BBC navigation

Vladimir Putin: Qibrisda bank depozitlariga soliq solish adolatsizlik

Сўнгги янгиланиш 18 март 2013 - 15:19 GMT

Qibris hukumatining Ovro‘po Ittifoqining talabiga binoan bank depozitlariga soliq solish qarorini Rossiya Prezidenti "adolatsiz, jiddiy o‘ylanmagan, xavfli qadam bo‘ladi" deb aytgan

Qibris hukumatining Ovro‘po Ittifoqining talabiga binoan bank depozitlariga soliq solish qarorini Rossiya Prezidenti "adolatsiz, jiddiy o‘ylanmagan, xavfli qadam bo‘ladi" deb aytgan.

Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedevga ko‘ra esa Qibris hukumatining tutayotgan yo‘li "juda g‘alati" va "bahsli" hisoblanadi. "Ochig‘ini aytganda bu birovning pulini o‘zlashtirishdan boshqa narsa emas", degan janob Medvedev.

Bankdagi mablag‘larga soliq Qibrisga va‘da qilingan 10 milliard yevro (13 milliard dollar) yordam berishning asosiy talabi hisoblanadi.

Bundan kelib chiqib, 100 ming yevro mablag‘ga 6,75 foiz, 100 ming yevrodan oshiq mablag‘ga 9,9 foiz soliq solinishi ko‘zda tutiladi.

Bank depozitlariga bu tariqa soliq solinishi Ovro‘po mamlakatlarining Qibrisga ajratilgan ko‘mak pullarini Qibris banklari mablag‘larini saqlayotgan xorijliklar, jumladan rossiyaliklar qo‘liga tushib qolishi haqidagi xavotirlari bois kiritilgani aytilgan.

Der Spiegel nemis nashri o‘tgan yili xabar berishicha, rossiyalik biznesmenlar Qibris banklarida 26 mlrd dollardan ortiq soliqdan yashirilgan pullarini saqlashadi.

Qibrisda nimalar bo‘lmoqda?

Qibrisdagi iqtisodiy inqirozga Ovro‘poda boshlangan inqirozning davomi sifatida qaralmoqda.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, kichkina orol o‘zining muammolari bilan o‘tgan yildan buyon yolg‘iz qolgan.

Mamlakat iqtisodi Gretsiya iqtisodiga qattiq bog‘langani sababli u yerda boshlangan muammolar Qibrisga ham yetib keldi.

Mamlakat xazinasida nafaqa va yordam pullarini to‘lashga mablag‘ yo‘q. Tashqi yordamsiz mamlakat iqtisodi bir necha haftalar ichida barbod bo‘lishi bong urilmoqda.

Ovro‘po Ittifoqi bilan ko‘mak borasidagi muzokaralar o‘tgan yilning yozida boshlangan bo‘lsa ham, o‘tgan haftaning oxirida bu borada bir qarorga kelindi.

Mamlakatda odamlar vahimaga tushgan. Nima qilishni bilmagan odamlar bankdagi raqamlaridan zudlik bilan pullarini sug‘urib olishga intilishmoqda. Biroq aksariyat bankomatlar allaqachon o‘z faoliyatini to‘xtatgan, boshqalari esa bir olishda 600 yevrodan ortiq pul bermayotgani ham odamlarning vahimasini kuchaytirib yuborgan.

Rossiyaliklarning xavotiri

E‘lon qilingan soliq ayniqsa rossiyalik biznesmenlarning xavotiriga sabab bo‘lgan. Rossiya shirkatlari bu vaziyatda Qibrisdan chiqib ketishi kuchayishi aytilmoqda.

Qibrisda oddiy fuqarolarning qancha pullari borligi noma‘lum.

"Mablag‘ini xorij banklarida yashirish - borib turgan bema‘nilikdir,- deydi Rossiya banklari assosiatsiyasi rahbari Garegin Tosunyan.

Uning aytishicha, Rossiya rubli oxirgi o‘n yillikdagi eng barqaror valyuta hisoblanadi. Shuningdek Rossiya banklari ham, deb aytgan janob Tosunyan.

Ayni paytda, Qibris banklaridagi mablag‘larga soliq solish haqidagi qaror qabul qilinishi uchun parlamentda bitta ovoz yetmay turibdi.

Qibris hukumati mamlakatdagi banklarni ochilishini 19 martdan 20 martga qoldirgan.

Yakshanba kuni Qibris Markaziy banki barcha banklarga har qanday pul muomalalarini to‘xtatib turishni buyurgan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.