BBC navigation

Kelin-kuyovlarga: "Orqa fonda prezident kulib tursin"

Сўнгги янгиланиш 31 январ 2013 - 13:45 GMT

Suratkashlarga ko‘ra, fotoalbomda kelin-kuyovlar prezident Gurbanguli Berdimuhammedov portreti fonida aks etgan kamida uchta surat bo‘lishi lozim

Turkmanistonda yangi urf bo‘layotgan an‘anaga muvofiq, nikohlarini rasman qayddan o‘tkazish uchun kelayotgan kelin-kuyovlar prezident Gurbanguli Berdimuhammedov portreti fonida suratga tushishlari lozim.

Bu haqda muhojiratdagi turkman faollarining "Xronika Turkmenistana" web sahifasi xabar tarqatgan.

So‘nggi yillarda poytaxt Ashxobod va mamlakatning boshqa yirik shaharlarida hashamatli yangi Baxt Uylari qurilgan.

Baxt Uylarida yoshlar rasman nikohdan o‘tishdan tashqari, to‘y bazmlarini nishonlashlari va maxsus tashkil etilgan xonalarda yaqinlariyu do‘stlari bilan suratga tushishlari ham mumkin.

Suratkashlar esa, ularning nikoh to‘ylarini boshdan-oyoq suratga tushirib, kelin-kuyovlarga maxsus fotoalbom ham tayyorlab berisharkan.

web sahifa esa, o‘zining so‘nggi xabarini aynan ana shu kabi suratkashlarning so‘zlariga tayanib tarqatgan.

Suratkashlarga ko‘ra, fotoalbomda kelin-kuyovlar prezident Gurbanguli Berdimuhammedov portreti fonida aks etgan kamida uchta surat bo‘lishi lozim.

Ammo buning rasmiy qarormi yoki Fuqaroviy Nikohlarni Qayd etish idoralarining tashabbusi, ma‘lum emas.

Agar, web sahifa tarqatgan xabarga tayanilsa, poytaxt Ashxoboddagi yangi ZAGS idorasida bu shart deb ko‘riladi va nikoh marosimi arafasida bu xususda yoshlar bilan kelishib olinadi.

"Kelin-kuyovlar ko‘chat ham ekishsin"

Turkman rahbarining bundan ikki yil avvalgi buyrug‘ida esa, yosh kelin-kuyovlarga to‘ylari kuni ko‘chat o‘tkazish va shahardagi yirik yodgorliklarni ziyorat etishlari buyurilgandi.

Bu haqda Britaniyada chop etiluvchi nufuzli "Gardian" gazeti xabar bergandi va buni "bemalol yakkahokimlikning bir ko‘rinishi deb baholash mumkin"ligi haqida yozgandi.

Prezidentning buyrug‘iga asosan, ko‘plab juftlar bir-ikki qadah shampan sharobi bilan nishonlash umidida bo‘lgan kunda turkmanistonlik yangi oilalar 1948 yilgi qaqshatqich yer silkinishi, Ikkinchi Jahon urushi qurbonlari xotirasi, Konstitutsiya va Mustaqillik sharafiga qo‘yilgan yodgorliklarni borib ko‘rishlari shart bo‘ladi.

Turkmaniston prezidenti hukumatning aynan to‘y marosimlariga bag‘ishlangan yig‘inida buning sababini, "zamonaviy jamiyatda oilaviy qadriyatlarni saqlab qolish va yosh avlodni xalqning an‘analariyu urf-odatlarini hurmat qilish ruhida tarbiyalashning favqulodda muhim"ligi bilan izohlagandi.

"Gardian"ga ko‘ra, Gurbanguli Berdimuhammedov marhum Turkmanboshi Saparmurot Niyozovning g‘ayriodatiy yo‘lini meros qilib olmas, degan umidlar so‘nib bormoqda.

"Janob Berdimuhammedov ham muayyan ma‘noda marhum Turkmanboshi yaratgan shaxsga sig‘inishning barcha ko‘rinishlarini faqat o‘ziniki bilan almashtirish maqsadidagina yo‘q etayotgan ko‘rinadi", deb yoziladi maqolada.

Xuddi o‘sha yili prezident Berdimuhammedov marhum Turkmanboshi Saparmurot Niyozov olti marotaba loyiq deb topilgan unvon sohibiga aylangan va "Turkmaniston qahramoni" deb topilgandi.

Turkman prezidentining to‘y marosimlariga oid yangi buyrug‘i poytaxt Ashxobodda yangi "Baxt Saroyi"ning ochilish kuni arafasida e‘lon qilingandi.

Yangi buyruqqa binoan, ushbu saroyda nikohlari rasman qayd etilgan juftlar yaqindagi xiyobonga ko‘chat o‘tkazib, bir umr uni parvarishlari lozim bo‘ladi.

Turkman rahbariga ko‘ra, bu - saroyni "yam-yashil jannatga aylantiradi".

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.