BBC navigation

Qo‘shib yozishlar bois qozoq uni narxi yana ko‘tarilishi mumkin

Сўнгги янгиланиш 15 ноябр 2012 - 15:57 GMT

Qozog‘istonda bug‘doy hosilidagi qo‘shib yozishlar O‘zbekistondagi qozoq uni narxlarini yanada ko‘tarishi mumkin.

Qozog‘iston hukumati bug‘doy yetishtiruvchi shimoliy viloyatlar hosil cho‘g‘ini baland qilib ko‘rsatish uchun qo‘shib yozishlar bo‘lganini aniqlagan.

Mutaxassislar ushbu qo‘shib yozishlar qurg‘oqchilik yili tufayli kam bo‘lgan hosilning cho‘g‘ini yanada tushirib, narxlarni esa, aksincha, ko‘tarib yuborishi mumkinligini aytishadi.

Qozoq uni asosiy xaridorlaridan bo‘lgan O‘zbekistonda esa, ushbu mahsulot narxi o‘sishda to‘xtamayotir.

Tekshiruvlar

Qozog‘iston hukumati joylarda qo‘shib yozishlar haqidagi xabarlar oqimi ko‘payib ketgach, ushbu masalani tekshirishga kirishdi.

Fazodan tushirilgan suratlar orqali xulosaga kelgan komissiya vakillari joylarda bug‘doy hosili qog‘ozda ko‘rsatilganidan kam bo‘lgan degan xulosaga keldi.

Oldiniga Qishloq xo‘jalik vazirligi bu yilgi qurg‘oqchiik tufayli 15 million tonnaga yaqin hosil olamiz deya bayonot bergandi.

Tekshiruvlardan keyin esa, omborlarga 11 million tonnadan sal oshiqroq bug‘doy kelib tushdi degan ma‘lumot chiqdi.

Ushbu mavzuni bir necha marotaba ko‘targan "Kazax Zerno" axborot agentligi hosil cho‘g‘ining bundan ham past bo‘lishi mumkinligini aytadi.

"Fazodan hamma hosilni ko‘rib bo‘lmaydi, u yoqdan faqat umumiy ko‘rinish haqida xulosa qilish mumkin. Dalaga qarasangiz hosil yaxshiday, boshoqlar to‘liq, ammo aslida bug‘doy puch va ko‘ringanidan ancha kam salmoq bosadi. Muammoning negizi shu", deydi "Kazax Zerno" axborot agentligi bosh muharriri Viktor Aslanov.

Aslanov janoblari joylardagi mas‘ullar nima sabab qo‘shib yozishga qo‘l urganini bir so‘z bilan izohlash qiyinligini bildirdi. Unga ko‘ra, mahalliy rasmiylar biror mansab yo-da, orden umidida qo‘shib yozishlarga qo‘l urgan bo‘lishi mumkin.

Axborot agentligi bu yilgi haqiqiy hosil 10 million 300 ming tonnani tashkil qilganini ta‘kidlaydi.

Asosiy eksportchi

Qo‘shib yozishlar ortidan Qozog‘iston o‘zining eksport salohiyotini qaytadan ko‘rib chiqishi mumkin. Bu albatta chetga sotiladigan bug‘doy va un narxiga ta‘sir ko‘rsatadi.

Bundan tashqari don eksport qilish bo‘yicha mintaqada Qozog‘istonning raqobatchilari bo‘lgan Ukraina va Rossiya qurg‘oqchilik sabab eksportga taqiq qo‘yish arafasida turibdi.

Ukraina shu kunlarda chetga bug‘doyni sotishni taqiqlasa, Rossiya omborlarida xorijga sotish uchun 3-4 million tonna bug‘doy qolgani aytiladi.

Tujjorlar ushbu davlatlarda bug‘doy sotish taqiqlanishi bilan Qozog‘istonga yopirilishi va bu narx navolarning yanada ko‘tarilishiga sabab bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinadi.

Qozog‘iston o‘tgan yilgi hosil hisobiga eksport salohiyatini saqlab turibdi.

Qozoq unining narxlari esa, O‘zbekistonda o‘sishda davom etmoqda. O‘zbekistonlik iqtisodchi Jahongir Shosalimovga ko‘ra ayni damda 100 kilo qozoq unining narxi ulgurji bozorda davlat rasmiy kursi bo‘yicha 100 dollardan ko‘proqni yoki 200 ming so‘mni tashkil qilib turibdi.

"Qozog‘iston uni 1 iyundan keyin keskin ko‘tarilib ketdi. Ulgurji bahoda 60-70 ming sotilgan un, 100 ming so‘mga chiqib ketdi. Chakana bahosi ham kilosi 1800 so‘mdan sotiladigan qozoq uni 2400 so‘mga chiqib ketdi", - deydi Jahongir Shosalimov.

Ayni vaqtda Qozog‘istonning o‘zida 100 kilo unning bahosi 50 dollardan sal oshadi. Mutaxassislar qo‘shni bo‘lgan davlatlarning o‘rtasidagi narxlardagi farqni quyidagicha izohlaydi.

"Bu qozoq unini olib kirishga O‘zbekiston tomonidan qo‘yilgan 15 foizlik bojxona to‘lovi bilan bog‘liq. Albatta O‘zbekiston bug‘doy olib kirib , qozoq bug‘doyidan o‘z unini ishlab chiqarishni istaydi. Ammo, bu Qozog‘iston uchun uncha foydali emas", - deydi "Kazax Zerno" axborot agentligi bosh muharriri Viktor Aslanov.

Bundan tashqari o‘rtada turgan tujjorlar va boshqa to‘lovlar narxlarning ko‘tarilib ketishiga olib keladi.

Biroq, o‘zbekistonlik tadbirkorlar bozorbop mahsulot tayyorlash uchun O‘zbekiston uni qozoq uni sifatiga teng kelmasligini ta‘kidlashadi. Qozoq uni narxining oshishi ortidan tadbirkorlar vaziyatdan mahsulotning narxini ko‘tarish orqali chiqayotgani aytiladi.

"Albatta vaziyatni mahsulotining narxini oshirish orqali chiqayapti. 600 so‘mga sotiladigan nonlarning bahosi 800-900 so‘mga chiqib ketdi", - deydi Jahongir Shosalimov.
Jahongir Shosalimovga ko‘ra, hukumat narxlar o‘sishining oldini olish uchun chora tadbir ko‘rmayotir.

"Siyosiy nuqtai nazardan g‘alla mustaqilligiga erishganmiz degan bayonotlar berish orqali bizda Qozog‘istondan un olib kelish muammosi yo‘q, deb ko‘rsatishga harakat qiladi. Bor narsani yo‘q deb tasavvur qilishadi va bu narsani ko‘tarib chiqishni xayoliga ham keltirishmaydi", - deydi iqtisodchi Jahongir Shosalimov.

O‘zbekiston Qozog‘istondan bir yilda 1 million tonnadan ortiq un va bug‘doy mahsulotlari import qiladi.

Tashqi bozorga chiqish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri dengiz yo‘li bo‘lmagan Qozog‘iston o‘z hosilini asosan mintaqaga sotish bilan cheklanadi.

-----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.