BBC navigation

"Mehnat muhojirlari rus tilidan majburiy sinovga bepisand"mi?

Сўнгги янгиланиш 13 декабр 2012 - 16:15 GMT

Maqola mualliflariga ayon bo‘lishicha, dekabr oyining birinchi haftasida Rossiyadagi millionlab muhojirlardan bor-yo‘g‘i 200 ga yaqini rus tilidan sinov topshirishni ixtiyor etishgan

Rossiyada qora yumushlarda band mehnat muhojirlarini rus tilidan sinov topshirishga majbur qilish rejasi barbod bo‘lish yoqasida...

"Kommersant‘" gazetasida chop etilgan maqola xuddi ana shunday so‘zlar bilan boshlanadi.

Bu xususda "Xorijiy fuqarolarning huquqiy holatlari to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan tuzatishlar shu yilning 1 dekabrida kuchga kirgandi.

Maqola mualliflariga ayon bo‘lishicha, dekabr oyining birinchi haftasida Rossiyadagi millionlab muhojirlardan bor-yo‘g‘i 200 ga yaqini rus tilidan sinov topshirishni ixtiyor etishgan.

Agar, maqolada milliy diaspora vakillaridan keltirilgan izohlarga qaralsa, bunga eng avvalo rus tilidan sinov topshirish bilan bog‘lik butunboshli jarayonning chetdan kelgan muhojirga nihoyatda qimmatga tushishi sabab bo‘lmoqda.

Biz bilan suhbatda bo‘lgan va Rossiyada bir necha yildan buyon mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik muhojirga ko‘ra, sinov bilan bog‘liq barcha sarf-xarajatlar 3.000 rublь atrofida aylanishi mumkin:

Suhbatdoshimizning taxminiy hisob-kitoblariga qaralsa, oyiga o‘rtacha daromad qiluvchi o‘zbekistonlik yiliga 4-5 ming AQSh dollari miqdorida pul topishi mumkin.

Unga ko‘ra, topgan pullaridan anchaginasi ijara haqi, yeyish-ichishlari va yo‘l xarajatlariga ketadi.

Ustiga ustak, o‘zbekistonlik aksariyat Rossiyaga o‘z vatanlarida uy olish, mashina xarid qilish, ro‘zg‘orini o‘tkazish yoki bolalarini o‘qitish uchun kelishadi.

Ammo Rossiya Federal Muhojirlik Xizmati vakillari esa, so‘nggi yangilikdan tashvishda emasliklarini aytishmoqda.

Ularga ko‘ra, Yangi Yildan keyin rus tilidan sinov topshirish harakatiga tushib qolgan mehnat muhojirlarining soni keskin ortadi.

Yangi tartib

Shu yilning may oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin federal va mintaqa hokimliklariga noyabr oyidan boshlab muhojirlarga rus tilida imtihon topshirishni joriy etishga topshiriq bergandi.

Rossiyada pul topishni rejalayotgan xorijiy fuqarolar o‘zlarining rus tilini qanchalik bilishlarini rasman tasdiqlashlari lozim bo‘ladi.

Deylik, ishga kirmoqchi bo‘lishsa, ularning attestat yoki diplom kabi, biror bir hujjatni taqdim etishlari taqozo etiladi.

Qonun loyihasiga muvofiq, rus tilidan bilimingiz boshlang‘ich darajada bo‘lmasa, bo‘ldi.

Bu kabi yangilik eng avvalo savdo, turar-joy, kommunal va maishiy xizmat ko‘rsatish sohalari xodimlarini ko‘zda tutadi.

Yangi tartib-qoidalar Rossiyaga ishlash uchun kelayotgan malakali mutaxassislarni ko‘zda tutmaydi.

Joriy paytda mamlakat oliy o‘quv yurtlari va xalqaro maorif bo‘limlari qoshida rus tilidan chet tili sifatida davlat sinovi qabul qiluvchi markazlarning soni bir necha yuz ekani aytiladi.

Rus tili

Rossiya federal migratsiya xizmatining ma‘lumotlariga ko‘ra, mamlakatga har yili 13-14 milliondan ortiq muhojirlar kelishadi.

Ularning qariiyb 77 foizi sobiq Ittifoq respublikalari, jumladan, Markaziy Osiyodan borayotgan fuqarolar ekanligi aytiladi.

Rossiya Muhojirlik Xizmati rahbari Konstantin Romodanovskiyning aytishicha esa, mamlakatiga kelayotgan muhojirlarning o‘ttiz foizga yaqini rus tilida gapirolmaydi.

Biroq kuzatuvchilar ham, mehnat muhojirlarining o‘zlari ham yangi tartibni amalga tadbiq etishning oson bo‘lmasligini aytishadi.

Ularning ishonishlaricha, yangi tartib Rossiyada korruptsiya bozorining kengayishiga xizmat qiladi, xolos.

Mutaxassislarga ko‘ra, ustiga ustak, qanchalik mehnatda bandligi va ishlash shart-sharoitlari nazarda tutilsa, Rossiyadagi mehnat muhojirlarini rus tilini o‘rgatishga jalb etishning o‘zi ham oson bo‘lmaydi.

Qonunga kiritilgan yangi tuzatishlarni yoqlab ovoz bergan rossiyalik siyosatchilarning ayrimlariga ko‘ra, "Rus tilini bilish - muhojirlarning majburiyatlari bo‘lish bilan birga, o‘z huquqlari toptalishining oldini olish imkoniyati hamdir".

2015 yildan boshlab esa, Rossiya Federal Migratsiya Xizmati mehnat muhojirlarining rus tilidan tashqari, Rossiya tarixi va qonunchiligidan sinov topshirishlarini shart qilishni rejalamoqda.

Bu xususdagi qonun loyihasi allaqachon Rossiya Dumasi ixtiyoriga ham havola etilgan.

---------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.