BBC navigation

New Yorker: Gulnora Karimovaning bizneslarni tortib olishi borasida yangi da'vo

Сўнгги янгиланиш 4 январ 2013 - 18:26 GMT

AQShda chop etiladigan "The New Yorker" jurnalida "Diktatorning qizi: Gulnoradan tvitlar" sarlavhasi ostida maqola chop etilgan.

Maqola muallifi BBCning Markaziy Osiyo bo'yicha sobiq muxbiri Natalya Antelava.

Natalya Antelava maqolada yaqinda O'zbekiston prezidentining to'ng'ich qizi Gulnora Karimova bilan Twitter mikroblog tarmog'ida boshlanib ketgan "aytishuv"lari asosida kelgan kuzatuvlari bilan o'rtoqlashgan.

Maqola Gulnora Karimova tomonidan "Menga nisbatan diktatorning qizi, degan ahmoqona iborani ishlatmang, mening ham sizga o'xshab ismim bor, Natalya!" deya Twitterda tashlangan luqma atrofida yozilgan.

Natalya Antelavaning yozishicha, jurnalistlar uchun Gulnora Karimovaning Twitterdagi xabarlari O'zbekiston kabi "ichiga kirib bo'lmas" davlatga nazar tashlash imkonini yaratmoqda.

"Gulnora Karimova tez-tez xabarlarda tilga olinsa ham uning o'zi bilan shaxsan suhbatlashish deyarli imkonsiz. Oxirgi marotaba men u bilan 2008 yili suhbat o'tkazishga harakat qilgan vaqtim Moskvadagi bir "vositachiga" yuzlashtirilgandim. U menga avvaldan tayyorlangan savollar va 20 ming dollar evaziga 30 daqiqalik suhbatni uyushtirib berishini aytgandi. Men unga qayta telefon qilmadim", deya eslaydi maqolada Natalya Antelava.

Shuningdek u 2008 yili O'zbekistonlik bir ishbilarmon bilan suhbatlashgan vaqti Gulnora Karimova tomonidan biznesi olib qo'yilganligini aytgan shaxs hodisasini ham tilga oladi.

Biz Natalya Antelava bilan bog'lanib, aynan ana shu hodisa tafsiloti borasida suhbatlashdik.

Natalya Antelava BBC Jahon Xizmatining Markaziy Osiyo bo'yicha muxbiri bo'lib ishlagan.

Natalya Antelava: Men u bilan bir necha yil avval uchrashgandim, u endigina O'zbekistondan chiqib kelgandi va uchrashuvimiz Olma-ota shahrida 2008 yilning boshlarida bo'lib o'tdi. Men uning asl ismini oshkor qilmay Alisher, deb atayman. Uning menga aytishicha, yangigina ochilgan restoraniga bir kuni Gulnora Karimova o'zining qo'riqchilari bilan kelibdi. Xuddi o'sha kuni kechqurun Adisherga nisbatan bosim boshlangan. Unga restoranga egalikni topshirishi kerakligi borasida ayta boshlashgan. Shuni aytishim kerakki, kechagi Tvitter aytishuvimizda Gulnora Karimova bu hodisani butunlay yolg'on, deb atadi. Lekin menga bu hodisaning shaxsan o'sha yigitning o'zi aytib bergan va butun biznesidan mahrum bo'lganini gapirib bergan. O'shandan beri uning taqdiri nima kechgani haqida menda hech qanday ma'lumot yo'q.

BBC: Gulnora Karimovaning O'zbekistonda bizneslarni tortib olishi haqida juda ko'p iddaolar tarqalgan. Siz bu kabi hodisalar haqida ololgan yagona guvohlikmi bu?

Natalya Antelava: Yo'q, bu kabi hodisalar haqida yana bir necha kishidan eshitganman. Lekin shaxsan o'z biznesini yo'qotganlardan faqat shu yigitdan bevosita eshitganman.

BBC: Siz Twitterdagi xabarlaringizdan birida Gulnora Karimova sizni "yolg'onchi" deb ataganini aytgansiz. U sizning jurnaldagi maqolangizga shunday rasmiy raddiya berdimi, yo shaxsan o'zingizga?

Natalya Antelava: Dekabr oyining boshlarida men Twitterda Gulnora Karimovaning Xalqaro Inqiroz guruhidan Endryu Shtrolayn bilan "suhbatlashayotgani"dan xabar topdim. Men O'zbekistondan turib ishlaganim va u erdan yaqindagina deportatsiya qilinganim uchun "nima uchun meni deportatsiya qildilar, sababini ayta olasizmi?", deya savol yo'lladim. Hayratlanarli ravishda u menga javob yozdi va o'shandan beri Twitterda ijozat berilgan qisqa xabarlar orqali yozishma boshlanib ketdi. Gulnora Karimova menga elektron pochtasi adresini berib, mening deportatsiyam hodisasini tekshirib ko'rishga va'da berdi. Endryu Shtrolaynga ham adresini berib, u ko'targan qiynoqlar masalasini ham ko'rib chiqishni va'da berdi. Biz ikkalamiz ham tafsilotlar bilan elektron pochta orqali maktublar jo'natdik. Ko'rinishicha, Gulnora Karimova "New Yorker" jurnalidagi maqolani ko'rgan va mendan hech qanday maktub olmaganligi, shuningdek, maqolada men yolg'on gapirganligimni aytib yana Twitter orqali xabar yubordi. Men suhbatlashgan ishbilarmon hodisasi mutlaqo uydirma ekanligini aytdi. Buning ortidan Twitterda Gulnora Karimovaning tarafdorlari "unga qarshi chiqishga qanday hadding sig'di" qabilidagi xabarlarni jo'nata boshladilar.

BBC: Uning tarafdorlaridan biri "har qanday Piar yaxshi Piar" deya Tvit qilgan. Gulnora Karimova nima uchun Twitterda bu kabi faollik ko'rsatmoqda deb o'ylaysiz?

Natalya Antelava: Bilmadim. Chunki bu uning obro'sini oshirish yo'lida biron ijobiy rol o'ynayapti, deb o'ylamayman. Bu yozishmalar O'zbekistonda o'ta yirik shaxs sifatida ko'rilgan Gulnoar Karimova shaxsiyatiga nazar solish imkonini yaratmoqda. U o'ziga e'tiborni qaratmoqchidir, muloqotga kirishmoqchidir, lekin jiddiy masalalarga yondoshmaslikni afzal ko'rmoqda. Kecha men undan O'zbekistonda ayollarni majburan bichish masalasi haqida so'raganimda "men sog'liqni saqlash vaziri emasman", deya javob berdi.

Aziz O'quvchi!

BBC O'zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o'rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo'llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo'ylab o'quvchilarimiz bilan o'z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko'ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

Алоқадор мавзулар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.