BBC navigation

O‘zbekistonda bozorlarni yana qayta "o‘zlashtirish" boshlandimi?

Сўнгги янгиланиш 1 март 2013 - 17:39 GMT

Qarshi shahridagi "Orzu kamalagi" bozoridagi 1000 dan ortiq savdogar 17 fevraldan buyon ish va daromadsiz qolganlar.

Shu munosabat bilan tujjorlar norasmiy O‘zbekiston Inson huquqlari jamiyatiga murojaat qilganlar.

"2013 - Obod turmush yili"da bizning obodligimizni barbod qilishdi", deb boshlanadigan tadbirkorlarning murojaati Qashqadaryo viloyati hokimiga, viloyat soliq idorasiga ham yo‘llangan.

"Orzu kamalagi" savdo majmuasida o‘z biznesini yuritadiganlarning BBCga aytishlaricha, shu yilning 17 fevral kuni majmuani yopishga qaror qilingan.

Tadbirkorlarga "ta‘mirlash uchun yopilayapti", deya tushuntirish berilgan.

Qarshi shahri rahbariyati majmuada do‘kon sotib olib, har oy muntazam soliq va patent to‘lovlarini to‘lab kelayotgan tadbirkorlar bilan uchrashuv tashkil etgan hamda bozor 1 mart kuni qayta ochiladi, deya vaa‘da berilgan.

"Orzu kamalagi"da O‘zbekistonning o‘zida ishlab chiqarilgan nooziq-ovqat mahsulotlari bilan savdo qiladigan tadbirkor ayolning aytishicha, 1 mart kuni Qarshi shahar va Qashqadaryo viloyat militsiya bo‘linmalari xodimlari bozorga tashlanganlar.

Tadbirkorlarga bu yerdagi o‘z tovarlarini olib ketish buyurilgan.

Nega degan savolga tujjorlar tayinli javob ololmaganlar.

"Bozor ma‘muriyatining joylarni noqonuniy sotgani" va bu kamchiliklarni tuzatish lozim"ligi aytilgan.

Tadbirkorlar esa, agar "Orzu kamalagi" savdo majmuasi mas‘ullari biror bir noqonuniy amallarga qo‘l urgan bo‘lsalar, nega buning uchun bu yerda qonuniy biznes yuritgan, savdo qilgan kishilar aziyat chekishlari kerak, degan savolni berishmoqda.

Ammo na Qarshi shahar hokimligi, na tadbirkorlarni bozordan quvayotgan militsiya minglab kishilarni ishsiz, daromadsiz qoldirayotgani asl sababi borasida izoh bermayapti.

"Bizni arz-dodimizni hech kim tinglamayapti, minglab kishilar ishsizligiga olib keldi. Bu bilan hukumatimizga yana ishsizlar soni oshdi. Bozor buzilgudek bo‘lsa necha millionlab mablag‘imizga kuyib qolishimizga to‘g‘ri keladi", deyiladi o‘z huquqlari poymol etilayotganidan shikoyat qilgan tadbirkorlarning murojaatida.

O‘zbekistonda xuddi shunday hodisalar 2002 yilda ko‘p bor yuz bergandi.

Butun O‘zbekiston bo‘ylab o‘n minglab, balki yuz minglab savdo bilan shug‘ullanuvchilar, avtobus, marshrut taksi va taksilar haydovchilari va oshxona-tamaddixonalarda insonlarni band qilgan "Ippodrom" yopilgandi.

Bu hukumatning bozorlar faoliyatini takomillashtirish, mamlakatga boji to‘langan sifatli mahsulot olib kirish maqsadlari bilan tushuntirilgan.

Biroq bu o‘zgarishlar nafaqat Toshkentda, balki butun respublikada "qurish", "qayta qurish" bahonasida amaldorlarning mablag‘ o‘zlashtirishlariga yo‘l ochgan.

Bozorlardagi savdo o‘rinlari qayta-qayta sotilgan, mablag‘lariga "kuyib qolgan" tadbirkorlarning arz-dodlariga quloq solinmagan.

2002 yildagi amallar "bozorlar faoliyatini tartibga solish"dan ko‘ra ko‘proq "hukumat tepasidagi odamlar"ning qarindoshlari uchun raqib bo‘lgan "chelnok"lar qatlamini yo‘q qilish maqsadini ko‘zlagani haqidagi fikr-mulohazalar bildirilgan.

Mamlakatda shu yil yanvarida chetdan import tovarlarni olib kirishni cheklash, iste‘mol mahsulotlarini O‘zbekistonning o‘zida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadidagi choralarga qo‘l urilgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.