BBC navigation

Sobiq Tojik bosh vaziri Abdullajonov Kiyev aeroportida ushlangan

Сўнгги янгиланиш 6 феврал 2013 - 13:08 GMT

Ukraina Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, Abdumalik Abdullajonov Tojikiston Interpolga berilgan qidiruv sabab hibsga olingan.

Ukrainada Tojikistonning sobiq bosh vaziri Abdumalik Abdullajonov hibsga olingan.

Ukraina Ichki ishlar vazirligi Amerika Qo‘shma Shtatlaridan uchib kelgan Abdullajonov Interpolga berilgan qidiruv sabab hibsga olinganini tasdiqlagan.

Muhojirotdagi Tojikistonning "Vatandor" ijtimoiy-siyosiy harakati rahbari Dodojon Atovulloyevning BBC bilan suhbatda aytishicha, Abdumalik Abdullajonov AQShdan Ukrainaga safar qilish niyatida ekanini ma‘lum qilgan, biroq janob Atovulloyev bu uchrashuvini sobiq Sho‘ro respublikalaridan tashqarida, misol uchun, Olmoniyada tashqil qilish maslahatini bergan.

Biroq Abdumalik Abdullajonov o‘ziga Ukrainada to‘la xavfsizlik kafolatini berishganini aytib yo‘lga chiqqan.

Kecha, 5 fevraldan 6 fevralga o‘tar kechasi Kiyevning "Borispol" xalqaro aeroportidan qo‘ng‘iroq qilgan Abdumalik Abdullajonov o‘zining hibsga olinganini ma‘lum qilgan.

Ukraina Ichki ishlar vazirligi Tojikiston sobiq bosh vazirining Interpolga berilgan qidiruv asosida hibsga olinganini tasdiqlagan.

Tojikiston hukumati Interpolga bergan qidiruv so‘rovida Abdumalik Abdullajonovni uyushgan jinoiy guruh tuzish, qonuniy hokimiyatni ag‘darishga urinish va terrorizm bandlarida ayblagan.

Xususan, Tojik hukumati 1998 yilda Xo‘jand shahrida uyushtirilgan polkovnik Mahmud Xudoyberdiyev rahbarligidagi davlat to‘ntarishiga urinish tepasida turganlikda ayblagan.

Tojik muxolifati muhojirlikdagi taniqli siyosatchining qo‘lga olinishini shu yil noyabriga mo‘ljallangan Tojikiston prezidentligiga saylov bilan bog‘lamoqdalar.

Dodojon Atovulloyev so‘zlariga ko‘ra, janob Abdullajonov Tojikistondagi "vazni og‘ir" siyosatchilardan biri.

U 2013 yil noyabr oyiga mo‘ljallangan Tojikistondagi prezidentlik saylovida qatnashish niyatini bildirgan, biroq mamlakatda uzoq vaqt yashamagani bois har qanday muqobil nomzodni dastaklashga rozi bo‘lgan.

Abdumalik Abdullajonov 1992-93 yillarda Tojikiston bosh vaziri lavozimini egallagan.

U 1994 yildagi prezidentlik saylovida joriy Prezident Imomali Rahmonga qarshi o‘z nomzodini ilgari surgan va ancha ovoz to‘plagan.

Shundan keyin Abdumalik Abdullajonov Tojikistonni tark etgan.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.