BBC navigation

Musulmon mahkumlar ovqatiga cho‘chqa go‘shti qo‘shilgan

Сўнгги янгиланиш 4 феврал 2013 - 13:39 GMT

Bu Britaniyada cho‘chqa go‘shti bilan bog‘liq ikkinchi janjalli hodisadir.

Britaniya Adliya vazirligi turmalarni go‘sht bilan ta‘minlovchi shirkat bilan hamkorlikni to‘xtatishga qaror qilgan.

Bunga "halol" yorlig‘i yopishtirilgan mahsulotlarda DNK tahliliga ko‘ra cho‘chqa go‘shti borligi sabab bo‘lgan.

Hozirgi paytda bu voqea yuzasidan tekshiruv ketayotganligi aytilmoqda.

Adliya vazirligi ma‘lum qilishicha, talablarga javob bermaydigan mahsulotlar musodara etilgan.

Islom talablariga binoan, musulmonlar cho‘chqa go‘shti iste‘mol etishi qat‘iyan ta‘qiqlanadi.

Britaniya Adliya vaziri Jeremi Rayt yuz bergan hodisani "qabul qilib bo‘lmaydigan", deb atagan.

Vazirlik oldinroq Britaniya supermarketlarida mol go‘shtidan tayyorlangan deb sotilgan gamburgerlarda ot va cho‘chqa go‘shti borligi aniqlangach, u mahsulotlarni tayyorlagan shirkatga mollarini qaytarishga buyruq bergandi.

Halol somsalar

Laboratoriya tekshiruvlari payshanba kuni aniq bo‘lgach, Britaniyaning Qamoqxona xizmati voqeaga "zudlik bilan" aniqlik kiritishga kirishdi, deb ma‘lum qilgan Adliya vazirligi rasmiylari.

Oziq-ovqat sanoati tarmog‘idagi tegishli talablar bo‘yicha mahsulot ishlab chiqaruvchi agentlikka ko‘ra, yana shunday boshqa shov-shuvli hodisa tekshirilmoqda.

Tekshiruv go‘shtli somsa va piroglar haqida ekanligi aytilgan, biroq Britaniyaning qaysi joyida bunday mahsulot topilgani ochiqlanmagan.

"Biz sodir bo‘lgan voqea uchun uzr so‘raymiz, - deyiladi Adliya vaziri murojaatida, - bu jabr ko‘rganlar uchun juda yoqimsiz bo‘lgani aniq va ishontirib aytamanki, biz bu holat bilan o‘zimizga bog‘liq bo‘lgan barcha muammolarni yechishga harakat qilamiz".

Vazirlik vakilining atishicha, barcha qamoqxonalarga talablarga to‘g‘ri kelmaydigan mahsulotlar bo‘yicha qat‘iy ko‘rsatmalar yuborilgan.

"Biz mahsulot yetkazib beruvchilar bilan hamkorlikni to‘xtatish uchun zarur choralarni ko‘rmoqdamiz", - deb ta‘kidlagan vazirlik vakili.

Shariatga binoan, cho‘chqa go‘shtini iste‘mol qilish taqiqlanadi, iste‘mol qilinadigan boshqa jonivorlar go‘shti halol hisoblanishi uchun u qo‘lda so‘yilishi va buni amalga oshirayotgan kishi Alloh so‘zini ishlatib, maxsus duo qilishi lozim bo‘ladi.

Prison Reform Trust xayriya tashkilotining rahbari Juliya Layon Adliya vazirligi bu voqeani tekshirishni boshlagani va sodir bo‘lgan voqea uchun kechirim so‘raganini ma‘qullagan.

"Agar shunday qilinmasa, bu boshqa ko‘plab musulmon mahbuslar va ularning oilalarini haqoratlagan va tashvishga solgan bo‘lar edi", deb aytgan Juliya Layon.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.