BBC navigation

O‘zbekistonda xorijiy valyuta savdosiga cheklov joriy etilmoqda

Сўнгги янгиланиш 30 январ 2013 - 16:28 GMT

Ayni paytda banklar aholidan chet el valyutasini "cheklanmagan miqdor"da sotib oladilar

1 fevraldan kuchga kiradigan yangi tartibga muvofiq, banklarga jismoniy shaxslarga naqd valyuta sotish taqiqlanadi.

O‘zbekiston Markaziy Bankining bildirishicha, cheklov O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lgan barcha jismoniy shaxslarga taalluqli.

1 fevraldan e‘tiboran ular valyutani banklardan faqat naqd bo‘lmagan ko‘rinishda sotib olish imkoniga ega bo‘ladilar.

Buning uchun ular Visa yoki Mastercard singari xalqaro to‘lov kartochkalari, shuningdek, milliy valyuta-so‘m mablag‘lari bo‘lgan bank kartochkasiga ega bo‘lishlari talab etiladi.

Xabarda aytilishicha, xorijiy valyutani O‘zbekiston Markaziy banki belgilagan narx bo‘yicha xalqaro to‘lov kartochkasiga o‘tkazish yo‘li bilan sotib olish mumkin bo‘ladi.

Xalqaro to‘lov kartochkasiga o‘tkazilgan mablag‘larni esa faqat aviachipta sotib olish yoki xorijda o‘qish va davolanishga pul o‘tkazish singari maqsadlarga sarflash mumkinligi aytiladi.

Bu mablag‘larni naqd pul shaklida yana rasmiy kurs bilan faqat milliy valyutada olish mumkin bo‘ladi.

Ayni paytda Markaziy Bankka ko‘ra, O‘zbekiston aholisidan chet el valyutasini sotib olish tartibi o‘zgarishsiz qoladi.

"Aholiga qulaylik yaratish maqsadida vakolatli banklar va ularning filiallari binolarida, aeroportlarda, temir yo‘l vokzallari, mehmonxonalar, bojxona postlarida hamda boshqa jamoat joylaridagi ayirboshlash shoxobchalari orqali chet el valyutasini cheklanmagan miqdorda sotib oladilar", - deyiladi Markaziy Bank axborotida.

O‘zbekiston Markaziy Banki 1 fevraldan e‘tiboran joriy etiladigan cheklovlarni "respublika aholisiga chet el valyutasini sotishning takomillashtirilgan tartibi" deb atagan.

Majburiy choralar

Tahlilchilarga ko‘ra, chet el valyutasi savdosini cheklovchi yangi tartib mamlakat g‘aznasi, xususan, valyuta zahiralarini to‘ldirishga qaratilgan majburiy choralardir.

Iqtisodiy o‘sish haqidagi rasmiy raqamlarga qaramasdan, hukumat o‘tgan bir yil ichida aholiga to‘lanadigan pensiya va nafaqalarni qirqib tashlagan, soliq tushumlarini ko‘paytirishga qaratilgan qator choralarga qo‘l urgan.

Mustaqil tahlilchi Alisher Taksanovga ko‘ra, rasmiy raqamlarga qaramasdan, hukumat uchun O‘zbekiston iqtisodining ahvoli ayanchli ekanini yashirish tobora qiyinlashmoqda.

"Statistik ma‘lumotlarga qaraganda, O‘zbekistonning Yalpi Ichki Mahsuloti yiliga 30 milliard dollar atrofida. Agar bu raqamni aholi jon boshiga taqsimlasangiz, kishi boshiga juda kam - 700 dollarlar to‘g‘ri keladi. Bu esa O‘zbekiston qashshoq Afrika mamlakatlari qatorida degani", - deydi tahlilchi.

Mustaqil iqtisodchi Jahongir Shosalimovning aytishicha, hukumat valyuta savdosini cheklash orqali milliy valyuta-so‘mning qurbini ushlab turmoqchi.

"So‘nggi yillarda o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari Rossiya va boshqa mamlakatlardan yuborgan pullar o‘zbek so‘mini butunlay barbod bo‘lishdan asrab qoldi", - deydi Jahongir Shosalimov.

Uning fikricha, so‘nggi cheklovlar O‘zbekistondagi xorijiy valyutalarning qora bozorini yo‘q qilolmaydi, qaytaga, bu bozorga talabni yanada kuchaytiradi.

Seshanba kuni O‘zbekiston Davlat Soliq qo‘mitasi qoshida oldi-sotdida valyuta muomalasini nazorat qilish uchun maxsus qo‘mita tuzilgani xabar qilingandi.

Ushbu qo‘mitaga jismoniy va yuridik shaxslarning biror bir tovar, mahsulot sotib olganlarida, ko‘rsatilgan xizmat uchun naqd xorijiy valyutada haq to‘lashlariga yo‘l qo‘ymaslik vazifasi yuklangan.

O‘zbekiston sobiq SSSR davlatlari orasida chet el valyutalarining qora bozori amal qiladigan yagona davlatdir.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.