BBC navigation

"Aeroflot" O‘zbekistonga nisbatan chora ko‘rishga chaqirmoqda

Сўнгги янгиланиш 21 март 2013 - 12:09 GMT

"Aeroflot" rahbarlaridan Shamil Kurmashevning murojaati matbuotda e‘lon qilingan, bu murojaatda aytilishicha, O‘zbekistonda konvertatsiya bilan bog‘liq muammolar Rossiya shirkatlarining O‘zbekistondagi faoliyatiga to‘sqinlik qilayapti.

"Aeroflot - Rossiysikiye Avialinii" shirkati bosh direktori o‘rinbosari Shamil Kurmashev Rossiyadagi havo transporti foydalanuvchilari assotsiatsiyasiga murojaat qilgan.

Uning murojaati "Aviatransportnoye obozreniye" veb-saytida e‘lon qilingan.

"Aeroflot" bosh direktori o‘rinbosariga ko‘ra, shirkat uzoq vaqtdan buyon O‘zbekistonda konvertatsiya muammosi va O‘zbekiston hududida sotilgan aviachiptalarning pullarini Rossiyaga o‘tkazishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Shamil Kurmashevga ko‘ra, O‘zbekiston bilan Rossiyaning havo qatnovi bilan shug‘ullanadigan mas‘ullari o‘rtasida bu masalani hal etib bo‘lmagach, u Rossiya va O‘zbekiston hukumatlararo komissiyasi uchrashuviga kun tartibiga kiritilgan.

O‘tgan yil 13 dekabridagi Toshkentdagi uchrashuvda ham O‘zbek tomoni bilan muammoni hal etib bo‘lmagan.

"Aeroflot" bosh direktori o‘rinbosari o‘tgan yil dekabri va shu yil yanvarida O‘zbekiston hukumati va prezidenti xorijiy valyutalarga bog‘liq farmon va qarorlar qabul qilganini, ularning ijrosi esa shirkatga katta moliyaviy zarar keltirishini aytadi.

Shamil Kurmashevning yozishicha, O‘zbekiston qonunchiligidagi ushbu o‘zgarishlar havo qatnovi bilan shug‘ullanadigan xorijiy shirkatlar uchun aniq diskriminatsion xarakterga ega.

Rossiya aviashirkati vakiliga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni xalqaro huquqning muhim tamoyili - o‘zaro manfaatdorlik tamoyilini buzayapti, shuning uchun Rossiya tomonida bunga javoban retorsiya yo‘lini qo‘llash huquqi bor.

Retorsiya - biror bir mamlakatning jismoniy va yuridik shaxsiga nisbatan tahqirlovchi amal qilganda bu mamlakatning o‘sha amalni sodir etgan mamlakatni qaytishga undash maqsadidagi majburiy amal ekanini eslatgan Rossiya aviashirkati vakili.

Hozirgi kunda Rossiyaning "Aeroflot", "Transaero" va "YuTeyr" aviashirkatlari bir haftada O‘zbekiston shaharlariga 14 ta parvoz amalga oshirishlari xabar qilinadi.

Rossiyaning O‘zbekistonda faoliyat boshlagan boshqa qator shirkatlari ham O‘zbekistonda konvertatsiya muammolariga duch kelayotganlari shikoyat qilganlar va bu masala bir necha marta ikki mamlakat hukumatlararo komissiyalari muhokamalariga qo‘yilgan edi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.