BBC navigation

TeliaSonera va Karimova: "Jinoyat sodir etilgan"

Сўнгги янгиланиш 16 январ 2013 - 14:03 GMT

Fredrik Lorin Gulnora Karimovaga yaqin shaxsga pora to‘langani da‘vosi bilan chiqqan jurnalistik tergov ortida turgan muxbirlardan biridir

Shvetsiya Appelyatsion Mahkamasi TeliaSonera va Takilant shirkatlarining poraxo‘rlikka aralashgani borasidagi da‘volar asosida mablag‘larini muzlatish yuzasidan hukm chiqarib, Shvetsiya hududida jinoyat yuz bergan deya qaror chiqargan.

Endi prokurorlar quyi mahkamaga qayta murojaat etib, TeliaSonera va Takilant mablag‘larini muzlatilishiga yo‘l ochiladi.

Shvetsiya Appelyatsion Mahkamasi TeliaSonera mobil telefon shirkatining O‘zbekistonda faoliyat yuritish uchun litsenziya olish jarayonida pora berganmi yo‘qligini tekshirgan va bu pora Shvetsiya hududida yuz bergan deya qaror qilgan.

Mablag‘larni muzlatib qo‘yish talabini Shvetsiya Korruptsiyaga qarshi Kurash Bo‘linmasining Bosh prokurori Gunnar Shtetler ilgari surgan.

Janob Shtetler TeliaSonera va O‘zbekistondagi hamkor shirkat o‘rtasida erishilgan kelishuvga mamlakat prezidenti Islom Karimovning yaqinlari bilvosita aloqador ekanliklarini ko‘rsatuvchi qator hujjatlarni mahkamaga taqdim etgandi.

Stokgolmdagi Appelyatsion mahkamaga taqdim etilgan bu hujjatlar O‘zbekistondagi telekommunikatsiyalar bozoriga kirib borishda TeliaSonera qanday harakatlarni amalga oshirganligi haqida tasavvur hosil qilishga yordam beradi.

Bu hujjatlarda O‘zbekistonda qudratda bo‘lgan doiralar TeliaSonera bilan erishilgan bitimdan manfaatdor va shirkatning o‘zi ham bu yo‘lda olib borilgan muzokaralardan xabardor bo‘lganligi bo‘lishi mumkinligidan dalolat beradi.

TeliaSonera O‘zbekistondagi litsenziyaga erishish yo‘lida pora berganligi haqidagi da‘volarni rad etib kelmoqda. Shirkatning aytishicha, to‘langan pullar O‘zbekistonga sarmoya yotqizishning tarkibiy qismi sifatida qonunuiy hamkor - "Takilant" shirkatiga to‘langan va boshqa hech qanday shaxs bu bitimdan manfaatdor bo‘lmagan.

BBC mahkama jarayonini kuzatgan va jurnalistik tergovni olib borgan Shvetsiyalik jurnalisti Fredrik Lorin bilan bog‘lanib, oxirgi qaror tafsilotini so‘radi.

Lorin: Shvetsiyaning appelyatsiya mahkamasi haqiqatdan ham jinoyat sodir etilgan va bu Shvetsiya mahkamasida ko‘rib chiqilishi mumkin deya qaror qilgan. Chunki jinoyat Shvetsiya hududida yuz bergan bo‘lishi mumkin. Prokurorlar aynan shunday qarorni istashgandi. Bu qaror mazkur tergov uchun juda muhim, chunki endi buyog‘iga prokuror yanada ko‘proq hisoblar va mablag‘larni muzlatishni so‘rashi mumkin bo‘ladi.

BBC: Agar pul va hisoblar muzlatilsa, bu nimani anglatadi?

Lorin: Bu degani o‘sha pulning egasi tergov tugamaguncha o‘z pulini yo hisobini nazorat eta olmaydi. Prokuror shuni so‘ragan, u bir necha million dollarlik bank hisoblari muzlatilishini so‘ragan. Bu hisoblar Teliasonera va boshqa ayblanuvchilarga tegishli.

BBC: Mana endi Shvetsiya appelyatsiya mahkamasi Shvetsiya hududida jinoyat sodir etilgan bo‘lishi mumkin deya qaror qilayotgan ekan, endi buyog‘iga nima bo‘ladi?

Lorin: Endi prokuror mazkur ishni yana qaytadan mahalliy mahkamaga topshiradi. Prokuror avval ana shu mahkamaga murojaat qilib, hisoblar muzlatilishini so‘ragandi. Endi bu jinoyat Shvetsiya hududida sodir etilgan bo‘lishi mumkinligi qaror qilingan ekan, mahalliy hakam bu ish borasida qaror chiqarishi kerak bo‘ladi. Ya‘ni aynan mahalliy hakam qandaydir hisobni muzlatish yo muzlatmaslik borasida qaror chiqarishi kutiladi.

BBC: Bu mahkama ishi Shvetsiya uchun, shved biznesi va Teliasonera uchun nimani anglatadi?

Lorin: Bu juda mubohasali masala, chunki, sizga ma‘lumki, Teliasonera hissalarining aksari shved hukumatiga tegishli. Teliasonera Karimov rejimiga yaqin odamlarning hisoblariga bir necha millionlab dollar pul to‘lab, bu kabi yirik mojaroga botib qolgan.

BBC: Yaqinda Teliasoneraga tegishli Koskom shirkati direktorining O‘zbekiston aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya qo‘mitasi raisiga yo‘llagan maktubi yuzaga chiqdi, unda Koskom shirkati direktori qo‘mita raisidan zudlik bilan litsenziyalar va to‘lqinlar borasida qonuniy amal qilgani haqida bayonot chiqarishni so‘ragan. Bu kabi o‘zaro muzokaralar O‘zbekiston va Teliasonera o‘rtasida yashirincha muzokaralar ketayotganini anglatadimi?

Lorin: Ha, biz ular sirli muzokaralarni 2007 yildan beri olib borishganlarini xabar qildik. Teliasonera o‘shanda O‘zbekistondan litsenziyalarni sotib olishga urinayotgan bo‘lgan. Unda Teliasoneraning vakillari to‘g‘ridan to‘g‘ri Gulnora Karimovaning vakillari bilan muzokaralar qilayotgan bo‘lishgan.

BBC: Oxirgi qaror bo‘yicha Teliasonera biror munosabat bildirdimi? Shu paytgacha u ancha kamgap ko‘rinayapti.

Lorin: Qaror xozirgina chiqqani uchun hali Teliasoneradan biron munosabat olganimiz yo‘q. Bilmadim, Teliasonera o‘z shirkati ichida ichki tergov ochganini aytgan. Endi o‘sha ichki tergov tugamaguncha, biron sharx berishni istamaymiz deyishayapti.

BBC: Siz bu ishni tergov qilgan va boshlab bergan jurnalist sifatida mahkamaning yangi qarorini o‘ziningiz uchun g‘alaba deb ko‘rasizmi?

Lorin: Bu ish mahkamagacha chiqqani juda-juda muhim deb bilaman, prokurorlar va Shvetsiya politsiyasi endi tergovni olib borishlari uchun imkoniyat tug‘iladi va bu oldinga qo‘yilgan katta qadam.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.