BBC navigation

Shved mahkamasi Takilant ning mablag‘larini muzlatish haqida qaror chiqardi

Сўнгги янгиланиш 22 январ 2013 - 16:10 GMT

Teliasonera Gulnora Karimovaga yaqin shaxslarga pora berganlikda ayblanadi

Shvetsiyaning Teliasonera telekom shirkati faoliyatini tekshirayotgan Stokgolm mahkamasi Takilant shirkatiga tegishli 276 million dollar miqdoridagi mablag‘larni muzlatishga buyruq bergan.

O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning yaqin hamkori deb ishoniladigan Gayane Avakyanga tegishli Takilant shirkati TeliaSonera ning O‘zbekistondagi hamkori hisoblanadi.

Shvetsiya prokuraturasi O‘zbekistondagi Ucell ning egasi bo‘lgan TeliaSonera ni o‘zbek litsenziyasi uchun Takilant timsolida Gulnora Karimovaga yaqin shaxslarga pora berishda ayblaydi.

O‘tgan yil oktyabrida mahkama Takilantning 30 million dollarga teng mablag‘ini muzlatish haqida qaror chiqargandi.

TeliaSonera unga qo‘yilgan korruptsiya ayblarini inkor etib keladi.

BBC bilan suhbatda prokuror Gunnar Stetler Stokgolm mahkamasi qaroridan taajjubga tushmaganini aytdi.

"Men Stokgolm mahkamasining bunday qaror chiqarishini kutgandim. Ayniqsa apellyatsion mahkama qarori shunday bo‘lishiga shubha qilmagandim. Bu qaror mening Takilant hisoblarini muzlatish haqidagi talabimga berilgan tabiiy javob edi, deb o‘ylayman", deb aytdi shvetsiyalik prokuror.

Takilant shirkatining mablag‘lari asosan Gibraltardagi offshor hududda ekani aytiladi.

Janob Stetlerga ko‘ra, shved mahkamasining qarorini ijro etish ushbu mamlakat politsiyasi zimmasida bo‘ladi.

Prokuror texnik jihatdan bu qanday amalga oshirilishi haqidagi tafsilotlarga to‘xtalmadi, ammo mablag‘larni muzlatish jarayoni bir qadar qiyin bo‘lishi mumkinligiga ishora etdi.

"Umumlashtirib aytadigan bo‘lsam, bir ishni uzoqda emas, yaqinda amalga oshirish doimo oson bo‘ladi. Lekin, bu umumiy qoida", - deb aytdi janob Stetler.

Raddiya va sukunat

Shvetsiyaning eng yirik mobil aloqa shirkati bo‘lgan Teliasonera O‘zbekistondagi litsenziyasi uchun Gulnora Karimovaga yaqin shaxslarga pora berganini rad etib keladi.

Shirkat avvalroq chiqargan bayonotida Shvetsiya prokuraturasining tekshiruvlaridang "toza chiqishi" va "korruptsiyaga toqat qilmasligi"ni aytgan.

TeliaSoneraning aytishicha, O‘zbekistondagi mahalliy hamkori Takilant bilan shartnoma 2007 yilning 24 dekabrida, shirkatning "qayd etilgan yagona direktori" Gayane Avakyan bilan imzolangan.

TeliaSonera muzokaralar payti Takilant shirkati ortida "mahalliy ishbilarmonlar guruhi" turgani haqida ma‘lumot olganini ta‘kidlaydi.

Bu guruhda "Gulnora Karimova doxil, kimlar bo‘lgani borasida turli mish-mishlar mavjud"ligini aytgan TeliaSonera Takilant ning egalik tuzilmasini tekshirgani, "ammo Gayane Avakyandan boshqa biron kishini aniqlay olmagani"ni aytgan.

O‘tgan yil oxirida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Shvetsiya Tashqi ishlar vazirligiga nota yo‘llab, tergov tafsilotlarining matbuotga sizayotganidan norozilik bildirgan.

Gulnora Karimovaning o‘zi hozirga qadar Shvetsiyadagi tekshiruvlar borasida sukut saqlamoqda.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.