BBC navigation

Chorrahada turgan Xitoy

Сўнгги янгиланиш 14 ноябр 2012 - 14:40 GMT

Bu yerda siz bilan suhbatlashgan har bir olim, har bir sharhlovchi, har bir blogger bir gapni aytadi: "Xitoy chorrahada turibdi".

Do‘konu qahvaxonalardagi oddiy odamlar ham ayni gapni takrorlaydi; ular ham ayni gapni sharhlovchi va bloggerlardan eshitgan bo‘lsalar, ajabmas.

Xo‘sh, bu jumla amalda nimani anglatadi? Bu - hech kim, hattoki o‘zini sharhlovchi deb atovchilar ham, nima yuz berishini bilmaydi, degani. Lekin barcha bir narsani aniq biladi - endi hech narsa avvalgisiday bo‘lmaydi.

Xullas, Xitoyda hokimiyat tepasiga yangi rahbarlar kelayapti.

Yangi rahbariyat ham ishni o‘tgan 20 yilda kelib ketgan ikki rahbariyat singari boshlaydi, ammo tez orada o‘ziga xos yo‘lni topib oladi.

Karaoke o‘yini

2002 yilda hukumat tepasiga kelgan yangi rahbariyat ham avval boshda hech narsa o‘zgartirmaganday edi. Xitoy G‘arb uchun, umuman olganda, do‘st sifatida ko‘rilardi o‘shanda.

Rahbarlikdan ketayotgan ikki arbob - Prezident Jang Zemin va Bosh vazir Ju Rongji - avval boshda xotirjam va munosabat qurish oson bo‘lgan shaxslar sifatida esda qoldilar.

Xorijga safar qilishar ekan ular hazil-huzilni qo‘yishmas, karaoke uchrab qoldi deguncha, imkoniyatni boy bermaslikka harakat qilishardi.

Ammo, ulardan keyin biz o‘n yil davomida Xitoyni qattiqqo‘llik va jiddiylik bilan idora qilgan Xu Jintao va Ven Jiabao rahbarligiga guvoh bo‘ldik. Xitoy iqtisodi va qudrati beqiyos darajada oshdi va G‘arbda ko‘pchilik unga xavf sifatida qaray boshladi.

1990 yilda NATO Belgraddagi Xitoy elchixonasini bombalar ekan sirtga Xitoy millatchiligining qahrli shakli qalqib chiqdi. O‘shandan buyon Xu Jintao rahbariyati bu kuchni davomli ruhlantirib keladi.

Ammo Xu-Ven yillarida farqli, ammo birday ahammiyatli kuch noxostan bo‘y ko‘rsatada boshladi. Bu davr ichida Xitoyda shaxs erkinliklari tasavvur qilib bo‘lmas darajada yaxshilandi.

Natijada shaharlarda yashayotgan yoshlarning ko‘pi uchun bugungi Xitoy otalari tasavvur qilgan kommunist mamlakat emas. Yoshlar uchun kommunistik g‘oyalar na ularning hayotiga va na kelajagiga aloqador.

"Boshqa bir dunyo"

Biz xuddi shunday jarayonni 1980-yillarda eski Sovet Ittifoqi va Sharqiy Ovro‘poda ko‘rgandik. O‘shanda Mixail Gorbachevning "qayta qurish" va "oshkoralik" g‘oyalari o‘z kuchini ko‘rsata boshlagandi.

Bugungi Xitoy 23 yil avvalgi Rossiya, Mojariston, Polsha yoki Chexoslovakiya singari emas albatta, biroq o‘rtada yalt etib ko‘zga tashlanadigan o‘xshashliklar bor.

Misol uchun, bir paytlar zavodu fabrikalar qad ko‘targan Pekinning 798 tumani bugun rassomlaru san‘at gallereyalari markaziga aylangan.

Bu yerda kommunizmni esga soluvchi yagona narsa - Mao Zedunni masxara qilgan turli suratu haykalchalardir.

Xuddi shunday narsalar 1980 yillar oxirida Moskvaning Izmaylova bozorida, Praga, Varshava va Budapeshtda paydo bo‘la boshlagandi. Faqat bitta farq bilan - u paytlar Stalin maxsara qilinardi.

798 tumandagi bugungi suhbatlar ham Sovet imperiyasi qulashidan avval Moskva ko‘chalarida bo‘lib o‘tgan suhbatlarni yodga soladi.

"Bu hukumatning menga hech qanday aloqasi yo‘q", - deydi bashang kiyingan yosh yigit menga qahvasini huplar ekan. - "U men uchun boshqa bir dunyo."

Haqiqatan ham, Kommunist Partiya qurultoyida saf tortib o‘tirgan qora shim-kostyumli, qizil galstukli deputatlar dunyosi 798 tumanda jam bo‘lgan g‘arbona rassomlar dunyosiga mutlaqo taaluqli emasday.

Har ikkala guruh ham Xitoy bizga taaluqli deb o‘ylashsa kerak, ammo Pekin tashqarisida yashayotgan yana bir milliarddan ko‘proq odam ikkala guruhga ham taaluqli bo‘lmasa shoyad.

Tarixiy o‘zgarish

Xitoyda yoshi o‘tib borayotgan partiya faollari va yosh intellektuallar o‘rtasidagi bo‘linish avvaliga Sharqiy Ovro‘poda va so‘ngra Rossiyaning o‘zida Marksizm-Leninizmning yiqilishiga yetaklagan avlodlar bo‘linishiga o‘xshaydi.

Bu bizni yana "chorrahalar" g‘oyasiga yetaklaydi.

Yangi prezident Si Tzinpin G‘arbni undan oldin o‘tgan rahbarlardan ancha yaxshiroq biladi. Uning qizi hozirda Qo‘shma Shtatlarda ta‘lim olmoqda, uning o‘zi ham bir muddat Amerikada yashagan.

To‘g‘ri, uning yakka o‘zi harakat qila olmaydi: Siga partiyaning boshqa rahbarlarini birga qadam tashlashga ko‘ndirishi lozim bo‘ladi.

Lekin, Xitoy iqtisodi kasodga uchradi, deb tasavvur qiling - unda yangi rahbariyat tashq dunyoni ayblash urinishlariga to‘sqinlik qila olishadimi?

Yoki Xitoy rivojlanishda davom etar va Kommunist Partiya tinchgina mamlakatni idora etaverar. Kim biladi deysiz?

Nima bo‘lganida ham, Xitoy Kommunist Partiyasining bu galgi qurultoyi tarix yo‘nalishini o‘zgartirib yuboradiganday tasavvurni uyg‘otmoqda. Bunday fikr menga oxirgi marta qachon kelgan bo‘lsa?

1988 yil, Moskva.


----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.


* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.