BBC navigation

Mustaqil tekshiruv xulosasi: Teliasonera O‘zbekistonda kim bilan muomala qilayotganini bilmagan

Сўнгги янгиланиш 4 феврал 2013 - 12:13 GMT

Teliasonera shirkatining O‘zbekistondagi sherigi kim ekani hali ham o‘zlariga aniq emasligi aytiladi hisobotda.

Shvetsiyaning Teliasonera shirkati O‘zbekiston prezidenti qizi Gulnora Karimovaga pora bergan degan matbuot xabarlari ortidan shirkat tashkil etgan mustaqil tekshiruv yakunlangan va kecha huquqiy shirkat o‘z tekshiruvi yakunlariga bag‘ishlangan hisobotini e‘lon qildi.

Teliasonera hisoboti bu shirkat O‘zbekiston bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yayotgan paytda jinoyat sodir etilgani yoki yo‘qligini tekshirish maqsadini ko‘zlaganini ma‘lum qilish boshlanadi.

Transparensi Interneshnl tashkilotining indeksiga ko‘ra, O‘zbekiston jahondagi eng korruptsiyalashgan mamlakatdan biri deb ko‘riladi. Bu mamlakatda hukumatning aralashuvisiz biznes qilish yoki xalqaro sarmoya kiritib bo‘lmaydi, deyiladi hisobotda.

2007 yilda O‘zbekistonda mobil telefonlar juda kam tarqalgan edi. Hisobotda Teliasonera Koskom shirkati o‘rniga faoliyat boshlaganida mijozlar soni 500 ming atrofida bo‘lgani va ular soni tobora ko‘payib taxminan 7 milionga yetgani aytiladi.

2007 yilning yozida Shvetsiya shirkati O‘zbekistonda qo‘shma korxona faoliyatini boshlayotgan paytda mahalliy sherik sifatida Behzod Ahmedov sahnaga chiqqan va u hamkorlik bitimini imzolash ishlarini bajargani aytiladi.

2007 yil kuzida mahalliy sherik sifatida Takilant taqdim etilgan.

Gayane Avakyan Takilantning yagona aktsiyadori sifatida o‘rtaga chiqqan va 2007 yil dekabrida Teliasonera Takilant bilan hamkorlik shartnomasini imzolagani aytiladi.

Shirkatning 2005 yil may oyidagi ichki yozishmalarida Behzod Ahmedov "Gulnora Karimovaning sarmoya guruhida bosh ijrochi" deb atalgan.

O‘sha kunlardagi bir hujjatda Gulnora Karimovaning sarmoya jamoasi bilan deyarli hamma narsa kelishib bo‘lgani haqida yoziladi, bu kabi axborot ichki elektron maktublarda ham paydo bo‘lgan.

Biroq bu axborotning Teliasonera direktorlar kengashiga yetkazilmagani qayd etiladi ichki tekshiruv xulosasida.

Ammo matbuotda Gayane Avakyan Gulnora Karimova bilan juda yaqin ekani va Behzod Ahmedov Gulnora Karimova nomidan muzokaralar olib borgani haqidagi xabarlar tarqalgani eslatiladi hisobotda.

O‘zbekistondan kelgan rasmiy xat Gulnora Karimovaning Takilantga yoki uning foydasiga biror bir aloqasi borligini rad etgani aytiladi.

Teliasonera shirkatining O‘zbekistondagi sherigi kim ekani hali ham o‘zlariga aniq emasligi aytiladi hisobotda.

"De fakto mahalliy sherik kim bo‘lgani va bugun kim ekani haqidagi savol bugun ham aniq emas", deyiladi tekshiruv xulosasida.

"Agar hatto Gulnora Karimovaning sarmoya guruhi bilan kelishuvga erishish istagi bo‘lgan taqdirda ham tekshiruv Takilant bilan Gulnora Karimova o‘rtasida huquqiy yoki moliyaviy aloqa borligini tasdiqlashning uddasidan chiqmadi", deyiladi hisobotda.

Tekshiruv o‘zining qo‘lida bor axborotdan foydalanib, kelgan xulosalarini bayon etadi.

Xususan, O‘zbekistondek qudratdagi rejim aralashuvi mavjud bo‘lgan mamlakatdan kimdir kelishuvga erishmoqchi bo‘layotgan bo‘lsa, Teliasonera shirkatida chuqur muhokama etilishi lozimligi va shundan kelib chiqib strategik qaror berilishi kerakligi aytilgan.

Teliasonera o‘ziga taqdim etilgan mahalliy sherik mobil aloqa to‘lqinidan foydalanish huquqini qanday qo‘lga kiritgani ravshan bo‘lmasa ham bu mahalliy sherik bilan kelishuvga erishishga qaror qilinmasligi kerak edi, yanada ko‘proq ma‘lumot to‘planishi lozim edi, deyiladi hisobotda.

Tekshiruv mobaynida faqatgina 2 ta shaxs bu oldi-berdidan bevosita yoki bilvosita foyda ko‘rgan bo‘lishlari mumkinligi aniqlangani aytiladi.

Bu shaxslar Gayane Avakyan va Behzod Ahmedov, deb tilga olinadi.

Tekshiruv davomida Teliasonera shirkati o‘zining axloqiy qoidalariga rioya qilmagani tanqid qilinadi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.