BBC navigation

Qozog‘istonda Vladislav Chelax ustidan mahkama boshlandi

Сўнгги янгиланиш 19 ноябр 2012 - 14:05 GMT

Toldiqo‘rg‘on shahrida safdoshlarini o‘ldirishda ayblanayotgan Vladislav Chelax ustidan mahkama boshlandi.

Mahkama ochiq deb e‘lon qilingan bo‘lsa-da mahkama ishtirokchilarining roziligi bilan jarayonga halaqit bermasligi uchun jurnalist va tasvirchilar zaldan chiqarib yuborilgan. Hakam tomonlarni tanishtirib, ularning huquqini bildirgandan keyin jarayonda ayblovchi va guvohlarni tinglash boshlangan.

Toldiqo‘rg‘on shahar mahkamasining kirish joyi metal detektor va politsiya bilan jihozlangan.

Mahkamada ishtirok etishni istovchilar, ushbu qat‘iy tekshiruvdan o‘tishi shart.

Bu binoda 14 safdoshi va bir o‘rmonchini o‘ldirib ularning jasadini yoqib yuborishda ayblanayotgan 19 yoshli Vladislav Chelax ustidan ochiq mahkama bo‘lib o‘tmoqda.

Mahkama zaliga suratga olish uchun faqatgina tasvir va suratga oluvchi jurnalistlar kiritildi.

Ayblanuvchilar uchun mo‘ljallangan oynali xonachada Vladislav Chelax yuzini ko‘rsatmaslik uchun kepkani bostirib kiygan holda boshini egib o‘tirdi.

Suratchi va tasvirchilar jussasi kichikkkina Vladislavni aylantirib suratga olardi.

Zaldagi o‘rindiqlar esa jabrlanuvchilar va Chelaxning yaqinlari hamda qiziquvchilar bilan to‘lgan.

Soat 10:00 da jinoiy ishlar bo‘yicha tumanlararo harbiy haqam Yerbol Axmetjanov kirib keldi va mahkamani boshladi.

Hakam mahkama jaryoni haqida tanishtirishni boshlagan vaqtda zaldagi ishtrokchilar hech narsa eshitilmayotgani va ko‘rinmayotganini aytib norozilik bildirishdi.

Hakam bu masalaga tanishtiruv rasmiyatchiliklari tugashi bilan qaytishini bildirdi.

Vladislav Chelax o‘rnidan turib o‘zini tanishtirayotgan vaqtda, zalda hech narsa eshitilmayotgani haqida yana ovozlar keldi.

Shunda Chelax hakamga baqirgan holda murojaat qildi.

"Muhtaram hakam. Jurnalistlarni chiqarishingizni so‘rayman. Gaplarim o‘zimga ham eshitilmayapti", - deya baqirdi sudlanuvchi.

Hakam hamma tomoning roziligini olib jurnalist va tasvirchilarga zalni bo‘shatib qo‘yishni so‘radi.

Jurnalistlar birinchi qavatda tashkil qilingan maxsus xonaga o‘tkazildi. Bu yerda 3 ta monitor mahkama zalidan to‘g‘ridan to‘g‘ri tasvirlarni uzatib turibdi.

Mahkama jarayonida Chelaxning advokati ishni manfaatdor tomonlarga ochiq holda qayta o‘rganib chiqish uchun tergovga yuborishni va materiallarni tomonlarga ochiq deb e‘lon qilishni so‘radi. Ammo uning so‘rovi qondirilmadi.

Hakam tushlik uchun tanaffus e‘lon qilganda, Vladislav Chelaxning advokati Serik Sarsenov hakamning ushbu qaroridan norozi ekanligini bildirdi.

"Barcha hujjatlarni o‘rganib chiqishga haq beruvchi konstitutsion huquq buzilmoqda. Bugungi kungacha men va Chelax aslida holat qanday ekanligini bilmaymiz. Huquqda sodir etilgan jinoyatning obe‘ktiv alomatlari degan tushuncha bor. Ammo Chelaxni ayblovchi qaror qonunni qo‘pol buzgan holda chiqarilgani uchun biz ushbu holatlardan bexabar qolmoqdamiz", - deydi Serik Sarsenov.

Vladislav Chelax Qozog‘istonning Xitoy bilan chegaradosh "Arkankergen" chegara postida 14 safdoshi va bir o‘rmonchini o‘ldirishda hamda jasadlarni yoqib yuborishda ayblanmoqda.

Chelaxga 9 band bo‘ycha ayblov qo‘yilgan.

Advokat mahkama jarayonida Chelax ushbu qo‘yilgan ayblovlarning ayrimm qismlarini bo‘yniga olishi mumkinligin aytdi.

Ammo ushbu tan olishlarning ichiga qotillik kirmasligini bildirdi.

Qozoq rasmiylariga ko‘ra, 31 may kuni Qozog‘iston bilan Xitoy chegarasida faqat yilning issiq oylarida o‘rnatiladigan vaqtinchalik "Arkankeren" chegara postida 14 chegarachi va bir o‘rmonchining kuyib ketgan jasadlari topilgan.

Prezident Nazarboyev yuz bergan hodisani terror amali deb atagan, mamlakatda bir kunlik motam e‘lon qilingan.

Qo‘lga olingan yagona tirik qolgan askar Vladislav Chelaxning xizmatdoshlarini o‘ldirganini tan olganini aytganlar Qozoq rasmiylari.

Qozog‘iston prokuraturasi 19 yoshli askarning xizmatdoshlarini o‘ldirgani iqrori yozib olingan videoni namoyish etgan.

Biroq askarning yaqinlari va advokati bu iqrorliklarni qiynoq va bosimlar ostida olinganini aytib kelishadi.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.