BBC navigation

O‘zbekiston Islomiy Harakati hali ham O‘zbekiston uchun tahdidmi?

Сўнгги янгиланиш 12 декабр 2012 - 17:20 GMT

Tahriki Tolibon rahbari Hakimulla Mehsud va O‘IH rahbari Usmon Odil

NATO qo‘shinlarining 2014 yilda Afg‘onistondan olib chiqilishi kutilar ekan, qator tahlilchilar xorijiy kuchlar nazoratisiz Afg‘onistonda vaziyat beqarorlashishini bashorat qilishmoqda.

Qo‘shinlarning olib chiqilishi Markaziy Osiyodagi harbiy-siyosiy vaziyat, hamda mintaqa davlatlarining Rossiya va AQSh bilan aloqalariga ta‘sir qiluvchi muhim omil bo‘ladi.

Ba‘zi kuzatuvchilar, Afg‘onistondagi jangari guruhlar chegara osha Markaziy Osiyo davlatlariga o‘tish harakatlarini yana boshlab yuborishlari mumkin, deb ishonadilar.

Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXShT) rahbari Nikolay Bordyuja 20 noyabrda tashkilotning 20 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro anjumanida aytishicha, hozirning o‘zida chegarani kesib o‘tishga shay guruhlar bor.

Afg‘onistondagi xalqaro kuchlar soni hozirda 117 ming askarga teng, ulardan 68 ming nafari amerikalik askarlar. Oxirgi oylarda xalqaro koalitsiya a‘zolari bosqichma-bosqich o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistonda olib chiqa boshlashgan. Oktyabrga kelib AQSh Afg‘onistonga 2009 yilda qo‘shinlar safini kuchaytirish uchun jo‘natilgan 33 ming askarini chiqarib oldi.

Boshqa mamlakatlar ham o‘z ishtiroklariga yakun yasayaptilar - yil oxirigacha Frantsiya Afg‘onistondagi 2 ming nafarcha askarini olib chiqishi kutilgandi.

Ayni damda NATO kontingentining bir qismi Afg‘onistonda 2014 yildan keyin ham qolishi mo‘ljallangan, biroq qanday shartlar asosida ekani aniq emas.

Ham NATO va ham KXShT yaqin kelajakda yaxshi tayyorlangan va qurollangan jangarilar guruhlari mintaqadagi notinchlikning eng asosiy manbalaridan biri bo‘lishi mumkinligini tan oladilar.

NATO ma‘lumotiga ko‘ra, Afg‘onistonda bugun 1900ta turli harbiy guruhlar mavjud va ulardagi jangchilar soni 30 ming atrofida. Mamlakatda Tolibon harakatidan tashqari, O‘zbekiston Islomiy Harakati (O‘IH), Al-Qoida, Hikmatiyorning Hizbi Islomiy partiyasi, hamda Haqqoniy guruhi kabi guruhlar amal qiladi.

O‘zbekistonlik siyosatshunos Farhod Tolipovga ko‘ra, Afg‘onistondagi jangari guruhlarning O‘zbekistonga soladigan tahdidi - o‘zgarmay qolayotgan bir voqe‘lik, lekin bu tahdid 10 yil avvalgiga qaraganda kattaroq emas.

"Diniy ekstremizm masalasi va terrorchilik tahdidi Afg‘oniston va boshqa qo‘shni hududlardan O‘zbekistonga nisbatan doimo mavjud bo‘lib kelgan, ayniqsa mustaqillikdan so‘ng. Bu kelajakda ham kutilishi mumkin deb o‘ylayman. Ularning ko‘lami 1990-yillar oxiri va 2000-yillarning boshi bilan solishtirganda, pastroq bo‘ladi deb o‘ylayman. O‘zbekiston Afg‘onistondan tarqagan tahdidlarni eng birinchi marta 90-yillar oxirida his qilgan va ularga qarshi tegishli choralar ko‘rgan", - deydi siyosatshunos.

Tohir Yo‘ldoshning vorisi Usmon Odil avgust oyida halok bo‘lgani xabar qilindi

Xavfsizlik choralari O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning joriy yil 2 oktyabrda Turkmanistonga qilgan safari chog‘ida ham muhokama qilindi. Ikki mamlakat rahbariyati Afg‘oniston bilan chegaralarni himoyalashda qo‘shimcha choralar ko‘rishga kelishib oldilar.

Ba‘zi xabarlarga ko‘ra, Afg‘oniston bilan eng qisqa chegaraga ega Xitoy o‘z chegarasida oxirgi vaqtda qo‘shinlari sonini orttirgan, ammo bu ehtimoliy beqarorlik tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qochqinlar oqimiga qarshi chora sifatida baholanadi.

Lekin, janob Tolipov 2014 yil Afg‘onistondan xorijiy qo‘shinlar olib chiqilishi bilan tahdidlar ko‘lami oshishi mumkin degan bashoratlarga faqat qisman qo‘shiladi.

"Afg‘oniston hududida amal qilayotgan turli terrorchi va ekstremist guruhlar bir zumda yo‘q bo‘lmaydi. Lekin, kelajakda bu tahdidlar ko‘lami 2001 yilga qaraganda ozroq bo‘ladi. Aytmoqchimanki, 11 sentyabrga o‘xshash voqea endi qaytarilmasa kerak. Bo‘lajak tahdidlarni biz to‘g‘ri baholab, ularni inkor etmagan holda, bu tahdidlarning darajasini pastroq holatda deb baholaymiz", - deydi u.

"O‘zaro manfaatli aloqalar"

Rossiyalik jurnalist, "Moskovskiye novosti" gazetasining xalqaro sharhlovchisi Arkadiy Dubnov ham Afg‘onistondagi jangari guruhlarning Markaziy Osiyoga solayotgan xavfi bo‘rttirib ko‘rsatilganiga ishonadi. Uning fikrida, mavjud xavfning bartaraf qilinishida O‘zbekiston hukumatining Afg‘oniston shimolidagi rahbariyat bilan yo‘lga qo‘ygan yaxshi aloqalari muhim rolь o‘ynaydi.

"O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan chegarasi (Markaziy Osiyo davlatlari ichida) eng qisqa chegara, va u ham harbiy va ham siyosiy ma‘noda mustahkamlangan. Chegaraga yaqin yashovchi afg‘on liderlarining Toshkent bilan mushtarak iqtisodiy manfaatlari bor. Menimcha, Tojikiston yo Turkmaniston bilan solishtirganda, aynan O‘zbekistonga 2014 yil qo‘shinlarning chiqib ketishi ortidan yuzaga keladigan vaziyat kamroq tahdid soladi", - deydi u.

O‘zbek hukumatining Afg‘oniston shimolidagi liderlar bilan aloqalari masalasini olmoniyalik tahlilchi Gyunter Knabe ham Deutsche Welle radiosiga bergan suhbatida ko‘targan. Uning aytishicha, agar pessimistik stsenariyga binoan, Afg‘oniston shimoli va janubi o‘rtasida fuqarolar urushi yuzaga kelsa, afg‘on hududlarida yashovchi etnik tojik va o‘zbeklarga Tojikiston va O‘zbekiston hukumatlari dastak ko‘rsatishi mumkin.

"Dushanbe va Toshkent Afg‘onistondan amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy hamlalarga qarshi o‘z diasporasini qo‘shimcha bufer sifatida qo‘llaydi", - deydi janob Knabe.

Dubnov janoblari esa, xususan, o‘zbek hukumatining afg‘on shimoli bilan o‘rnatgan aloqalarini faqat etnik omil bilan izohlashni istamaydi.

O‘IH jangchilari soni harakat a‘zolarining farzandlari hisobiga ham boyiyapti

"O‘zbekiston an‘anaviy ravishda Afg‘onistondagi shimoliy viloyatlar rahbarlari bilan barqaror aloqalarga ega bo‘lib keladi. Bunga faqat General Rashid Do‘stum kabi o‘zbek liderlar borligi sabab emas. Gap shundaki, ikki tomon o‘rtasida iqtisodiy manfaatlar bor, masalan temir yo‘l va elektr ta‘minoti loyihalari. Shunday ekan, ular jangari guruhlarning O‘zbekistonga kirishlariga yo‘l ochib beradilar deb o‘ylayman. Lekin, boshqa tarafdan, haqiqatdan ham oxirgi paytda jangarilarning faolligi oshgan. Ularni Tolibon deya taqdim qilishadi, aslida ular Markaziy Osiyo davlatlaridan chiqqan kishilar. Ular chegaradagi davlatlarga xavf tug‘dirishlari mumkin. Lekin, bunday hujum uchun eng ojiz dahliz o‘zbek-afg‘on chegarasi emas", - deydi u.

O‘zbekistonga tahdid soluvchi guruhlar orasida O‘zbekiston Islomiy Harakati tilga olinadi. Harakatga 1990-yillar boshida namanganlik Tohir Yo‘ldosh va Juma Namanganiy O‘zbekiston hukumatini ag‘darish va mamlakatda shariatga asoslangan tuzumni qurish maqsadi bilan asos solishgan.

Bugunda bu ikki yo‘l boshlovchi ham Afg‘oniston va Pokistondagi xorijiy kuchlar amaliyotlarida nobud bo‘lishgan. Bir vaqtlar soni minglab sanalgan harakat a‘zolari bugunga kelib bir necha yuz atrofida ekani aytiladi.

"Tarqoq"

Harakatning internet va zamonaviy texnologiyalar yordamida tarqatuvchi murojaatnomalariga qaramay, O‘zbekiston Islomiy Harakati haqida ma‘lumot ko‘p emas. Bu sokinlik ba‘zi tahlilchilarga harakatning faoliyati to‘xtaganidan ham ishora beradi.

Farhod Tolipov O‘zbekiston Islomiy Harakati faoliyatida qandaydir uyg‘onish yuz berishiga ishonmaydi.

"Fikrimcha, ularning soni ham oshmaydi, harakatlari ham keskin kengayib ketmaydi. Ular o‘zlari uchun o‘ta "qulay" 90-yillarda o‘z maqsadlariga erisha olmagan ekan, eng xarizmatik, eng "obro‘li" ikki rahbar ostida o‘z maqsadiga erishmagan ekan, endi "muvaffaqiyatli" harakatlari uchun sabablar yanada kamroq. Ular hozirda tarqoq. Yaxlit bir tashkilot bo‘lib birlashishi ehtimoli kam", - deydi u.

Biroq, Foreign Policy veb sahifasida chop qilingan "O‘zbekiston Islomiy Harakati: Yaralangan, lekin o‘lmagan" maqolasi muallifi Kristofer Anzalonening aytishicha, qator yuqori darajali rahbarlaridan ayrilishiga qaramay, O‘IH mintaqada amal qilayotgan jangari jamoalar ichida harbiy jihatdan eng mahoratli va zamonaviy matbuotni yaxshi o‘zlashtirgan guruh hisoblanadi.

Uning yozishicha, O‘IH mintaqadagi boshqa qator sunniy jangari guruhlar, xususan Markaziy al-Qoida, Tahriki Tolibon Pokiston va Afg‘on Tolibon bilan hamkorlik qiladi. O‘IH ayniqsa Tahriki Tolibonga yaqin bo‘lib, birgalikda Pokiston ichidagi qator harbiy nishonlar, hamda Afg‘on hukumati va xorijiy kuchlarning nishonlariga hujum qilgan.

Joriy yil aprelida 150 O‘IH va Tahriki Tolibon jangchilari Pokiston shimoli-g‘arbidagi Bannu qamoqxonasiga hujum qilib, 400 mahbusni ozod qilganlari ishoniladi. Tahriki Tolibon rahbari Hakimulla Mehsud O‘IH rahbarlari bilan muntazam uchrashib turadi.

O‘IH a‘zolarining etnik tarkibi o‘zgarib bormoqda

O‘IH saflari bugunda nafaqat o‘zbeklar, tojiklar va qirg‘izlardan, balki ko‘plab boshqa etnik guruhlar, jumladan uyg‘urlar, turkmanlar, turklar, afg‘onlar, pushtun va pushtun bo‘lmagan pokistonliklar, arablar, xitoyliklar, chechenlar, olmonlar, norvegiyaliklar va ruslardan tashkil topgan.

"Haybatli harbiy guruh"

O‘IHga tegishli Jundulloh Studiyasi muntazam ravishda yuqori darajali videolavhalarni ishlab chiqaradi, hamda audio va yozma bayonotlar, o‘zbek, rus, fors, arab, olmon, birma, urdu va pushtun tillarida xabarlar tarqatib keladi.

Anzalone janoblariga ko‘ra, O‘IH kelgusi jangarilari avlodini yetkazish yo‘lida ko‘p ish qilib, ayniqsa O‘IH a‘zolari farzandlariga harbiy taktikalar, qurollardan qo‘llanish va shahidlik qadriyati haqida ta‘lim berib kelayapti.

Muallif, oxirgi yillarda O‘IHning diqqati Markaziy Osiyodan janubiy Osiyoga, ayniqsa Pokistonga qaratilganini aytadi. Uning aytishicha, O‘IHning omon qolishiga ko‘p jihatdan uning pokistonlik rahbarlaridan biri, "adliya vaziri" Abu Zarr Azzamning jozibasi sabab.

"Abu Zarr Azzam o‘zbek, pushtun, arab, fors, va birma tillarida gapiradi. O‘IHning rahbarlaridan bir pokistonlik ekanining o‘zi ham harakatning e‘tibori Pokistonga qaratilganiga isbot. Menimcha, O‘IH hali ham haybatli bir harbiy guruh", - deydi u.

Unga ko‘ra, NATO va AQSh qo‘shinlarining Afg‘onistondan olib chiqilishi O‘IHning Afg‘onistondagi a‘zolari uchun yangicha kuch bag‘ishlashi ehtimoli yo‘q deb bo‘lmaydi.

"Pokistondagi O‘IH a‘zolarining bir qismi Afg‘onistonga ko‘chib o‘tishlari mumkin, lekin ko‘plari Pokiston Janubiy va Shimoliy Vaziriston hududlarida uylanib, jamiyatga o‘rnashib bo‘lishgani uchun Pokistonda qoladilar. Ularning farzandlari Pokistonda tug‘ilgan, ular Juma Namanganiy va Abdulla ibn al-Zubayr nomli maktablarda ta‘lim olishadi. Aytmoqchimanki, bu jamiyatda o‘z tarafdorlariga egalar va yaxshi o‘rnashganlar", - deydi u.

Joriy yilning avgust oyida O‘IH bayonot chiqarib o‘z amiri Usmon Odil AQSh dron hujumida halok bo‘lganini e‘lon qildi. Harakatning yangi amiri etib Usmon G‘ozi ismli nufuzli a‘zosi tayinlangan.

Arkadiy Dubnov ham O‘IHning etnik tarkibi bilan birga uning maqsadlari ham kengayganini aytadi.

"Bu odamlar albatta jiddiy xavf tug‘diradi O‘zbekiston uchun. Lekin, faqat O‘zbekiston uchun xavf tug‘diradi va faqat Toshkentga qarshi ish tutadi demagan bo‘lardim. Har qanday eski partizan yoki muxolif harakat vaqt o‘tib evolyutsion jarayondan o‘tadi. U 10-15 yil avvalgi maqsadlariga sodiq qolgan deb bo‘lmaydi, chunki rahbarlari o‘zgargan, yangi avlod kelgan, ularning kurashish uchun sabablari, xususan iqtisodiy sabablari ham o‘zgargan. Menimcha, bu jangarilar uchun asosiy sabab bugun siyosiy emas, balki iqtisodiy. U ham bo‘lsa, omon qolish va yashash uchun pul topish. Buni amalga oshirishning ular uchun tanish bo‘lgan usullari esa yo kurash yo tahdid solishdir", - deydi u.

Suratlar Kristofer Anzalone tomonidan taqdim etildi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.