BBC navigation

"Bolalarimni boqish uchun bir mirim ham yo‘q..."

Сўнгги янгиланиш 28 феврал 2013 - 14:53 GMT

Qashshoqlik Pokistonda keng quloq yoygan. Ayniqsa, qishloq hududlarida vaziyat juda og‘ir. Ayrim manbalarga qaralsa, mamlakat aholisining qariyb uchdan bir qismi o‘ta nochorlikda hayot kechiradi va ulardan aksariyati qishloqlarda yashashadi:

O‘tgan o‘n yil ichida Pokistonda qashshoqlar soni kamaygani aytilsa-da, aholining ta‘lim va tahsilga imkoniyati Osiyo qit‘asidagi eng pastlaridan biri. So‘nggi yillarda xalqaro miqyosda oziq-ovqat va energiya mahsulotlari narxlarining osmonga sapchishi Pokistondagi qashshoq aholi hayotiga jiddiy ta‘sir qilgan. Yana yigirma millionga yaqin pokistonlik qorni to‘yib ovqat yemaydiganlar safiga qo‘shilishgan. Xuddi shunday xavf ostida bo‘lganlarining soni ham ozmuncha emas.

40 yoshli Hussan Zoriy olti farzandi bilan birga Pokistonning shimoliy-g‘arbiy Peshovar shahri sarhadlaridagi Pajagay mavzesida nihoyatda nochorlikda hayot kechiradi. Butun ro‘zg‘or tirikchiligi yaqinlari va hali voyaga ham yetmagan to‘ng‘ich o‘g‘lining zimmasida:

Husayn Zoriy: Erim bangi. Shuning uchun ham, turmush qurganimdan beri hech qachon baxt nimaligini bilmaganman. Lekin, Allohga shukr, olti farzandli bo‘ldim. Ammo ularni boqish uchun bir mirim ham yo‘q. Yaqinlarim nima berishsa, to‘ng‘im o‘g‘lim Komron nima topib kelsa, o‘shani yedirib, ichirib, bir amallab katta qilayapman. Xudodan boshqa tayanchim yo‘q. Goh-gohida aka-uka, singillarim yordam berishadi. To‘ng‘ich o‘g‘limning savodini ham akalarim chiqarishdi. To‘rt qizim, ikki o‘g‘lim bor. Erim bozorda sabzavot sotardi. Ammo qazo qilganiga o‘n yildan ortdi. Bu orada yolg‘iz boshim bilan uch qizimni chiqardim. Hozir to‘ng‘ich o‘g‘lim yonimga kirgan. Maktabdagi tahsilini chala qilib bo‘lsa ham, mashinalarni tuzatuvchi mexanik bo‘lib ishlab, topgan to‘rt tangasi bilan biroz ko‘mak qilayapti. Yaqinlarimning ahvollari ham biznikidan qolishmaydi. Lekin mening boshimda erim yo‘qligi uchun yo‘qdan yo‘ndirib bo‘lsa ham, yordam berishga harakat qilishadi. Ayol boshing bilan ko‘cha-kuyda sarson bo‘lsang, nomusi bizga tegadi, deyishadi. Qo‘shnilarimiz orqali uyimizga gaz o‘tgan. Shu sababdan, gaz pulini ularga to‘lashimiz shart. Busiz iloji yo‘q. Topgan to‘rt tanga pulimizni ham eng avvalo shunga sarflaymiz. Shundan qolganini bir amallab qolgan sarf-xarajatlarimizga yetkazamiz. Bir qizim silga chalingan. Hukumat tomonidan biror bir yordam yo‘q. Uning dori-darmonlariga ketayotgan sarf-xarajatlar ham aka-ukalarimning zimmasida qolgan. Turmushga chiqqan qizlarimning sarpo-surug‘u to‘y xarajatlarini ham bir amallab yaqinlarim, keyin savobtalab kishilar ko‘tarishdi. Dunyoda yaxshi odamlar ko‘p.

To‘ng‘ich o‘g‘li Komron: Uning aytishicha, sakkizinchi sinfgacha maktabdagi tahsilini kanda qilmagan bo‘lsa-da, otasining o‘limi ortidan, hammasi o‘zgargan. Men oilada to‘ng‘ich o‘g‘il bo‘lsam, hayot og‘ir, nochorlik, oyimga yordam bermasam bo‘lmasdi, hozir bir-ikki kun maktabga borsam, qolgan kunlari mashina tuzataman, mexaniklik qilaman, deydi u. Ammo, uning aytishicha, oilaviy ahvolining qanchalik og‘ir ekaniga qaramay, hanuz oliy tahsil olish niyatidan voz kechmagan. Ma‘lum bo‘lishicha, qariyb sakkiz yildan beri shu ishda band. Tez kelayotgan mototsikl bosib ketishi natijasida oyog‘im singan, shuning uchun ham boshqa ish qilolmayman. Kuniga 150 rupiy berishadi. Bu - bir AQSh dollaridan sal oshiqroq mablag‘ degani. Agar Pokistondagi inflyatsiya darajasi qanchalik jadallik bilan kuchayib borayotgani nazarda tutilsa, bu hech narsa emas. Bir yarimta non beradi yoki o‘n dona tuxum... Faqat non bilan tirikchiligingiz o‘tmaydi-ku! Oilamiz kichik bo‘lsa ham mayli edi. Bu pul nimayam bo‘lardi, to‘g‘rimi? Shakar, choy, o‘simlik yog‘i, hammasining narxi osmonga sakrab ketgan. Lekin, oyim ham aytganlaridek, eng muhimi gaz. Agar haqqini o‘z vaqtida to‘lamasak, qo‘shnilarimiz gazni uzib qo‘yishadi. Yo o‘tinu ko‘mirga pul topishingiz kerak va yo gazning haqqiga...Shuning uchun ham bir kun uzilishib ketarmiz deb, qarzu havola qilamiz. Ammo shuncha qarzni qachon to‘lashga qurbimiz yetadi, bilolmadim, deydi Komron.

Pokiston iqtisodi ziroatga asoslangan va qishloq aholisining aksariyati dehqonchilik orqasidan kun ko‘rishadi. Hosildor yerlarning kamligi, bozoru xizmatlarga imkoniyatning cheklangani, savodsizlik, yerlarning noteng taqsimoti va suv ta‘minotining bir tekis emasligi Pokistonda kambag‘allikka sabab bo‘layotgan asosiy omillar sifatida ko‘riladi. Pokistonlik iqtisodiy tahlilchi, Pakistan Express Tribune gazetasi bosh muharriri Muhammad Ziyovuddin Pokistonda chuqur ildiz otgan kambag‘allik muammosi ortida jiddiy sabablar yotganini aytadi:

Muhammad Ziyoviddin: Davlat byudjeti va chetdan berilayotgan yordam pullarining aksariyati ham Pokiston xavfsizlik kuchlarini mustahkamlashga ketadi. Har yili shu ahvol va bu avvalboshdan shunday bo‘lib kelgan. Chunki Pokistondagi aksariyat qo‘shni Hindistonni o‘zlarining dushmanlari sifatida bilishadi. Ular Hindiston bizni davlat sifatida tan olmaydi, deb ishonishadi. Bu - Pokistondagi qashshoqlik ortida turgan asosiy sabablardan biri. Yana bir sababi - Pokiston agrar davlat sanalishiga qaramay, qishloq xo‘jaligiga e‘tibor yetarlicha bo‘lmagan. Pokiston mintaqadagi eng yirik sug‘orish tizimiga ega bo‘lgan davlat. Asrlar davomida qishloq xo‘jalik mahsulotlarini o‘zida yetishtirib kelgan. Ammo o‘z mustaqilligini e‘lon qilgan dastlabki yillarda Amerikaning bug‘doyiga qaram bo‘lib qolgan. Bu esa, Pokistonning o‘zida g‘allachilikning o‘lishiga sabab bo‘ldi. Yetmishinchi yillar o‘rtalariga kelib, Pokiston biroz oyoqqa turdi. Daromadni teng taqsimlash harakatlari kuzatildi. Ammo ular ham uzoqqa cho‘zilmadi. Qudratga ketma-ket iqtisodni tushunmaydigan odamlar keldi. Bu esa, mamlakat iqtisodining abgorlashuvini yanada kuchaytirdi. Bosh vazirlar esa, mamvjud vaziyatga e‘tibor berishmadi. Soliqlarni yig‘ish ishlari o‘lda-jo‘lda qolib ketdi. Alal-oqibat Pokistonning xorijiy donor davlatlarga qaramligi kuchaydi. Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti, Birlashgan Millatlar Qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat idorasining ko‘magiga tayanib qoldi.

BBC: Sizningcha, bugun Pokistonda kuzatilayotgan qashshoqlik muammosi qanchalik jiddiy?

Muhammad Ziyoviddin: Qashshoqlik bilan bog‘liq vaziyat Pokistonda juda jiddiy. Ammo, hozirga kelib, vaziyat biroz o‘nglanayotgandek. Yaqinda Pokiston hukumati nochor oilalarga moliyaviy ko‘mak berishni ko‘zda tutuvchi yirik dasturning ijrosiga kirishdi. Dastur "Benazir ko‘mak jamg‘armasi" nomi ostida amalga oshirilmoqda va hukumatdan tashqari, xorijiy donor davlatlar tomonidan ham moliyalanayotir. Ayrim ma‘lumotlarga qaralsa, bugun Pokiston aholisining 35-40 foizi o‘ta qashshoqlikda kun kechiradi. Yangi dastur qattiq nazorat ostida amalga oshirilmoqda. Ushbu dastur asosida har bir kambag‘al oilaga oyiga 1.000 rupiy ( 10 AQSh dollari) hisobida beg‘araz naqd pul beriladi. Nochor oilalar bu pul evaziga o‘zlarining eng zarur ehtiyojlarini qondirishlari mumkin bo‘ladi. Xorijiy kuzatuvchilar ham ushbu tizimning qanday ishlayotganini olqishlashmoqda. Chunki pul to‘g‘ridan-to‘g‘ri ehtiyojmand odamlarning qo‘llariga borib tegadi. Ya‘ni nochor aholining 90-95 foizi hukumatning bevosita moliyaviy ko‘magidan bahramand bo‘lmoqda. To‘g‘ri, 1.000 rupiy katta mablag‘ emas. Ammo mamlakatdagi o‘ta nochor oilalarning bir rupiysi ham yo‘qligini esdan chiqarmaslik lozim. Ular bu pulga oziq-ovqat sotib olishlari, biror bir boshpana topishlari mumkin. Hukumatning dasturi hozircha kelasi besh yilni ko‘zda tutadi. Ammo uni doimiy qilish rejasi ham yo‘q emas.

BBC: Mana, siz Pokistondasiz. Agar, o‘z kuzatuvlaringizdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, aholining kambag‘al qatlami hukumatning yangi barnomasidan qanchalik mamnun?

Muhammad Ziyoviddin: Yangi dastur aholining og‘irini qanchalik yengil qilayotgani kelasi ikki-uy yil ichida ma‘lum bo‘ladi. Men sizga aytmoqchi bo‘layotgan narsa, hukumatning yordamidan 90-95 foiz ehtiyojmand odamlarning bahramand bo‘lishayotgani...Ya‘ni pul aynan muhtojlarning qo‘llariga yetib bormoqda. Agar o‘z kuzatuvlarimdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, kambag‘al aholi ham bundan mamnun. Hukumat, bundan tashqari, keksa va nochor nafaqaxo‘rlarning bankma-bank sarson bo‘lishlarining oldini olish uchun ham yangi elektron tizim ishlab chiqmoqda. Yangi tizimga muvofiq, nafaqaxo‘rlar o‘z nafaqalarini maxsus kartochkalar orqali istalgan bankomatdan olishlari mumkin bo‘ladi. Bu ham aholi nochor qatlamining ijtimoiy muhofazasini ta‘minlashga xizmat qiladi, nazarimda. Hukumat, bundan tashqari, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan yana bir dasturga qo‘l urmoqda. Ya‘ni, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan odam hukumatning maxsus karochkalari orqali banklardan lozim miqdorda pul olishi mumkin bo‘ladi. To‘g‘ri, bularning barchasi hozircha ilk qadamlar. Kambag‘allikni aritishga qaratilgan bu kabi choralarning amalda qanchalik ish berishini esa, vaqt ko‘rsatadi.

BBC: Agar muammoning ko‘lami nazarda tutilsa, hukumat tomonidan ko‘rilayotgan ushbu chora-tadbirlar Pokistondagi kambag‘allikka barham bera oladimi?

Muhammad Ziyoviddin: Ayni o‘rinda mamlakatning iqtisodiy qudratini ham inobatga olmoq lozim. Pokiston boy davlat emas. Mamlakatning o‘z zaxiralari haminqadar. Agar mamlakatning imkoniyatlari qanchalik cheklangani nazarda tutilsa, nazarimda, bugun hukumat tomonidan ko‘rilayotgan choralar yetarli darajada, deydi pokistonlik iqtisodiy tahlilchi, Pakistan Express Tribune gazetasi bosh muharriri Muhammad Ziyovuddin.

-------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.