BBC navigation

"Ham Shved, ham Finland hukumati Teliasonera rahbarlarini o‘zgartirmoqchi"

Сўнгги янгиланиш 4 феврал 2013 - 12:04 GMT

O‘zbekiston bilan bo‘lganidek kelishuvga yo‘l qo‘yilmasligi uchun Teliasoneraning faoliyatini yaqindan kuzatish zarur.

Teliasonera shirkati Mannheimer Swartling yuridik shirkatidan o‘zining O‘zbekiston bilan oldi-berdisi yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazishni so‘ragan, 1 fevral kuni ana o‘sha tekshiruv yakunlari haqidagi hisobot e‘lon qilindi.

Tekshiruv xulosalariga ko‘ra, Teliasoneraning O‘zbek rejimiga pora berganligi yoki noqonunuiy pullarni "yuvish"da ishtirok etganligi dalillari topilmagan, lekin shirkatning O‘zbekistonlik hamkorlar bilan ish yurtish yo‘llari qattiq tanqid qilingan.

Hisobot ortidan Teliasoneraning ijrochi direktori Lars Nayberg iste‘foga chiqishini e‘lon qildi.

Teliasonera mojarosi o‘tgan yili sentyabrida Shvetsiya Jamoatchilik televideniyesi "Missiya: tekshiruv" deb nomlangan hujjatli filmni namoyish etganidan keyin boshlangan edi.

BBC ushbu hujjatli film ijodkorlaridan biri Ola Vesterbergdan Shved jamiyatida hisobotga qanday munosabat bildirilayotgani haqida so‘radi.

Ola Vesterberg: Bu hisobot matbuotda shu paytgacha tarqatib kelingan shubhali korruptsiyaga aloqador faoliyat haqidagi xabarlarni tasdiqladi. Shuning uchun Teliasonera shirkatining eng katta aktsiyadori bo‘lgan Shvetsiya hukumati va shirkatning ikkinchi yirik hissadori Finlandiya hukumatlari Teliasonera direktorlar kengashida katta lavozimlarni o‘zgartirish amallariga qo‘l urmoqchi ekanlarini e‘lon qildilar.

Bir necha siyosiy partiyalar tomonidan, aynan shu soha uchun mas‘ul vazir Piter Norman ham bundan keyin Teliasoneraning faoliyatini yaqindan kuzatib borish kerak, degan bayonotlar bilan chiqdilar. Maqsad - O‘zbekiston bilan bo‘lganidek kelishuvga yo‘l qo‘yilmasin. Siyosiy partiyalar ham vazir shirkat faoliyatini yaxshilab kuzatib borishlarini talab qilib chiqdilar.

BBC: Hisobot mazmuniga munosabat qanday bo‘layapti? Bu hisobotdan qoniqishayaptimi yoki yo‘q?

Ola Vesterberg: Hisobot yaxshi qabul qilindi, degan fikrdaman. Ayrim kishilar bu tekshiruvning chindan ham mustaqil bo‘lishiga shubha bildirgan edilar. Sababi, bu tekshiruvni Teliasoneraning o‘zi tashkillashtirgan. Tekshiruv o‘tkazish yuridik shirkatdan so‘ralgan edi. Biroq hisobot ancha taniqdiy bo‘ldi. Lekin bu hali mojaronning yakuni emas. Teliasoneraning oldi-berdisi yuzasidan ochilgan jinoiy ish hali davom etadi. Mening ishonchim komilki, bu tergov davomida hali yangi ma‘lumotlar yuzaga chiqadi. Xususan, bunday ma‘lumotlar Shveytsariyadan oshkor bo‘ladi. Kechagi hisobotda u yerdagi axborot o‘z aksini topgani yo‘q.

BBC: Hisobot ortidan Teliasonera ijrochi direktori Lars Naybergning iste‘fosiga qanday munosabat bildirilayapti?

Ola Vesterberg: Chiqarilgan hisobot juda tanqidiy bo‘lgani uchun uning iste‘fosi zarur edi. Aksar ayblovlar uning sha‘niga bo‘ldi. Yuz bergan hodisalarning aksari uchun asosiy javobgar Lars Nayberg bo‘lgan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.