BBC navigation

Shaxmatni qayta tiriltirish yo‘lida Toshkent bir bosqich bo‘ladimi?

Сўнгги янгиланиш 19 ноябр 2012 - 15:56 GMT

Andryu Polson shaxmatni oddiy o‘yindan tomoshaga aylantirish maqsadida.

Toshkent 21 noyabrdan 5 dekabrgacha ilk bora Xalqaro Shaxmat Federatsiyasi Gran-prisining ikkinchi bosqichiga mezbonlik qiladi. Bu yirik tadbirda, o‘zbekistonlik grossmeyster Rustam Qosimjonov doxil, dunyodagi eng kuchli shaxmatchilar ishtirok etadilar.

Gran-prining birinchi bosqichi o‘tgan sentyabr-oktyabr oylarida Londonda bo‘lib o‘tdi va halqaro matbuotda o‘ta muvaffaqiyatli tadbir deya olqishlandi.

Bu muvaffaqiyatning ortida turgan shaxs - Andryu Polson. Asli amerikalik mulьtimillioner tadbirkor nufuzli Yyel Universitetini frantsuz adabiyoti diplomi bilan yakunlashi ortidan, Parij, London va Milanda moda fotografi bo‘lib ishlagan.

Lekin, Polson, yo‘q joydan pul qila oladigan korchalon bo‘lib nom chiqargan.

U 1993 yilda mashhur opera qo‘shiqchisi Dmitriy Xvorostovskiy taklifi bilan Moskvaga surat olishga kelishi zamon Rossiyada kurtak otayotgan matbaa biznesiga qiziqib qoladi.

Janob Polson so‘ngra "Delovye lyudi", "Bolshoy Gorod" va "Afisha" kabi nashrlarini yaratib, Rossiya matbaa sohasini ko‘p daromadli biznesga aylantirishda katta rolь o‘ynagan.

U, 2006 yilda o‘z sherigi bilan asos solgan Sup shirkati Rossiyadagi eng ommabop bloglar platformasi bo‘lmish "LiveJournal"ga egalik qiladi.

Janob Polson o‘tgan yili "Agon" shirkatiga asos solib, Xalqaro Shaxmat Federatsiyasining shaxmat turnirlarini uyushtirish va shaxmat o‘yinini rivojlantirish huquqini qo‘lga kiritdi.

Uning biznesdagi mahorati va o‘ziga ishonchi, ko‘plar fikrida, deyarli unutib qo‘yilgan va qadimiy nufuzini yo‘qotgan shaxmat o‘yinini yana xalqaro diqqat markaziga olib chiqishi mumkin. Bir sarlavha hatto "Andryu Polson shaxmatni Berni Ekkleston Formula-1ni rivojlantirgandek rivojlantira oladimi?" deb so‘raydi.

Bu qadimiy sport o‘tgan yil ichida to‘satdan moda, Gollivud filmlari va san‘at olamida paydo bo‘la boshladi. Uill Smit va Usayn Bolt kabi yulduzlar ashaddiy shaxmat ishqibozi bo‘lib chiqishdi, Demien Herst va Treysi Eminning tasviriy san‘at asarlari, Prada reklamalarida ham shaxmat o‘yini ko‘zga tashlanadi.

"Shaxmatchilar charchaganidan bir turnir davomida ko‘p ozib qolishlari ham kuzatiladi. Bu jismoniy jihatdan juda ham talabchan sport. Soatlab yurak urishi yuqori bo‘lib qolishi mumkin."

Janob Polsonning shaxmat uchun mo‘ljallayotgan rejalari sirasiga, xususan, shaxmatchilarning yurak urishi, qon bosimi va terlashidan tortib, shaxmat taxtasi bo‘ylab yuritadigan ko‘z harakatlarini tomoshabinga yetkazib turuvchi maxsus texnologiya ham kiradi. Tomoshabin hatto o‘z mobilidagi maxsus app orqali grossmeyster "miyasiga kira olishi mumkin".

Men janob Polson bilan Londonda uchrashib, avvalo tadbir Toshkentda o‘tkazish qarori ortida qanday sabablar yotgani haqida so‘radim.

Polson: Avvalambor, Sovet Ittifoqi ajoyib shaxmat tarixiga ega bo‘lgan va O‘zbekiston ham Rustam Qosimjonovdek ajoyib shaxmatchilarni yaratib, bunda juda muhim rolь o‘ynagan. Shunday ekan, biz Rustamni ham o‘zimiz tashkil qilayotgan Gran-pri seriyamizga jalb qilishdan juda mamnunmiz. Bu Gran-pri seriyasi ikki oy avval Londondagi ilk tadbirimiz bilan boshlandi. Keyingisi Toshkentda 21 noyabrda ochiladi. Undan keyingilari kelgusi yil Lissabon, Madrid, Berlin va Parijda bo‘lib o‘tadi. Jahon kubogidagi ikki eng yaxshi o‘yinchi, gran-pri tadbirlaridagi eng yaxshi ikki o‘yinchi va reyting bo‘yicha eng yuqori turadigan ikki o‘yinchi, hamda eng oxirgi chempionlik matchida mag‘lub bo‘lgan o‘yinchi va biz qo‘shishimiz mumkin bo‘lgan "kutilmagan o‘yinchi" so‘ng 2014 yilda nomzodlar turnirida ishtirok etadilar. Nomzodlar turnirining g‘olibi esa 2014 yilning oxirida iqtidordagi jahon chempioniga qarshi chiqadi. Oddiy qilib aytadigan bo‘lsam, 2012 yilning sentyabrida Londonda boshlangan jarayon 2014 yil noyabrida yakuniga yetadi va Toshkent ana shu jarayon ichidagi bir bosqich.

BBC: Bu tadbirlar London, Parij, Berlin, Lissabon va Madrid kabi yirik jahon poytaxtlarida bo‘lib o‘tayapti, va ularning orasiga Toshkent ham qo‘shilgan. Ba‘zilarni bu hayron qoldirishi mumkin. Nima uchun Toshkentni tanladingiz?

Polson: O‘tgan 15-20 yil ichida shaxmat dunyosidagi aksar tadbirlar sobiq sho‘ro hududida, shaxmatga qiziqqan va halqaro obro‘sini oshirish manfaati bor shaharlarda bo‘lib o‘tdi. Bu, albatta, yaxshi narsa va mintaqa uchun shaxmat taraqqiyotini anglatadi. Lekin, bu holat shaxmatning xalqaro sahnada rivojlanishiga to‘siq bo‘ldi. Men bir yil avval shaxmatni dunyo bo‘ylab rivojlantirish borasida FIDE (Xalqaro Shaxmat Federatsiyasi) bilan kelishganimda, biz eng birinchi vazifalarimizdan biri shaxmatni sobiq sho‘ro hududidan tashqariga olib chiqish bo‘lishiga kelishdik. Buni jahondagi yirik shaharlarga yoyish fikri tug‘ildi. Shunday ekan, Toshkent eski tizimning oxirgi nuqtasi bo‘layapti...

Rustam Qosimjonovning Londondagi Gran-pri bosqichida qo‘li ustun kelmadi. Unga ikkinchi bosqichning Toshkentda o‘tishi qanchalar katta dastak bo‘ladi?

BBC: Demak, Toshkent tish-tirnog‘i bilan kurashib, yangi tizimga kirib olayotgan sobiq sho‘ro shahri bo‘layapti, shundaymi?

Polson: Huddi shunday. Lekin, menimcha, rangbaranglik hayotga zavq bag‘ishlaydi.

BBC: Xo‘sh, Toshkent yo O‘zbekiston nima foyda ko‘radi shaxmat Gran-prisidan?

Polson: Avvalambor, juda katta xalqaro matbuot diqqati Toshkentga qaratilgan bo‘ladi, bilishimcha, kamida 30-40ta xalqaro jurnalistlar ochilish va yopilish marosimlari uchun Toshkentga keladilar. Masalan, ikki oy avval Londonda o‘tgan Gran-priga jahon matbuotida qiziqish o‘ta yirik bo‘ldi. Shunday ekan, hech bo‘lmasa Gran-pri o‘tadigan ikki hafta davomida Toshkent jahon diqqat markazida bo‘ladi. Muhim joyi shuki, dunyo bo‘ylab shaxmat o‘ynaydigan va unga qiziqadigan odamlar soni juda katta. U - xalqaro sport. Bu tadbirlarni boshlaganimizdan beri ko‘p tadqiqotlar olib bordik. Kim yo qanday odamlar, qancha odamlar shaxmat o‘ynashi, yoki hatto shaxmat o‘ynamaydigan odamlar shaxmat haqida qanday fikrda ekani borasida ham ko‘p ma‘lumotga ega bo‘ldik. Masalan, Britaniyadagi YouGov ommaviy fikr so‘rovlari markazi biz uchun Britaniya, AQSh, Rossiya, Hindiston va Olmoniyada omma fikrini o‘rganib berdi. Misol uchun, Britaniyada aholining 70 foizi o‘z umri davomida qachondir shaxmat o‘ynagan bo‘lsa, 12 foizi hozir ham o‘ynar ekan. Amerikada bu 15 foiz, Olmoniyada 22 foiz, Rossiyada esa 42 foiz ekan. Mana shu odamlar butun dunyoda bo‘la turib, butun diqqatlarini Toshkentga qaratadilar. Bu millionlab odamlar degani. Ular juda qiziq, yaxshi ishlarda ishlaydigan, yaxshi aloqalarga ega bo‘lgan odamlar. Bu nafaqat O‘zbekiston g‘ururi uchun yaxshi, balki O‘zbekistonning muhim mustaqil millat sifatida tanilishi uchun ham ijobiy narsa bo‘ladi.

BBC: Toshkentda tadbiringizni tashkillashtirish qanchalar oson yo qiyin kechayapti?

Polson: Hammasi juda silliq kechayapti. Tadbir O‘zbekistonning yangi San‘at galereyasida bo‘lib o‘tadi. Barcha ishtirokchilarimiz ajoyib Miran mehmonxonasida turadilar. O‘zim ham Toshkentni ko‘rish va boshqa go‘zal o‘zbek shaharlarini ko‘rishni intiqib kutayapman. Avvallari Toshkentga faqat tushlarimda safar qilganman. Har bir anglo-sakson bola yoshligida "Katta o‘yin" haqida o‘qigan va 19-asrdagi sho‘rpeshona mustamlakachilarning Markaziy Osiyodagi sarguzashtlaridan boxabar. Men o‘zim Markaziy Osiyo siyosati, tarixi va madaniyatiga juda qiziqaman.

"Kirsan Ilyumjinov bilan fazo kemasida tanishdik. Men o‘zga sayyoralikman. "

BBC: Toshkentdagi Gran-pri qanday o‘tadi? Nimalar yuz beradi unda?

Polson: 21 noyabrda ajoyib ochilish marosimi bo‘ladi. 22 noyabrda o‘yinlar boshlanadi, odatda ular tushki 2-3da boshlanadi. Unda 12ta o‘yinchi va oltita o‘yin bo‘ladi. Bu doira tizimidagi musobaqalar bo‘ladi, shunday ekan o‘yinlar 11 kun davom etadi. Uch kun dam olish uchun beriladi. 14 kun oxirida g‘olib aniqlanadi. Umid qilishimcha, yopilish marosimida O‘zbekiston prezidenti va O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi prezidenti g‘olibga mukofotni taqdim qiladilar. Mukofot puliga kelsak, butun Gran-pri seriyasi uchun 1,5 million Yevro ajratilgan. Har bir tadbir uchun bu 240 ming Yevro atrofida bo‘ladi. Pulning ba‘zi qismi g‘olibga taqdim etiladi, qolgani esa yig‘ilib borib, butun seriya g‘olibiga tegadi. Trofey esa kumushdan yasalgan, juda chiroyli oltiburchak bo‘lib, u bugunda jahon shaxmatining yangi ramzi hisoblanadi.

BBC: Rustam Qosimjonov Londondagi Gran-prida ishtirok etdi, ammo g‘olib chiqmadi. Uning Toshkentdagi shansi qanday? O‘z uyingda o‘ynashning shaxmatda ahamiyati kattami?

Polson: Ishonishimcha, ikki o‘yinchi o‘rtasida o‘tadigan uzundan-uzun jang davomida, bu jangning qayerda o‘tishi va o‘z vatandoshlaring dastagi juda muhim bo‘ladi. Qiziq joyi shuki, Gran-pri seriyasidagi doira tizimidagi musobaqalar shunday o‘tadiki, siz o‘yinchi sifatida muayyan shaharga kelasiz, 12ta o‘yinchidan birisiz, 11ta raqibingiz bor va siz shu 11ta raqibning har biri bilan maydonga tushasiz. Shunchalar turfaxillik bo‘ladiki, siz kurashgan raqibingiz bilan so‘ngra ittifoqchiga aylanib, hali kurashmagan raqibingizga qarshi til biriktira boshlaysiz. Shu jihatda olsak, doira formatidagi musobaqada o‘z uyingda o‘ynash sizga ortiqcha dastak bo‘la olmaydi. Agar bittagina raqibga qarshi o‘ynashingizni bilsangiz, kunlab yo oylab bu raqibning tarixini va ojiz tomonlarini o‘rganasiz, lekin 11ta raqibga qarshi chiqish boshqa gap. Buning uchun baquvvat holatda bo‘lishingiz kerak.

BBC: Shaxmatchi baquvvat holatda bo‘lishi uchun nima qilishi kerak? Qanday tayyorlanadi u? Tosh ko‘tarmasa kerak?

Polson olib borgan tadqiqotlarga binoan, shaxmatga ommaning qiziqishi o‘ssa o‘sgan, lekin so‘nmagan

Polson: Avvalambor, juda yaxshi jismoniy holatda bo‘lish kerak. Shaxmatchilar suzish yoki yugurish bilan shug‘ullanadilar. Chunki shaxmat odamni jismonan juda charchatadi. Ularning ruhi tinch bo‘lishi muhim va ular o‘zlaridagi psixologik muvozanat buzilishiga yo‘l qo‘ymasliklari kerak. Shuningdek, tanadagi shakarning ko‘p yo ozligi, kofeinning ko‘p yo ozligi ham ta‘sir qiladi. Katta zarbadan o‘zlarini zudlik bilan o‘nglab olishlari uchun ularning tahlil qilish salohiyati kuchli bo‘lishi lozim. O‘yin soatlab, masalan, besh soat davom etishi mumkin. Shaxmatchilar charchaganidan bir turnir davomida ko‘p ozib qolishlari ham kuzatiladi. Bu jismoniy jihatdan juda ham talabchan sport. Soatlab yurak urushi yuqori bo‘lib qolishi mumkin.

BBC: Rustam Qosimjonov bilan Londonda uchrashdingiz. Uni qanday shaxs deya tasvirlagan bo‘lardingiz?

Polson: O‘zbekistonlik ikkita do‘stim bor. Ular juda bir-biriga o‘xshaydilar. Ular juda muloyim, chuqur fikr yuritadigan, mehribon odamlar. Rustam bilan tanishganimda, u ham huddi shunday inson bo‘lib chiqdi. Bu o‘zbeklarning bir milliy jihati bo‘lsa kerak.

BBC: Sizni jahon matbuotida shaxmat sohasida inqilob qiladigan arbobdek taqdim qilishayapti. Shu to‘g‘rimi?

Polson: Ko‘p jurnalistlar mendan shaxmatni 70-yillardagidek, Fisher va Spasskiylar davridagidek ommabop va mashhur qilishimga ishonishim yo yo‘qligi haqida so‘rashadi. Mening javobim esa - bugunda shaxmat 70-yillardagidan ham ommaboproq! Chunki shaxmatni o‘ynashning yangi yo‘llari tug‘ilgan va ko‘proq odamlar shaxmat o‘ynayapti. Kompьyuterlar deysizmi, mobil telefonlari, tablet kompьyuterlari, ijtimoy muloqot saytlari deysizmi, shaxmat o‘ynayman deysangiz, hech qanday to‘siq yo‘q. O‘zingizga teng raqibni qidirib shaxmat klubi yo shaxmat qahvaxonasiga borishga hojat yo‘q. Internetga kirsangiz, u yerda sizni 20 mingta raqib kutib o‘tirgan bo‘ladi. Xulosam shuki, shaxmat avvalgidan ham ommabop, lekin matbuotning diqqati biroz undan yiroqlashgan. Mening vazifam esa, ana shu diqqatni yana shaxmatga qaratish, shaxmatning buyuk tarixini yana yoritish, undagi dramani tiriltirib matbuotni hayajonlantirish, va bu o‘z o‘rnida ommaning qiziqishini yanada orttiradi.

BBC: Shaxmatni rivojlantirish uchun yangicha texnologiyalarni ham jalb qilayapsiz, shundaymi?

Polson: Ha, kelgusi yildan boshlab biz bir yangi texnologiyani tadbiq qilamiz, uning yordamida siz qayerda bo‘lishingizdan qat‘iy nazar, televizor, tablet kompьyuterlari, mobil telefoningizda shaxmatni grossmeyster ko‘zi bilan ko‘rishingiz mumkin bo‘ladi. Bu bir bionik vosita bo‘ladi. Masalan, avvaliga biz zaldagi tomoshabinlar qo‘liga tablet kompyuyetrlar va maxsus ko‘zoynaklar beramiz va keyinroq bu texnologiyani app sifatida mobil telefoningizga yuklab ham olishingiz mumkin bo‘ladi.

"Avvallari Toshkentga faqat tushlarimda safar qilganman. Har bir anglo-sakson bola yoshligida "Katta o‘yin" haqida o‘qigan va 19-asrdagi sho‘rpeshona mustamlakachilarning Markaziy Osiyodagi sarguzashtlaridan boxabar. "

BBC: Siz avvalambor tadbirkorsiz, va har bir tadbirkor uchun daromad muhim. Shaxmatdan qanday daromad olish mumkin?

Polson: O‘ylashimcha, ilm-fan olamidagi ko‘p kashfiyotlar singari, menda bir intuitsiya paydo bo‘ldi va men shuning ortidan bordim. Avvaliga, Jahon Shaxmat Federatsiyasi Prezidenti (sobiq Qalmikiya prezidenti) Kirsan Ilyumjinov bilan uchrashdim. Ikkimiz shaxmatni nufuzli va xalqaro sportga aylantirish uchun nima qilish lozimligi borasida ko‘p suhbatlashdik. O‘shanda men bu sportning salohiyatini sezdim. Boshqa tadbirkor, masalan, "agar salohiyati bo‘lsa, boshqalar shug‘ullangan bo‘lardi" deya qo‘l siltashi mumkin, lekin men darhol uni o‘z qo‘limga olishga qaror qildim. Keyin tadqiqot qila boshladim va shaxmat dunyosining ikir-chikirlarini o‘zim uchun kashf qildim. Uning tabiati, qiyinchiliklari, muammolariga qiziqdim. Bu sportga homiylik avvallari bir hayriya shaklida bo‘lgan, men esa unga haqiqiy tijoriy maqsadlari bo‘lgan yirik homiylarni jalb qilishni istadim. Chunki shaxmat uchun bugunda faqat mavhum sharaf yetarli emas. Shaxsan men, tadbirkor sifatida, bir shirkatni tuzsam, ilk yillarda biznesni qurish bilan shug‘ullanaman va daromad ko‘rish maqsadini o‘z oldimga qo‘ymayman. Ilk yillarda qilgan har qanday daromadni biz baribir loyihaga qayta sarmoya qilib kiritamiz. Biz haftalik teledastur yaratish, kompьyuter texnologiyalarini ishlab chiqarish, hashamatli va yirik shaharlarda tadbirlar o‘tkazishga juda ko‘p pul sarflayapman. Albatta, uzoq muddatli maqsad - bu biznesdan foyda ko‘rish.

BBC: Xalqaro Shaxmat Federatsiyasi Prezidenti Kirsan Ilyumjinov bilan yaqin ekansiz. U 2006 yilda o‘zga sayyoraliklar tomonidan o‘g‘irlab ketilgani va ularning fazo kemasida ular bilan shaxmat o‘ynaganini aytgan. Shunga siz ishonasizmi?

Polson: Ha, biz aynan o‘sha fazo kemasida tanishdik. Men o‘zga sayyoralikman.

-------------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.