BBC navigation

Shvetsiya jurnalisti: TeleaSoneraga oid ma‘lumotlarimiz ishonchli

Сўнгги янгиланиш 5 ноябр 2012 - 16:23 GMT

Shvetsiya jurnalistlari Shvetsiya-Finlandiya mobil aloqa shirkati Teliasonera 4G mobil aloqa xizmati litsenziyasi uchun O‘zbekiston shirkatiga qo‘shimcha 55 million dollar pora berganligi borasidagi yangi da‘volar bilan chiqishgan.

Shvetsiyaning Sveriges Television - SVT telekanali kundalik dasturiga ko‘ra, Teliasonera bu pulni Gibraltarda ro‘yxatdan o‘tkazilgan Takilant shirkati bank hisobiga o‘tkazgan.

Yangi iddaolar Teliasonera Prezident Karimovning qizi Gulnora Karimovaga yaqin Gayane Avakyan rahbarlik qiluvchi Takilantga O‘zbekistondagi litsenziyasi uchun qariyb 300 million dollar to‘lagani borasidagi ayblovlar ustidan tekshiruvlar borayotgan bir paytda yangramoqda.

Manbaga ko‘ra, Karimova xonim Teliasoneraga bilvosita bog‘lanib, o‘ziga "ko‘proq pul" kerakligi haqida aytgan.

Shirkat esa, ayblovlar bo‘yicha izoh berishdan bosh tortgan. Biz Shvetsiya telekanali vebsahifasida chop etilgan yangi dastur muallifi Joachim Dyfvermarkga bog‘landik va yangi ma‘lumotlarni u qayerdan olgani haqida so‘radik:

Joachim Dyfvermark: Tadqiqotlarimiz davomida TeleaSonera ichida va atrofida faoliyat olib boruvchi odamlar bilan bog‘landik. Jarayonning eng boshlang‘ich qismida Teleosonera nafaqat 3G, balki 4G litsenziyasini ham so‘ragani ayon bo‘ldi. Bu ish shirkat 2007 yil O‘zbekistonda faoliyatini boshlaganidan 2-3 yil o‘tib amalga oshirilgan. Biz bir necha hafta oldin ham raqamlardan bexabar edik. Ular qo‘limizga kelib tushar ekan, TeleaSoneraning bankidan Takilant hisobiga o‘tgan pul 55 million dollar ekani ayonlashdi.

BBC: Sizda buni tasdiqlovchi biron bir dalil bormi, masalan, oldi-berdilar aks etgan bank hisobimi, xat va yo boshqa hujjat?

Joachim Dyfvermark: Agar biz bu ma‘lumotlar haqiqatligiga ishonmasak, chop qilmagan bo‘lardik. Manbalarimiz bilan shirkat bilan juda yaqin. Men o‘z manbalarimni himoya qilishimiz lozim, bu bois ham bundan ortiq tafsilotlarga bora olmayman. Ularning kimligi, TeleaSonera ichidagi ma‘lumotlarni olishga qanday imkonli ekanlari va yo bu ishlar tarixiga oid axborotlar yuzasidan izoh, meni kechiring, berolmayman.

BBC: Tadqiqotlaringiz davomida yana qanday yangi ma‘lumotlarni qo‘lga kirita oldingiz?

Joachim Dyfvermark: Bir necha hafta oldin bizni hayratga solgan narsa - 3G litsenziyasi uchun 250 million AQSh dollari olgan Takilant, ushbu litsenziya uchun qayd qilinmagan bo‘lgan. Ya‘ni, Takilant O‘zbekistonda 3G litsenziyasiga egalik uchun hech qachon ro‘yxatdan o‘tmagan, u litsenziya berish salohiyatiga ega bo‘lmagan. 3G litsenziyasi uchun "Teleson mobayl" deb nomlangan kichik shirkat qayd qilingan. Bu shirkat litsenziyani 2007 yil sentyabr-oktyabr oyilarida olgan, keyin uni TeleaSoneraga sotgan. Pul esa, xorijdagi Takilant shirkati bank hisobiga kelib tushgan. Hozirgi nuqtada biz "Teleson mobayl"ning egasi kimligini bilmaymiz. Ayrim manbalar:"Gulnoraning shirkatlaridan biri yo-da, Gulnoraga yaqin odamlar bu shirkatga egalik qiladi", deyishadi. Ba‘zilar esa, "Teleson mobayl"ning egasi Takilant ekanini aytishadi. Ayni paytda TeleaSonera bu ma‘lumot yuzasidan izoh berishni istamayapti.

BBC: Siz 2010 yil Gulnora Karimova TeleaSonera bilan bilvosita aloqaga chiqib, "o‘ziga ko‘proq pul kerakligi"ni aytganini da‘vo qilasiz. Bu "Gulnora Karimovaning o‘zi shaxsan bu oldi-berdilarga bosh qo‘shgan" degan to‘g‘ridan - to‘g‘ri ayblovmi?

Joachim Dyfvermark: Men bu ma‘lumotni to‘g‘irlashni istardim. Manbalar bizga: "Gulnora Karimova uchinchi shaxs orqali Ucell va TeleaSoneraga chiqdi va ular bir narsa sotish istagidaliklari haqida aytdi", deyishdi. O‘shanda ular nima sotib olishlari mumkinligi borasidagi savol o‘rtaga chiqqan. U paytda TeleaSoneraga 4G litsenziyasi kerak bo‘lmagan, lekin, ular bu litsenziyani sotib olishga rozi bo‘lishgan. Barcha ish vositachi orqali bajarilgan, Gulnora Karimovaning shaxsan o‘zi yaqinlashmagan. Manbalarimiz bizga shunday deyishdi. Ammo, o‘rtada turgan odam o‘zining Gulnora Karimova vakili ekanini aytgan.

BBC: Bizga ma‘lumki, bundan oldin Teliasonera shirkati O‘zbekistondagi mobil aloqa to‘lqinlaridan foydalanish va 3G litsenziyasi uchun Takilantga 2 milliard 200 million Shved kroni to‘lagani yuzasidan tekshiruvlar davom etmoqda, Siz ayni tekshiruvlar qanday borayotganidan boxabarmisiz?

Joachim Dyfvermark: Yo‘q. Shvetsiyada har qanday politsiya tekshiruvlari maxfiy kelishuvlar asosida olib boriladi. Politsiya va prokuror bu jarayonda biron bir ma‘lumotni ommaga oshkor qilishmaydi. Mahkamaga oshilgachgina bu rasmiy xabarga aylanadi. Undan oldin ma‘lumot olish imkonsiz.

BBC: Sizningcha, nima uchun TeleaSoneraning O‘zbekistondagi faoliyatiga bunchalar katta qiziqish bildirilmoqda? Shirkat nafaqat O‘zbekiston, balki Qozog‘iston, Belarus, Ozarbayjon kabi sobiq Sho‘ro davlatlarida ham faoliyat qiladi...

Joachim Dyfvermark: Bu ishda, menimcha, pulning hajmi, kelishuvlar qanday yo‘l bilan amalga oshirilgani sabab. Mazkur masala bilan qiziqqan har qanday odam bu yerda qandaydir qing‘irlik borligini anglashi qiyin emas. Biznes bu tariqa ishlamaydi. Shvetsiya davlatiga qisman tegishli bo‘lgan yirik bir shirkat offshor hududidagi xususiy shirkatga, uning vakillari va tuzum o‘rtasidagi aloqalarini tekshirmay turib, 250 million dollar to‘lamaydi. Agar xuddi shunday kelishuv Ozarbayjonda amalga oshirilganda ham, shunday katta hodisaga aylangan bo‘lardi. Ammo, bu, afsuski, O‘zbekistonda yuz berdi va kelishuv atrofidagi ahvol bu ish yuzasidan katta qiziqishlarga yetakladi.

---------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.