BBC navigation

Yulduzlarni O‘zbekistonga nima yetaklab boradi?

Сўнгги янгиланиш 31 октябр 2012 - 15:21 GMT

Fransalik mashhur kino yulduzi Jerar Depardening Gulnora Karimovaning kelgusi loyihasida ishtirok etishi aytilmoqda.

O‘zbekistondagi internet nashrlari xabarlariga ko‘ra, mamlakat Prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning navbatdagi loyihasida mashhur frantsuz aktyori Jerar Deparde ishtirok etadi.

Anglagan bo‘lsangiz kerak, bu galgi loyiha film va Gulnora Karimova stsenariy hammuallifi.

Bu haqda "Oltin gepard" Toshkent Xalqaro kinoforumining direktori ma‘lum qilgan.

Jerar Deparde Gulnora Karimova tadbirlarida ishtirok etishga rozi bo‘layotgan dastlabki yulduz emas.

O‘zbekistonning va Karimovlar oilasining jahondagi obro‘siga qaramay ularni mamlakatga yetaklab kelayotgan omillar nima?

Britaniyaninng O‘zbekistondagi sobiq elchisi, teatr va kino olami shaxsiyatlari bilan yaqindan tanish Kreyg Myurreyga ko‘ra yulduzlarni bu kabi tadbirlarda ishtirok etishga undaydigan asosiy omil moliyadir.

Kreyg Myurrey: Menimcha, pul uchun ko‘p narsaga rozi bo‘ladigan ba‘zi odamlar bor. Aksar yulduzlar ulkan mablag‘larni talab qiluvchi o‘ta hashamatli hayot tarziga egalar. Lekin Toshkentga borib, Gulnora Karimovaning tadbirlarida ishtirok etgan, ta‘bir joiz bo‘lsa yirik yulduzlar ro‘yxatiga qarasangiz, ular bir vaqtlar yirik yulduz bo‘lganlaru, ammo ularning eng yaxshi kunlari ortda qolgan yulduzlar ekanligiga guvoh bo‘lasiz. Mana masalan Stingni oling, u juda mashhur qo‘shiqchi edi. Lekin oxirgi 20 yil ichida bironta ko‘zga ko‘rinarli narsasi chiqamagan. Jerar Deparde esa albatta o‘ta mashhur aktyor, lekin oxirgi marotaba qachon biron yirik filmda o‘ynadi, eslay olasizmi? Xullas ular asosan bir vaqtlar mashhur bo‘lgan vaqtlari ega bo‘lgan hayot tarzini davom ettirish uchun mablag‘ manbaini topishga majbur bo‘layotgan shaxslardir.

BBC: Ular pul uchun keladilar, deyish bir qadar jo‘n talqin emasmikan. Ular hozirda yirik loyihalarda ishtirok etmayotgan bo‘lsalar ham o‘z obro‘lari haqida qayg‘urishsa kerak?

Kreyg Myurrey: Biz buni ulardan kutishimiz mumkindir. Lekin afsuski ular boshqa hamma narsadan ham ko‘ra ko‘proq pul haqida o‘ylaydilar. Bunday odamlar bor, yaxshiyamki ular balki ozchilikdir, lekin bor. Ikkinchidan, ular Toshkent kabi yerda biron narsa bo‘lsa ko‘pchilik bilmay qoladi, deb o‘ylashsa kerak. Matbuot bu mintaqaga ko‘p e‘tibor bermaydi, u yerlarda nimalar bo‘layotganidan xabar bo‘lmasa, ularning obro‘siga ham ko‘p zarar yetmaydi, deb umid qilishsa kerak.

Jerar Deparde Qozog'istonda bank reklamasi uchun ham pul olgan

BBC: Lekin masalan Stingning O‘zbekistonga safaridan so‘ng shov-shuv ancha katta bo‘ldi. U bu qadamga bilmasdan borganligini aytib, deyarli uzr so‘rashgacha bordi. Demak ular hamma narsa imida-jimida o‘tib ketishiga umid qilmaslar ham bo‘ladi?

Kreyg Myurrey: Sting o‘zini ahloqiy normalar asosida hayot kechiradigan shaxs qilib ko‘rsatishga uringani uchun, aynan uning holatida shov-shuv katta bo‘ldi. U siyosat, atrof muhitni saqlash va ahloqiy masalalar haqida ko‘plab bayonotlar bilan chiqqani uchun Karimov oilasidan pul olgani o‘ta ikki yuzlamachi qadam sifatida baholandi.

BBC: Mana shu kabi katta shov-shuvdan so‘ng ham yulduzlar baribir bu qadamga bormoqdalar. Ular saboq chiqarmayaptilar, deb o‘ylaysizmi?

Kreyg Myurrey: Aytganimdek, menimcha pul bu yerda asosiy omil. Chunki ularning O‘zbekistondagi tadbirlarda san‘at nuqtai nazridan biron muhim narsaga erishayotganlarini aytish qiyin. Menimcha, ular hali ham suvdan quruq chiqishga umid qilib borishadi. Lekin bir narsaga e‘tibor berish kerakki, Gulnora Karimova atrofidagilar katta yulduzlarni jalb qilib, uning obro‘sini oshirish yo‘lida, birgalikda rasmga tushirish uchun juda qattiq harakat qilishadi. Biz siz bilan bu kabi so‘rovlarga "yo‘q" deb javob bergan yulduzlarni ko‘rmaymiz. Bundaylarning ham soni talaygina. Masalan, men bilamanki, o‘tgan oy Karimovaning odamlari mashhur dizayner Viv‘en Vestvudning O‘zbekistonga kelishi uchun qattiq harakat qildilar. Viv‘en ochiqchasiga yo‘q, deb javob berib, O‘zbekistonda demokratiya yo‘qligi va inson huquqlari buzilishi haqida oshkorona maktub yo‘llagan. Xullas biz rozi bo‘lgan ozlichilikni ko‘rib, yo‘q, deb javob bergan ko‘pchilikni ko‘rmaymiz.

BBC: Lekin aktyorlar va boshqa yulduzlar siyosat va inson huquqlari bilan qiziqishlari kerak, deb o‘ylaysizmi? Ularning sohasi boshqa bo‘lsa?

Kreyg Myurrey: Ha, hammaning ham ishi va pul ishlash yo‘li bor. Boshqa tomondan jahonda hech bir mamlakatda inson huquqlari ahvoli risoladagidek emas. Lekin buning darajasi qanday shunisi muxim. O‘zbekistonda aksariyat zo‘rg‘a kun ko‘rayotgan va yosh bolalar og‘ir sharoitlarda yashab, paxta terishga majburlanayotgan vaqtda, aktyorlar borib, aslida halqqa tegishli bo‘lgan pullarni, Karimov oilasi tomonidan xalqdan olib qo‘yilgan va o‘z obro‘larini oshirish uchun ishlatishga sarflanayotgan pullarni cho‘ntaklariga solishlari - bu mutlaqo ahloqsiz narsa va kim tomonidan bo‘lmasin yo‘l qo‘yilishi kerak bo‘lmagan holatdir.

-------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

Yana ushbu mavzuga oid

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.