BBC navigation

Osiyo Kubogi 2015: O‘zbekiston 0 - 0 Gongkong

Сўнгги янгиланиш 6 феврал 2013 - 13:44 GMT

O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z maydonida o‘tkazgan guruh bosqich saralash bellashuvlarining 1-tur uchrashuvida raqibi Gongkong bilan durang natija qayd etdi. O‘yinda hisob ochilmadi.

O‘zbekiston 2011 yil Qatarda bo‘lib o‘tgan so‘nggi Osiyo Kubogining yarim finaliga chiqishga muvaffaq bo‘lgandi.

Milliy terma jamoa endi navbatdagi guruh bosqich saralash uchrashuvini 22 mart kuni safarda Birlashgan Arab Amirliklariga qarshi o‘tkazadi.

Navbatdagi Osiyo Kubogining final bosqich bellashuvlariga chiqishi uchun O‘zbekiston "E" guruhida yana Vetnam bilan ham kuch sinashishi lozim bo‘ladi.

O‘zbekiston so‘nggi Osiyo Kubogi guruh bosqich bellashuvlarini Qatar, Quvayt va Xitoyga qarshi ikki g‘alaba, bir durang bilan yakunlagandi.

Jamoa bosh murabbiysi Mirjalol Qosimov bugungi o‘yin arafasida shogirdlaridan ko‘ngli to‘q ekanini izhor etgan bo‘lsa, futbolchilar albatta g‘alaba uchun maydonga tushishlarini bayon qilishgandi.

Xo‘sh, nima bo‘ldi? Biz shunday savol bilan o‘zbekistonlik faxriy futbol sharhlovchisi Axbor Imomxo‘jayevga murojaat etdik:

Ахбор Имомхўжаев

Ўзбекистонлик фахрий футбол шарҳловчиси.

Тинглашmp3

Муқобил медиа плейерда ўйналсинми

O‘yindan avvalgi bashoratlar

Vadim Abramov:

"Men futbolchilarga nafaqat bo‘lajak uchrashuvlari, balki jahon chempionati saralash bosqich bellashuvlarida ham omad tilab qolaman..."

O‘zbekiston milliy terma jamoasini ilk bor Osiyo Kubogining yarim finaliga olib chiqqan sobiq bosh murabbiysining aytishicha, jamoa nafaqat bundan oldingi natijasini takrorlash, balki uni yanada yaxshilashga harakat qiladi. Vadim Abramovning bugungi uchrashuv arafasida BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, O‘zbekiston milliy terma jamoasining birgina Osiyo Kubogi emas, balki 2014 yilgi jahon chempionatining final bosqich bellashuvlariga chiqishiga ham ishonchi komil.

"Yigitlarimiz bunga muvaffaq bo‘lishlariga ishonaman, chunki ular buning uchun hamma imkoniyatga egalar", deydi O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq bosh murabbiysi.

Vadim Abramov: Nima ham derdim, bu gal ham avval Osiyo Kubogi o‘yinlarining final bosqich bellashuvlariga chiqish, keyin esa, qolgan uchrashuvlarga tayyorgarlik ko‘rishimiz lozim bo‘ladi. Bundan boshqa yo‘l yo‘q. Ya‘ni, buning uchun, xuddi avvalgi yillardagidek, hozirgi guruh bosqich saralash uchrashuvlarini muvaffaqiyatli o‘tkazish lozim.

BBC: U holda O‘zbekiston milliy terma jamoasining bu galgi guruh bosqich bellashuvlaridan chiqish imkoniyatlarini qanday, degan bo‘lardingiz?

Vadim Abramov: Hammasi futbolchilarning tayyorgarliklariga bog‘liq bo‘ladi. Chunki, hozirgi raqiblarimiz nazarda tutilsa, menimcha, bu ishni so‘zsiz uddalasha oladi. Va biz albatta bunga muvaffaq bo‘lishimiz lozim.

BBC: O‘zbekiston "E" guruhida bellashajak Gongkong, Vetnam va Birlashgan Arab Amirliklarining kuchini qanday baholaysiz?

Vadim Abramov: Menimcha, ularning orasidan eng jiddiy raqib faqat Birlashgan Arab Amirliklari bo‘ladi. Birlashgan Arab Amirliklari yaxshi jamoa, hozirgi murabbiysi ham yaxshi. Osiyo qit‘asidagi anchayin istiqbolli jamoalardan biri. Chunki biz vaqtida ularga qarshi to‘p surib ko‘rganmiz. Milliy terma jamoaning o‘zagini olimpiyachilari tashkil etishadi. Ular yana o‘z yoshlarida chempion, yosh, yetarlicha tajribaga ega. Menimcha, joriy paytda O‘zbekiston milliy terma jamoasining asosiy raqibi aynan ular bo‘lishadi. Bu mening fikrim.

BBC: Endi, sizning nazaringizda, O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘tgan galgi yutug‘ini takrorlab, Osiyo Kubogi o‘yinlarining kamida yarim finaliga chiqa oladimi?

Vadim Abramov: Bungacha hali vaqt ko‘p. Ammo har bir milliy terma jamoa kabi O‘zbekiston ham nafaqat bundan oldingi natijasini takrorlash, balki uni yanada yaxshilashga harakat qiladi. Shuning uchun ham, menimcha, so‘zsiz, jamoaning qarshisida xuddi shunday vazifa qo‘yiladi. Boshqa masala esa, bizning bu o‘yinlarga qanday tayyorgarlik ko‘rishimizga bog‘liq bo‘ladi.

BBC: O‘zbekiston milliy terma jamoasining Osiyo Kubogi guruh bosqich saralash bellashuvlarining ayrimlari 2014 yilgi Jahon chempionati so‘nggi bosqich saralash uchrashuvlari bilan bir oyda kechadi. O‘zbekistonlik futbolchilarga qiyin bo‘lmasmikan?

Vadim Abramov: Menimcha, yo‘q. Chunki ular aynan bir vaqtda o‘tkazilmaydi. Boshqa tomondan, qolgan milliy terma jamoalar ham xuddi shunday ahvolda. Menimcha, aksincha, guruh bosqich bellashuvlari ularning foydalariga xizmat qilishi mumkin. Chunki aynan shu o‘yinlar sabab, ular tez-tez yig‘ilishadi. Bu esa, jahon chempionati so‘nggi bosqich saralash uchrashuvlariga hozirlik ko‘rishning bevosita yaxshi imkoniyati bo‘ladi, menimcha.

BBC: Vadim aka, masalan, aynan siz bosh murabbiy o‘laroq 2011 yilda qanday qilib O‘zbekiston milliy terma jamoasini ilk bor Osiyo Kubogi o‘yinlarining yarim finaliga olib chiqishga muvaffaq bo‘ldingiz?

Vadim Abramov: Yarim finalgacha katta ish qilingandi. Agar, xotirangizda bo‘lsa, biz juda ko‘p o‘yinlar o‘tkazgan va futbolchilarning mentalitetlarini o‘zgartirishga muvaffaq bo‘lgandik. Ovro‘po jamoalari bilan kuch sinashib ko‘rgandik. Bevosita Osiyo Kubogi o‘yinlarining final bosqich uchrashuvlariga alohida hozirlik ko‘rgandik. Har bir bosqichda oldimizga muayyan maqsad qo‘yib, uning uddasidan chiqqandik. Bu oson ish emas, albatta. Hammasi vaqt va tayyorgarlikka bog‘liq. Agar vazifa to‘g‘ri qo‘yilsa, hamma narsaga erishish mumkin.

BBC: Bo‘lajak uchrashuvlari arafasida sobiq shogirdlaringizga tilaklaringiz?...

Vadim Abramov: Men ularga nafaqat bo‘lajak uchrashuvlari, balki jahon chempionati saralash bosqich bellashuvlarida ham omad tilab qolaman. Chunki munosib o‘yin ko‘rsatib, jahon chempionatining final bosqichiga chiqish - ularning birlamchi vazifasi. Bundan tashqari, biz albatta Osiyo Kubogining final bosqich bellashuvlariga ham chiqishimiz shart. Yigitlarimiz bunga muvaffaq bo‘lishlariga ishonaman, chunki ular buning uchun hamma imkoniyatga egalar.

BBC: Gongkongga qarshi dastlabki uchrashuvda O‘zbekiston milliy terma jamoasining g‘olib chiqish imkoniyatlarini qanday baholaysiz?

Vadim Abramov: Ha, men bunga ishonaman. Chunki bu - tennis emas, futbol. Menimcha, ularni mag‘lub etamiz. Biz raqib sifatida Gongkongi hurmat qilamiz. Ammo O‘zbekiston milliy terma jamoasi reytingda ham, tarkibi, tajribasi, hozirligi jihatdan ham ulardan ancha ustun.

Birinchi uchrashuv

O‘zbekiston milliy terma jamoasi guruh saralash bosqich bellashuvlari 1-tur uchrashuvini 6 fevral, chorshanba kuni gongkonglik raqiblariga qarshi o‘tkazadi.

O‘yin mahalliy vaqt bilan soat 16:00 da Toshkentning "Paxtakor" stadionida boshlanadi.

Agar, rasmiy xabarlarga tayanilsa, ushbu uchrashuvga ja‘mi 20.000 ta chipta sotish rejalangan.

Gongkong milliy terma jamoasiga qarshi maydonga Server Jeparov, Odil Ahmedov, Timur Kapadze va Anzur Ismoilov kabi sinashta, tajribali o‘yinchilar barchasining tushishi kutilmoqda.

Olgan jarohati sabab, bir necha oylik tanaffusdan so‘ng ilk bor Gongkongga qarshi o‘yinda O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida maydonga tushayotgan sara futbolchisi Odil Ahmedovning aytishicha, bugun albatta muxlislarini xursand qilish niyatidalar:

Одил Аҳмедов: 'Бугун майдонга фақат ғалаба учун тушамиз'

Олган жароҳати сабаб, бир неча ойлик танаффусдан сўнг илк бор Гонгконгга қарши ўйинда Ўзбекистон миллий терма жамоаси сафида майдонга тушаётган сара футболчининг айтишича, бугун албатта мухлисларини хурсанд қилиш ниятидалар.

Тинглашmp3

Муқобил медиа плейерда ўйналсинми

2015 yilgi Osiyo Kubogi o‘yinlari O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun oltinchisi bo‘ladi.

O‘zbekiston va Gongkong bundan avval 2006 yilda bir-birlariga qarshi to‘p surishgan va o‘yin 2:2 durang hisobi bilan yakunlangandi.

Biz bo‘lajak uchrashuv arafasida O‘zbekiston futbol ahli orasidagi kayfiyatni bilish uchun Toshkentdan faxriy sharhlovchi Axbor Imomxo‘jayev bilan ham bog‘landik:

Ахбор Имомхўжаев

Ўзбекистонлик фахрий футбол шарҳловчиси.

Тинглашmp3

Муқобил медиа плейерда ўйналсинми

Jamoa o‘z tarixida turnirning ikki bor chorak va bir marotaba yarim final bosqichiga chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo Kubogi o‘yinlarida qayd etgan eng yuksak natija esa, 2011 yilga to‘g‘ri keladi.

Qatarda bo‘lib o‘tgan bellashuvlarda O‘zbekiston chorak finalda Iordaniyani mag‘lub etib, finalga chiqish uchun Avstraliyaga qarshi to‘p surgan, biroq ashaddiy raqiblaridan 0:6 hisobida mag‘lubiyatga uchragandi.

Bu – ham O‘zbekiston va ham Avstraliya milliy terma jamoasining o‘z tarixlarida ilk bor Osiyo Kubogining yarim finaliga chiqishlari edi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘sha yili guruh bosqich bellashuvlarida ajoyib futbol namoyish etgan, uchta g‘alaba va bir durang natija bilan chorak finalga yo‘llanma olgandi.

Ular o‘yinlarning ochilish uchrashuvida mezbon Qatarni, keyin boyvachcha Quvaytni yengib, Osiyoning eng kuchli jamoalaridan biri bo‘lgan Xitoy bilan durang hisobiga erishishga muvaffaq bo‘lishgandi.

O‘zbekistonlik futbolchilar o‘zlarining hujumkor o‘yinlari bilan Qatarda nafaqat finalda to‘p surish, balki Osiyo Kubogini qo‘lga kiritishga ham haqli ravishda da‘vogarlik qilishgandi.

Ammo final uchrashuvida avstraliyalik raqiblarini 0:1 hisobida mag‘lub etgan Yaponiya o‘z tarixida to‘rtinchi bor Osiyo Kubogini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgandi.

Bo‘lajak o‘yinlar va raqiblar...

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bu gal "E" guruhidan chiqish uchun Gongkong, Birlashgan Arab Amirliklari va Vetnamga qarshi to‘p surishadi.

Gongkong Osiyo Kubogi o‘yinlaridagi ishtirokini O‘zbekistondan 40 yil avval boshlagan.

Bu orada faqat bir bor o‘yinlarning bronza medalini qo‘lga kiritgan, bir marotaba yarim finaliga chiqqan va yana bir marta beshinchi o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘lgan.

Ammo 1968 yildan buyon guruh bosqichidan nariga o‘tolmay keladi.

O‘zbekistonlik futbolchilarning guruh bosqich saralash bellashuvlari 6 fevraldan 2014 yilning 5 martiga qadar davom etadi.

2015 yilgi Osiyo Kubogi bahslariga Avstraliya mezbonlik qiladi.

O‘zbekistonlik futbolchilar bu orada 2014 yilgi Jahon chempionati so‘nggi bosqich saralash bellashuvlarining qolgan yakuniy uch uchrashuvini ham o‘tkazishadi.

Ular 26 mart kuni Livanni Toshkentda, o‘z maydonlarida qabul qilishadi.

Ammo undan to‘rt kun avval safarda Osiyo Kubogining navbatdagi saralash bosqich uchrashuvida Birlashgan Arab Amirliklariga qarshi to‘p surishadi.

Saralash bosqich bellashuvlarini muvaffaqiyatli davom ettirayotgan O‘zbekiston joriy paytda Osiyo qit‘asidan 2014 yilgi jahon chempionatiga 4.5 ta yo‘llanmadan bittasini qo‘lga kiritishga da‘vo qilayotgan yagona Markaziy Osiyo jamoasi bo‘lib turibdi.

Ular Livandan tashqari yana Janubiy Koreya va Qatarga qarshi to‘p surishlari lozim bo‘ladi.

Qolgan uch uchrashuviga qadar O‘zbekiston milliy terma jamoasi 5 o‘yindan 8 ochko jamlab, o‘z guruhi ("A")da peshqadamlik qilib turibdi.

O‘zbekistonlik futbolchilar so‘nggi uchrashuvlarida qit‘aning eng kuchli jamoalaridan biri bo‘lgan Eronni Tehronning o‘zida mag‘lub etishga muvaffaq bo‘lishgandi.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.