BBC navigation

SVT Teliasoneraning mustaqil tergovi xulosasidan norozi

Сўнгги янгиланиш 1 феврал 2013 - 14:43 GMT

"Missiya: Tergov" dasturining tergovchi jurnalistlari. Yoakim Difvermark chapdan birinchi.

Shvetsiyaning SVT telekanalidagi "Missiya: Tergov" teledasturi Teliasonera shirkatining O‘zbekistondagi telekommunikatsiya bozoriga kirib borish uchun 2007 yilda Gulnora Karimovaga yaqin bo‘lgan shaxsga 300 million dollar pora berganini da‘vo qilib qator telelavhalar uzatgan. Teledastur ortidan Shvetsiyada politsiya tergovi ochilgan va mazkur tergov bugunda davom etayapti.

Teliasonera o‘tgan oktyabrda o‘z rahbariyati va xodimlarining haqiqatdan ham poraxo‘rlik yoki pul yuvish amallariga aloqasi bor yoki yo‘qligini tekshirish uchun Mayxaymer Svartling yuridik shirkatiga buyurtma bergan. Mustaqil tergovni olib borgan huquqshunos Byorn Riys 1 fevralda o‘z xulosalarini taqdim etdi.

Uning xulosasida Teliasoneraning sarmoya yotqizish usullari va mahalliy sheriklarini keraklicha tekshirmagani qattiq tanqid ostiga olinadi, biroq poraxo‘rlik yoki pul yuvish amalga oshgani tasdiqlanmaydi. BBC "Missiya: Tergov" teledasturi jurnalisti Yoakim Difvermarkdan mustaqil audit xulosalari borasidagi fikrini so‘radi.

Difvermark: Menimcha tekshiruv hay‘ati yaxshi ma‘lumot to‘plagan, yaxshi tadqiqot olib borilgan, lekin men uning xulosasi to‘g‘ri bo‘ldi deb o‘ylamayman. Xulosaga ko‘ra, yuqori rahbariyat O‘zbekistondagi sheriklari borasida keraklicha va qoniqarli tekshiruvlar olib bormagan, rahbariyat Gulnora Karimova pul borib tegadigan yakuniy shaxs ekanini bilmagan va shuning uchun ham bu yerda hech qanday jinoyat sodir etilmagan emish. Men bunday xulosaga qo‘shilmayman. Aksincha, ular boshidanoq bilishgan ularning mahalliy sherigi Gulnora Karimova bo‘lganini.

BBC: Tekshiruv xulosasida aytilayaptiki, Teliasonera yetarlicha tekshiruvlar olib bormagan O‘zbekistondagi sheriklari kim ekanini o‘rganish borasida. Siz bunga qo‘shilasizmi? Yoki Teliasonera bila turib, sheriklari kim ekaniga e‘tibor qaratmaganmi?

Difvermark: Agar ular kim bilan bir yostiqqa bosh qo‘yayotganlarini bilishgan bo‘lsa, ular uchun tadqiqot qilib o‘tirishning hojati ham bo‘lmagan. Biz oshkor qilgan hujjatlar, elektron maktublar, va TeliaSonera ichidagi juda yuqori darajali shaxslar bergan ko‘rsatmalarga qarasangiz, eng boshidanoq O‘zbek bozoriga kirib borish uchun Gulnora Karimovaning oq fotihasi kerak bo‘lganini ko‘rasiz. Karimova xonim Teliasonera, va ayni damda boshqa telekommunikatsiya shirkatlarining bir qismi bo‘lishni istagan. Shunday ekan, u mahalliy sherik bo‘lgan. Buni boshidanoq bilishgan.

BBC: Nima uchun mustaqil tekshiruvchi Byorn Riys Teliasoneraning o‘zbek sarmoyasi jarayonida poraxo‘rlik yoki pul yuvish sodir bo‘lganini tasdiqlay olmasligini aytayapti?

Difvermark: Buni avvalo undan so‘rash kerak. Lekin, mening fikrimcha, bu kabi xulosalarni qilish uning o‘zi uchun ham, hamda unga tergov qilish buyrug‘ini bergan Teliasonera uchun juda qulay. Menimcha, politsiya tergovi bugungi audit tergovidan ko‘ra boshqacha xulosaga keladi.

BBC: Byorn Riys tekshiruvni o‘zi ola olgan barcha ma‘lumotlarga asoslanib qilganini aytayapti. Sizningcha, u barcha kerakli ma‘lumot bilan ta‘minlanganmidi?

Difvermark: Yo‘q, u barcha ma‘lumotga ega bo‘lgan deb o‘ylamayman. Lekin, ayni damda u boshqacha xulosaga kelishi uchun yetarli bo‘lgan ma‘lumotga ega edi deb o‘ylayman. Menimcha, u "Teliasonera Gulnora Karimovaning roli borasida bilimga ega edi, lekin jinoyat sodir etilganini men isbotlab bera olmayman", desa to‘g‘riroq bo‘lardi.

BBC: Ayni damda Teliasonera chiqargan ikkita bayonotdagi ilk jumlalar tergov ular poraxo‘rlik yoki pul yuvish bilan shug‘ullanganiga isbot topmaganiga ishora qilayapti. Bu bilan Teliasonera o‘zi oqlangani yoki jinoyat sodir etmaganini aytmoqchimi?

Difvermark: Bu ham biz mustaqil tekshiruvga qarshi ilgari surayotgan tanqidimizga o‘xshaydi. Lekin, qani ko‘raylik, politsiya tergovi ularni haqiqatdan ham jinoyat sodir etmaganini aniqlarmikan yo yo‘q.

BBC: Sizningcha, bu mustaqil tekshiruv politsiya tergovi uchun nimani anglatadi?

Difvermark: Politsiya mustaqil tekshiruv olib borgan tadqiqotlardan ham foydalanishi mumkin. Bu tekshiruv politsiya tergovini mustaqil tergovdan ko‘ra o‘zgacha xulosaga kelish borasida yanada ilhomlantiradi deb o‘ylayman.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.