BBC navigation

Amerikaliklarni dron bilan o‘ldirishga izn bergan hujjatni oshkor etishmoqchi

Сўнгги янгиланиш 7 феврал 2013 - 13:24 GMT

Maxfiy hujjatda AQShga tahdid solgan shaxsni dron hujumida o‘ldirish qonuniy, deyilgan.

Amerika Qo‘shma Shtatlarida uchuvchisiz boshqariladigan uchoqlardan AQSh fuqarolariga hujumlarga ruxsat beruvchi maxfiy hujjatni oshkor etishga qaror qilingan.

Bir necha kun oldin Amerikadagi NBC News telekanali dronlardan foydalanishga oid maxfiy hujjat mazmuni haqida xabar tarqatgan edi.

Shundan so‘ng AQSh rasmiylari bu hujjatni ochiqlash qarorini olganlar.

NBC News xabariga ko‘ra, AQSh Adliya vazirligining hujjatida chet elda bo‘lgan AQSh fuqarolariga qarshi drondan hujum qilishga izn beriladi.

Agar Amerika fuqarosi "Al-Qoida"ning yuqori lavozimdagi a‘zosi bo‘lsa, unga qarshi uchuvchisiz boshqariladigan uchoqdan foydalanish mumkinligi aytiladi hujjatda.

Bu hujjatga ko‘ra, "Al-Qoida" a‘zosi bo‘lgan amerikalik bevosita tahdid tug‘dirsa va uni qo‘lga olish AQSh harbiylari hayoti uchun xavfli bo‘lsa, uni o‘ldirish maqsadida drondan foydalanish qonuniy hisoblanadi.

Amerika Qo‘shma Shtatlarining dron yoki masofadan turib boshqariladigan uchuvchi moslamalardan Pokiston va Yaman hududlarida foydalanayotgani yillar davomida tanqidlarga tutib kelinadi.

Dron hujumlari mahkamasiz qatllarga qiyoslanadi.

Bunday hujumlar ayniqsa Pokistonda yuzlab tinch fuqarolar o‘limiga sabab bo‘lgan.

Pokistonning shimolidagi qavmlar nazoratidagi hududlarga uyushtirilgan dron hujumlari bu joylardan panoh topgan O‘zbekiston Islomiy Harakati jangarilarini ham yillar davomida nishonga olib keladi.

Harakat asoschisi va rahbari Tohir Yo‘ldosh 2009 yil avgustida uchuvchisiz uchoqdan otilgan raketa portlashida halok bo‘lgan.

Tohir Yo‘ldoshning o‘rniga tayinlangan O‘zbekiston Islomiy Harakatining keyingi rahbari Usmon Odilning ham "shahodatga erishgani" haqidagi xabar 2012 yilning avgustida tarqatilgan, biroq uning qayerda va qanday halok bo‘lgani sababi aytilmagan.

Dron hujumlari Pokiston bilan AQSh hukumatlari o‘rtasidagi qarama-qarshilikning bir necha yildan buyon omili bo‘lib keladi.

Pokiston hukumati Amerikadan bunday hujumlarni to‘xtatishni talab qilib keladi.

Oxirgi yillarda uchuvchisiz boshqariladigan uchoqlar Yamandagi "Al-Qoida" jangarilari deb ko‘rilgan qurollilarga qarshi tez-tez ishga solinmoqda.

2011 yilda dron hujumi natijasida "Al-Qoida" rahbarlaridan deb ko‘rilgan Anvar Avlakiy va Samir Xon o‘ldirilganlar, ikkisi ham AQSh fuqarolari bo‘lgan.

Amerika Adliya vazirligi bu haqdagi maxfiy hujjatni AQSh Kongressining yashirin amaliyotlar bo‘yicha qo‘mitasiga topshirishi xabar qilingan.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.