BBC navigation

O‘zbekiston AQShdan ko‘proq harbiy yordam so‘ramoqda

Сўнгги янгиланиш 28 феврал 2013 - 15:46 GMT

Robert Bleykka ko‘ra, O‘zbekistonga berilayotgan yordam "mudofaa xarakteri"ga ega

AQSh O‘zbekistonga Andijon voqealari ortidan to‘xtatib qo‘yilgan aksilterror yordamini qayta qo‘lga qo‘ymoqchi.

Bu haqda Qo‘shma Shtatlar Davlat Kotibining yordamchisi Robert Bleyk ma‘lum qilgan.

Kongressning "Avrosiyoga islomiy jangarilik tahdidi"ga bag‘ishlangan tinglovida Davlat Departamentining Markaziy Osiyo bo‘yicha mas‘ul mulozimi mintaqa davlatlariga aksilterror hamkorligi va Afg‘onistondagi amaliyotlar doirasida ko‘rsatilayotgan yordam haqida hisobot bergan.

Janob Bleykka ko‘ra, o‘tgan yili Qo‘shma Shtatlarning Markaziy Osiyodagi sobiq sovet davlatlariga xavfsizlik borasida ko‘rsatgan yordami 215 million dollarni tashkil etgan.

Bu 2011 yilga nisbatan 60 million dollarga ko‘p, demakdir.

Janob Bleykka ko‘ra, bu yordamning asosiy qismi huquq-tartibot idoralarini mustahkamlash, shuningdek, terrorizm va narkotrafikka qarshi kurash maqsadlariga sarflangan.

Robert Bleyk 2014 yilda Afg‘onistondan jangovar qo‘shinlarni butunlay olib chiqishga tayyorgarlik ko‘rayotgan AQShning mintaqa davlatlari bilan hamkorligi hal qiluvchi bosqichga kirganini ta‘kidlagan.

Unga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar "Terrorizmga qarshi kurashda hamkorlik" dasturi doirasida mintaqaning to‘rt davlati bilan faol hamkorlik qilmoqda.

Beshinchi davlat-O‘zbekiston bilan esa, janob Bleykning aytishicha, hozirda ayni dasturni qayta boshlash yuzasidan muzokaralar kechmoqda.

Vashington O‘zbekistonga aksilterror yordamini 2005 yil mayidagi Andijon voqealari ortidan to‘xtatib qo‘ygan edi.

Farqli qarashlar

Janob Bleykning aytishicha, O‘zbekiston hukumati Amerikaning terrorizm borasidagi ko‘pgina xavotirlariga qo‘shiladi, ammo ularni bartaraf etishda fuqarolarning fundamental haqlari va qonun ustuvorligiga mos kelmaydigan usullardan foydalanadi.

AQSh mulozimiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar ekstremizm ortida turgan sabablar ko‘pincha diniy emas, balki siyosiy deb ishonadi va fuqarolarni siyosiy huquqlardan mahrum qilish va korruptsiyaning ildiz otishi ham terrorizmga hissa qo‘shishini yaxshi biladi.

"Shuning uchun, degan AQSh mulozimi, bizning diplomatik muloqotlarimiz va yordamimiz inson huquqlari sohasida xalqaro andozalarga rioya etilishi hamda hukumatning fuqarolar oldida hisob berishi va shaffofligini yaxshilashga ham qaratilgan".

O‘tgan yili AQSh Kongressi inson huquqlari buzilishlari sabab O‘zbekistonga harbiy yordam ko‘rsatishga qo‘yilgan taqiqni olib tashlagan.

Janob Bleykning aytishicha, O‘zbekiston hozirning o‘zida AQShning harbiy yordamidan bahramand bo‘lmoqda va o‘zining mudofaa salohiyatini mustahkamlash uchun ko‘proq harbiy yordamga ehtiyoji borligini bildirgan.

AQSh mulozimi rasmiy Toshkentga ko‘rsatilayotgan harbiy yordamning mudofaa xarakteriga ega ekanini alohida ta‘kidlagan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.