchun" norasmiy jamoat birlashmasiga ko‘ra, siyosiy mahbus Muhammad Bekjonning sog'lig'i jiddiy yomonlashgan.

Muhammad Bekjonning rafiqasiga tayanib tarqatilgan xabarda Zarafshon shahridagi UYa-48 qamoqxonasida qolayotgan 59 yoshli Muhammad Bekjon qator xastaliklardan aziyat chekayotgani va jiddiy tibbiy muolijaga muxtojligi aytiladi.

Tarqatilgan matbuot xabarida nafaqat Muhammad Bekjon, balki O‘zbekiston qamoqxonalarida qolayotgan qator siyosiy mahbuslar, huquq himoyachilari va jurnalistlarga ham risoladagidek tibbiy yordam zarurligi urg‘ulangan.

"Biz, "Erk" Demokratik Partiyasi a‘zolari O‘zbekiston hukumatidan va shaxsan Prezident Karimovdan davolanishga muxtoj mahbuslarga diqqat qaratishni hamda barcha siyosiy mahbuslar, huquq himoyachilari va jurnalistlarni zudlik bilan ozod qilishni talab qilamiz", deydi "O‘zbekistonda halol va adolatli saylovlar uchun" norasmiy jamoat birlashmasi.

Shu bilan birga jamoat birlashmasi xalqaro "Qizil Xoch" tashkilotidan O‘zbekistondagi qamoqxonalarga borib, siyosiy mahbuslar salomatligi bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganishni hamda BMTning Inson huquqlari kengashiga hisob berishni so‘raydi.

Muhammad Bekjon

Muhammad Bekjon 1999 yil fevralida Toshkentda sodir etilgan portlashlarga aloqadorlikda ayblanib, Kiyevda hibsga olingan va O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan edi.

Muhammad Bekjon mahkamada portlashlarga aloqadorlik haqidagi ayblarni qat‘iyan rad etgan va qiynoqqa solinganini aytgan. Biroq, unga 15 yillik qamoq jazosi berilgan.

"Erk" ro‘znomasining bosh muharriri bo‘lgan Muhammad Bekjon o‘zbek muxolifati lideri Muhammad Solihning ukasidir.

59 yoshli siyosiy mahbusga berilgan muddat 2012 yil fevralida nihoyasiga yetishi va ozodlikka chiqarilishi kutilgan, ammo qamoqxona ma‘muriyatiga bo‘ysunmaslikda ayblanib, unga berilgan jazo 5 yilga uzaytirilgan.

Jurnalistlarni Himoya etish xalqaro qo‘mitasi va qator xalqaro tashkilotlar mahkamaning ushbu qarorini qoralab chiqishgandi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.