Rossiya Shimoliy Koreya bo‘yicha vaziyatdan xavotirda

  • 29 Mart 2013

Rossiya Shimoliy Koreyaga doir ziddiyat nazorat qilib bo‘lmaydigan darajaga yetib kelayotgani bilan ogohlantirgan.

Avvalroq Pxenyan o‘z raketalarini hozirlik holatiga kiritganini aytgandi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov vaziyat taranglashib borayotganidan xavotir izhor qilgan.

Kim Jong-un raketalarni shay holatga keltirishni Amerikaning bombardimonchi uchoqlari Janubiy Koreya havo hududa paydo bo‘lganidan keyin buyurgan.

Bu haqda xabar bergan davlat axborot agentligiga qo‘ra, Shimoliy Koreya rahbari Amerika bilan "hisob-kitob qilish" vaqti yetildi deb aytgan.

Yillik harbiy mashqlar va BMTning yangi jazo choralari Shimoliy Koreyaning g‘azabiga sabab bo‘lgani aytiladi.

Shimoliy Koreya rahbari Amerika uchoqlarining Janubiy Koreya havo hududida paydo bo‘lishini "ular bizning mintaqada yadro urushi keltirib chiqarish uchun har qanday amalga qo‘l urishmoqda" deb ta‘riflagan.

Amerikaning o‘zi, Havayi, Guam va Janubiy Koreyadagi harbiy bazalari nishon o‘laroq ko‘rsatilgan.

Payshanba kuni Amerika va Janubiy Koreya harbiy mashqlar chog‘ida bombardimonchi uchoqlar parvozini yo‘lga qo‘ygandi.

Vashington mintaqadagi har qanday "holat"ga tayyor ekanligini aytgan.

Shimoliy Koreyaning savdo sohasida eng yirik hamkori Xitoy har ikki tomonni ham ziddiyatni yumshatishga da‘vat qilgan.

Ammo Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov vaziyatni nazorat etib bo‘lmaydigan pallaga kirishi ehtimoli bilan ogohlantirdi.

Sergey Lavrov harbiy muskullarni ko‘rsatib geosiyosiy maqsadlarga erishish kerak emasligini urg‘ular ekan, Amerikaning bombardimonchi uchoqlari parvoziga ishona qildi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari esa B-2 uchoqlari Amerikaning o‘z ittifoqchilari himoyasiga qodirligi va lozim bo‘lganda mo‘ljalni tez hamda aniq olishi haqida bayonot berdi.

"Shimoliy Koreyaliklar o‘z amallarining xatornok ekanini tushunib yetishlari kerak", deb aytdi Amerika Mudofaa vaziri Chak Hagel.

"Biz Shimoliy Koreyaning ig‘volarini jiddiy qabul qilamiz va javob beramiz", dedi u.

Bu mavzuda batafsilroq