BBC navigation

O‘zbekistonda Olam.uz veb-sayti yopilgan

Сўнгги янгиланиш 29 январ 2013 - 14:30 GMT

Olam.uzda e‘lon qilingan maqolalarga O‘zbekiston sharoitida erkin qarashdagi sharhlar qoldirilishi ko‘pchilikni hayratlantirayotgan edi.

Bundan o‘n kun oldin - 19 yanvar kuni Olam.uz web-sahifasida rus tilida "Saytda texnik ishlar amalga oshirilyapti. Vaqtinchalik noqulaylik uchun kechirim so‘raymiz", degan yozuv paydo bo‘lgan va ko‘pchilik sayt bugun yo erta ochilib qoladi, deb umid qilgan edilar.

Keyinroq web-sahifa va portalning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari ishlamasligi haqida xabarlar chiqdi.

Sayt rahbariyati buni texnik sabablarga bog‘liqligi bilan izohlagan.

Kecha CA-NEWS web-saytida Olam.uz yopilishiga ularga qarshi jinoiy ish ochilgani sabab bo‘lgani haqidagi xabar e‘lon qilindi.

Markaziy Osiyo yangiliklarini tarqatadigan CA-NEWS bu xabarni o‘z manbasidan olganini aytgan.

Unga ko‘ra, portalni ochishda moddiy ko‘mak bergan shirkat, shuningdek saytning bosh muharririga qarshi o‘tgan yilning noyabr oyida jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Ularga nisbatan xorij davlatiga O‘zbekistonga qarshi dushmanlik qilishda ko‘maklashish, xiyonat, ayg‘oqchilik, buzg‘unchilik, davlat sirlari aks etgan hujjatlarni yo‘q qilish kabi bandlar bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan, deb yozadi CA-NEWS.

Olam.uz shuningdek, o‘z sahifasida "mualliflik huquqlarini buzgan holda" O‘zbekiston Milliy Axborot agentligi xabarlaridan manbasini ko‘rsatmay foydalangan, degan ayblov borligi haqida ham web-sayt xabar qiladi.

Yakkasaroy tumanida joylashgan firma idorasidan o‘tgan yilning dekabr oyida barcha asbob va texnik vositalar olib qo‘yilgan. Shunga qaramay Olam.uz sayti bir qancha vaqt o‘z faoliyatini davom ettirgan.

Saytga tegishli mol-mulk "Mualliflik va unga taaluqli huquqlar haqida" qonuniga asosan , mualliflik huquqini buzganligi uchun musodara etilgani bildirilgan.

Olam.uzning Feysbukdagi sahifasida foydalanuvchilar sayt qachon ishga tushishi mumkinligi haqida so‘rab, uning nima uchun yopilgani haqida o‘z taxminlarini yozishgan.

Foydalanuvchilardan biri "Texnik muammo bu qadar uzoq davom etishi mumkin emas. Sizlarni yopishdimi?" deb so‘ragan.

Boshqa bir o‘quvchi saytning yopilishi haqida "Faqat ularning o‘ziga va yana ba‘zi birlarga ma‘lum nima bo‘lgani", deb yozadi.

Bugun biz Toshkentdagi qator jurnalistlar bilan suhbatlashdik. Ko‘pchilik uchun o‘tgan yili Gulnora Karimovaning jamg‘armasi tomonidan mukofot olgan web-sayt bilan bunday voqealar yuz berayotgani tushunarsiz ekanini aytishmoqda.

Bizning suhbatdoshlarimiz chindan ham Olam nuqta uz ijodkorlariga ayg‘oqchilik singari ovozali ayblov surilgani haqidagi axborotni tasdiqlaydigan ma‘lumotni qo‘lga kirita olmaganini aytishdi.

Sayt rus tilida bo‘lganiga qaramasdan, o‘zbek o‘quvchilari orasida yaxshi tanilib ulgurgan.

Olam.uz sayti shu paytgacha O‘zbekistonda eng ko‘p kiriladigan web-sahifalardan bo‘lib, kuniga 26 ming kishi tashrif buyurgani aytiladi.

Shuningdek, bu web-sahifada e‘lon qilingan maqolaga fikr qoldirish mumkinedi, bu forumlarda ancha erkin qarashdagi sharhlar qoldirilishi ko‘pchilikni hayratlantirayotgan edi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.